Asosiy menu

Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, davlat ulushi saqlanib qolayotgan ayrim tarmoqlar va yirik korxonalarda bozor mexanizmlariga o‘tishning kechikayotganligi yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish o‘rinlari yaratishga to‘sqinlik qilmoqda.

Davlat ishtirokidagi korxonalarda iste’molchiga yo‘naltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyati to‘liq o‘rganilganligi va iqtisodiyotda davlat ishtirokidagi korxonalarning ulushini keskin qisqartirish va ularning faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

Quyidagilar:

Transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari va xo‘jalik birlashmalari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

Korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etiladigan, operatsion samaradorligi oshiriladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

Xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

Davlat aksiya paketlari (ulushlari) to‘lig‘icha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladigan korxonalar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

Xususiy sektorga sotiladigan davlat ko‘chmas mulki ob’ektlari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Moliya vazirligi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 24 ta shtat birligidan iborat Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) tashkil etilsin. Mazkur shtat birliklari moliya va davlat soliq xizmati organlarining 12 tadan shtat birligini qisqartirish hisobidan shakllantirilsin.

Departamentning asosiy vazifalari etib mazkur Farmonning 1-ilovasida keltirilgan davlat ishtirokidagi korxonalarda quyidagilarni amalga oshirish belgilansin:

Moliya vazirligi tomonidan davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi, mulkdor) vakolatlari va funksiyalarini amalga oshirishni tashkil etish;

2021 yil 1 aprelga qadar 2019-2020 yillar uchun moliyaviy hisobotlarni xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asosida tayyorlash hamda xalqaro kredit reytinglarini olish grafigini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish;

2021 yil 1 aprelga qadar har bir korxona uchun nufuzli xalqaro konsalting tashkilotlarini tanlov asosida jalb qilgan holda moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqish;

2021 yil 1 iyulga qadar xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan o‘tkazish hamda «muvofiqlik tizimi» (komplaens) va korrupsiyaga qarshi xizmatlarni shakllantirishni nazarda tutadigan zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish;

2021 yil 1 iyulga qadar kuzatuv kengashlariga va korxonalar boshqaruviga xalqaro tanlov asosida chet ellik soha mutaxassislarini (jumladan, vatandoshlarni) faol jalb etish orqali kuzatuv kengashlari tarkibining kamida 30 foizini va korxona boshqaruvining kamida 3 nafar rahbar xodimini malakali xalqaro mutaxassislar bilan to‘ldirish.

3. Moliya vazirligi mazkur Farmonning 1-ilovasidagi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) ushbu Farmonning 2-ilovasidagi davlat ishtirokidagi korxonalar bo‘yicha:

2021 yil 1 yanvarga qadar Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda xalqaro standartlarga muvofiq qayta baholanadigan konlar (davlat zaxiralari) ro‘yxati va «yo‘l xaritalari»ni tasdiqlasin;

2021 yil 1 fevralga qadar 2021 yil uchun korxonalarning budjet loyihasini ishlab chiqsin;

2021 yil 1 iyulga qadar 3 yillik biznes rejalarini (joriy faoliyati, investitsiya loyihalari va ularni moliyalashtirishning aniq manbalari, shu jumladan, xalqaro moliya bozorlari mablag‘lari hisobidan, moliyaviy modeli) ishlab chiqishni ta’minlasin;

2021 yil 1 iyulga qadar korxonalarning barcha investitsiya loyihalarini xatlovdan o‘tkazib, boshlanmagan hamda moliyaviy manbalari aniq bo‘lmagan loyihalarni to‘xtatish choralarini ko‘rsin.

Vazirlar Mahkamasi (J.Qo‘chqorov) 2021 yil 1 yanvarga qadar mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ushbu Farmonning 1 va 2-ilovalaridagi har bir korxona kesimida «yo‘l xaritalari»ni tasdiqlasin.

4. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Agentlik:

2020 yil 1 dekabrga qadar raqobat muhitiga ta’sir qiladigan imtiyoz va preferensiyalarni xatlovdan o‘tkazib, ularni bekor qilish bo‘yicha qaror loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

mazkur Farmonning 1 va 2-ilovalarida keltirilgan korxonalarni transformatsiya qilish jarayonlari bilan birgalikda ular faoliyat yuritadigan sohada bozor munosabatlari tamoyillariga to‘liq o‘tish, raqobat muhitini shakllantirish hamda xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin;

2021 yil 1 yanvarga qadar Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda «O‘zagroservis» va «O‘zagrokimyohimoya» aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, ularning faoliyatini bozor tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yish va sohada xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

5. Moliya vazirligiga Departament faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha va Agentlikka quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilsin:

tanlov asosida xalqaro miqyosda yetakchi bo‘lgan konsalting, audit, «xedxanter» va boshqa zarur kompaniyalar va ekspertlarni jalb qilish hamda ular bilan shartnomalar tuzish;

loyiha ofislarini tashkil etish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va moliyaviy ta’minlash (budjet, davlat ishtirokidagi korxonalarning mablag‘lari, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning grant va qarz mablag‘lari).

6. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi (A.Aripov) 3-ilovada keltirilgan xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari orqali ommaviy savdolarga chiqariladigan davlat aktivlarining har biri bo‘yicha:

2020 yil 15 noyabrga qadar ishchi guruhlari shakllantirilishini;

2021 yil 1 fevralga qadar xususiylashtirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish uchun konsalting tashkilotlari jalb qilinishini va amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishini;

2021 yil 1 iyulga qadar korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning manzilli dasturlari ishlab chiqilishini ta’minlasin.

7. Vazirlar Mahkamasi (A.Ramatov), Qurilish vazirligi (B.Zakirov, Sh.Hidoyatov), Agentlik (S.Bekenov) ikki oy muddatda mazkur Farmonning 3-ilovasida keltirilgan davlat ishtirokidagi loyiha-tadqiqot tashkilotlarini qayta xatlovdan o‘tkazib, ularni xususiylashtirishga tayyorlash, loyiha-tadqiqot va qurilish sohasidagi nufuzli tashkilotlarga sotish hamda xususiylashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni tasdiqlasin.

8. Mazkur Farmonning 4-ilovasidagi davlat aksiya paketlari (ulushlari) to‘lig‘icha ommaviy savdolarga chiqarilishini samarali tashkil etish bo‘yicha mas’ul shaxslar ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

9. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining yangilangan tarkibi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi (A.Aripov)ga:

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda:

mahalliy va xorijiy investorlarni hududlarda sotuvga chiqariladigan davlat aktivlari bilan tanishtirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rish;

xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlarini tashqi infratuzilma tarmoqlari bilan uzluksiz ta’minlash;

xususiylashtirishdan keyin korxonalarning to‘liq quvvatda ishlashi va samarali faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha shart-sharoitlarni yaratish;

investorlarni jalb qilish bo‘yicha boshqa zaruriy choralarni ko‘rish topshirilsin;

b) mazkur Farmonning 4-ilovasidagi korxonalar sof aktivlarining davlat aksiya paketlari (ulushlari)ga nisbatan proporsional qiymati

100 million so‘mdan oshmasa, ularni istisno tariqasida, sof aktivlarining proporsional ulushiga teng (sof aktivlari ustav kapitalidan kam bo‘lganda nominal) qiymatda ommaviy savdolarga qo‘yib borish topshirilsin;

v) Agentlik tomonidan 2020 yil 1 noyabrdan boshlab mazkur Farmonning 4 va 5-ilovalariga muvofiq korxonalar aksiya paketlari (ulushlari) va ko‘chmas mulk ob’ektlarining ommaviy savdolarga chiqarilishini ta’minlash topshirilsin;

g) quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berilsin:

mazkur Farmonning 4 va 5-ilovalaridagi davlat aksiya paketlari (ulushlari), ko‘chmas mulk ob’ektlari baholangan narxda ommaviy savdolarda uch oy muddat davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlang‘ich narxini Agentlikning taklifiga asosan qayta belgilash;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan sotilishi belgilangan davlat aktivlarini sotish shartlari va shakllarini belgilash;

ko‘chmas mulk ob’ektlari va kelgusida shakllanadigan davlat aksiya paketlari (ulushlari) hamda davlat korxonalarini xususiylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish, ularni sotish shartlari, savdo turi va ommaviy savdolardagi boshlang‘ich narxini belgilash.

11. Belgilansinki, mazkur Farmonning 4-ilovasiga kiritilgan korxonalar:

davlat aksiya paketlari (ulushlari) bitta lot asosida savdoga chiqariladi;

sof aktivlarining proporsional ulushiga teng (sof aktivlari ustav kapitalidan kam bo‘lganda nominal) qiymatda ommaviy savdolarga chiqarilgan qiymati 100 million so‘mdan oshmagan davlat aksiya paketlari (ulushlari) uch oy davomida sotilmagan taqdirda, ulushlar «1 so‘m» boshlang‘ich narxda, aksiya paketlari «1 ta aksiya – 1 so‘mdan bitta lot» tamoyili asosida qayta savdoga chiqariladi.

12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

davlat ob’ektlarini «nol» xarid qiymatida sotish amaliyoti bekor qilinadi va ular o‘z vakolati doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari hamda Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasining qarorlariga asosan investitsiya hamda ijtimoiy majburiyatlar asosida «1 so‘m» boshlang‘ich qiymatda ommaviy savdolarga chiqariladi;

davlat unitar korxonalari xo‘jalik jamiyatlariga o‘zgartirilgan holda ularning davlat aksiya paketi (ulushi) sotiladi;

mazkur Farmonning 4-ilovasidagi davlat unitar korxonalarini xo‘jalik jamiyatlariga o‘zgartirishda ularning ustav kapitali xatlov va baholash o‘tkazmagan holda soliq organlariga topshirilgan oxirgi buxgalteriya balansi ma’lumotlari asosida sof aktivlari qiymatida, sof aktivlari manfiy bo‘lgan taqdirda, korxona ustav kapitali miqdorida belgilanadi;

davlat aktivlarini sotib oluvchilar to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida amalga oshirishi mumkin;

davlat ulushlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olish shartnomalari doirasida belgilangan grafikka asosan qisman to‘lovni amalga oshirgan xaridorlarga to‘liq to‘lovlar amalga oshirilgunga qadar ulush qiymatining to‘langan qismiga mutanosib ravishda jamiyat boshqaruvida ishtirok etish va dividendlar olish huquqi asosida «tasarruf etish huquqisiz» egalik sertifikati beriladi;

davlat ko‘chmas mulki ob’ektlarini sotib olish shartnomalari doirasida qisman to‘lovni amalga oshirgan xaridorlarga sotib olish to‘lovini to‘liq amalga oshirgunga qadar «tasarruf etish huquqisiz» davlat orderi beriladi.

13. Agentlik Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda uch oy muddatda bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda:

bozorlar va savdo komplekslari ahamiyatidan kelib chiqqan holda, Agentlik va uning hududiy boshqarmalari qoshida bozor va savdo komplekslarini sotishdan oldin tayyorlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish;

ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo‘lgan bozor va savdo komplekslarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, sanitariya-gigiena talablari darajasida saqlash, bozor faoliyati uchun zarur infratuzilmani shakllantirish;

bozor va savdo komplekslaridagi xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash nazarda tutilsin.

14. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.Umurzoqov, L.Qudratov, Sh.Vafaev) Agentlik bilan birgalikda:

a) mazkur Farmonga muvofiq sotiladigan korxonalar aksiya paketlari (ulushlari) va ko‘chmas mulk ob’ektlari bo‘yicha:

ommaviy savdolarga chiqarishdan oldin mahalliy va xalqaro investorlarni jalb qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda salohiyatli investorlarni jalb qilish uchun muntazam ravishda uchrashuv, muloqot va taqdimotlar («Road Show») o‘tkazsin;

mazkur Farmonning 3-ilovasidagi davlat ishtirokidagi korxonalarga ilg‘or tajribaga ega salohiyatli xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha manzilli ishlarni tashkil qilsin;

b) 2021 yil 1 fevralga qadar xorijiy tajribani o‘rgangan holda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatiga tashqi boshqaruvni joriy etish hamda ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Agentlik:

Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasining chet elda joylashgan davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish, shu jumladan, ularni sotish, ijaraga yoki ishonchli boshqaruvga berish;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi, tegishli vazirlik, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda uch oy muddatda davlat ulushi ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalar va tijorat banklarining asosiy faoliyatiga mos bo‘lmagan aktivlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni ommaviy savdolar orqali sotish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:

muassasa sifatida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini;

filial ko‘rinishida qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini;

davlat ulushi saqlab qolinadigan korxonalar ro‘yxatini;

tugatish yoki bankrotlik taomillarini qo‘llash tashabbusi bilan chiqiladigan istiqbolsiz, faoliyat ko‘rsatmayotgan, zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini tasdiqlasin.

17. Agentlik Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda «E-ijro auksion» yagona elektron savdo maydonchasida o‘tadigan ommaviy savdolar jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, sub’ektiv yondashuvlarni to‘liq istisno qilish va xaridorlarga qulaylik yaratish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin:

2021 yil 1 yanvarga qadar yagona elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan savdolar tartib-taomillarini birxillashtirish bo‘yicha yagona tartibni tasdiqlash va uning asosida davlat organlari bilan o‘zaro integratsiya qilingan savdo maydonchasining takomillashtirilgan dasturiy ta’minotini ishga tushirish;

2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha auksion savdolari natijalarini QR-kodni qo‘llash orqali rasmiylashtirish;

davlat ko‘chmas mulki ob’ektlari va ulushlarini sotish bo‘yicha takroriy auksion savdolarini har 10 kalendar kunda bir marotaba davriylikda amalga oshirish;

xaridorlarning takliflarini auksionda lotlar e’lon qilingan paytdan boshlab qabul qilish;

davlat aktivlarini sotish shartlariga muvofiq bo‘lgan buyurtmanoma faqat bir nafar talabgor tomonidan berilgan bo‘lsa, ushbu yagona ishtirokchi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzish, bundan «1 so‘m» boshlang‘ich narxda savdoga chiqarilgan davlat ulushi va ko‘chmas mulk ob’ektlari mustasno.

18. Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlari va aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va yoritishga qaratilgan media-rejani tasdiqlasin va uning ijrosini ta’minlasin.

19. Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) Bosh prokuratura bilan birgalikda davlat aksiya paketlari (ulushlari)ni sotib olgan investorlarning, shu jumladan, minoritar aksiyadorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini, ularni jamiyat boshqaruv organida ishtirok etishida to‘sqinlik qiluvchi holatlar aniqlanganda qonunchilikda belgilangan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’minlasin.

20. Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2020-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasdiqlash uchun kiritsin;

2020 yil 1 dekabrga qadar «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi va «Xususiylashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqsin va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritsin;

uch oy muddatda xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini xatlovdan o‘tkazib, unifikatsiya qilgan holda xususiylashtirish to‘g‘risidagi yangilangan nizomlarni tasdiqlasin.

21. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

22. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti                                Sh.Mirziyoyev