Asosiy menu

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimiz tarixida oʻchmas sahifa ochgan buyuk istiqlol tufayli Oʻzbekiston oʻtgan davr mobaynida jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallab, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil ilgarilab bormoqda.

Bugungi kunda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini taʼminlash, Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Biz uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan vazifalar – aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, tadbirkorlik va xususiy mulk rivojiga keng imkoniyat ochib berish, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishga qaratilgan dasturlarimizning ijobiy natijalari nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Xalqimiz uchun eng ulugʻ, eng aziz ayyom, erkin, obod va farovon hayot qurish yoʻlidagi barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimizning asosiy manbai boʻlgan Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligini katta tayyorgarlik bilan kutib olish, bu qutlugʻ sanani uning mohiyati va ahamiyatiga, xalqimizning fidokorona mehnati, ezgu orzu-intilishlariga munosib tarzda nishonlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda «Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!» degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.

Ushbu dasturda 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» davlat dasturi, «Obod qishloq», «Obod mahalla», «Har bir oila – tadbirkor», «Yoshlar – kelajagimiz», «Besh ijobiy tashabbus» kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning maʼno-mazmuni va ruhi mujassam etilishiga alohida eʼtibor qaratilsin.

Ayniqsa, oxirgi yillarda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning mazmun-mohiyati, jamiyatimiz qiyofasi butunlay oʻzgargani, bu ijobiy oʻzgarishlar yurtdoshlarimiz hayotida oʻz ifodasini topayotgani, xalqimizning turmush darajasini, ongu tafakkuri, bilim va madaniyatini oshirish boʻyicha qilingan ishlarni konkret dalil va misollar, chuqur ilmiy tahlillar va ekspertlik baholari orqali mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyatga egadir.

3. Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab aholining keng qatlamlari oʻrtasida maʼrifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular boʻyicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali oʻtkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va sanʼatkorlardan iborat targʻibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi taʼminlansin.

Bu tadbirlarni tashkil etishda mamlakatimizni modernizatsiya qilish, turli soha va tarmoqlarni liberallashtirish borasida qoʻlga kiritilgan yutuq va natijalar bu yoʻldagi dastlabki qadamlar ekanini taʼkidlagan holda, balandparvozlik, rasmiyatchilik va yuzakilik holatlariga yoʻl qoʻymasdan, xolislik va haqqoniylik tamoyillari asosida ish olib borishga alohida eʼtibor qaratilsin.

4. Respublika komissiyasi oʻz yigʻilishlarida belgilangan chora-tadbirlar mamlakatimiz poytaxti, viloyat va tumanlarida qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borsin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar boʻyicha yuksak mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etadigan eng yaxshi qoʻshiq va musiqa asarlari uchun «Yagonasan, muqaddas Vatan!» respublika tanlovining yakuniy bosqichini oʻtkazsin.

Tanlov gʻoliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilinsin va taqdirlansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda «Eng ulugʻ, eng aziz», «Ranglar jilosida – ona diyor», «Vatan uchun yashaylik!» kabi anʼanaviy koʻrik-tanlovlarni yuqori darajada oʻtkazishni taʼminlasin.

8. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, «Dunyo» axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 8-iyul


O'zA