Asosiy menu

Qoraqalpogʻiston gʻallakorlari davlatga gʻalla topshirish rejasini bajardi

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2019-yil hosili uchun oʻtgan yili 53 ming gektar maydonga gʻalla ekilgan edi. Shundan 2 ming 729 fermer xoʻjaligi tomonidan davlatga 102 ming 110 tonna don topshirish boʻyicha kontraktatsiya shartnomasi tuzildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-maydagi «2019-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlarini oʻz vaqtida nest-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi bayonnomasida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida oʻrim ishlarida 190 ta yuqori unumdor kombayn biriktirilib, har biri otryad uslubida ish olib borildi. Shuning natijasida bugungi kunga 49 ming gektar maydondagi gʻalla oʻrib olindi. Hosildorlik gektariga 54-55 sentnerdan toʻgʻri keldi. Shundan davlatga 105 ming tonna don topshirilib, reja 103 foizga bajarildi.

Bugungi kungacha Beruniy, Amudaryo, Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Taxiatosh, Xoʻjayli va Nukus tumanlari davlatga gʻalla topshirish rejalarini bajarib, yuqori koʻrsatkichga erishdi.

Amudaryo tumanidagi «Xilola Radjapova», Ellikqalʼa tumanidagi «Burgutqalʼa saodati», Toʻrtkoʻl tumanidagi «Obod Toʻrtkoʻl», Beruniy tumanidagi «Oʻrazboyev Mansur», Taxiatosh tumanidagi «Tureyev Sultamuratbiy», Nukus tumanidagi «Iqlas Oʻrinboy» fermer xoʻjaliklari hosildorlikni 70-80 sentnerga yetkazdi.

Ayni paytda gʻalla dalalarida oʻrim ishlari davom etmoqda.

OʻzA