Asosiy menu

Buxoro viloyati g‘allakorlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib davlatga don sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi

O‘rtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etdi. Bug‘doy maydonlari o‘tgan yilga qaraganda bir muncha qisqargan bo‘lsa-da, yalpi xirmon salmoqli bo‘ldi.

O‘tgan yil kuzda viloyat g‘allakorlari 63,1 ming gektar yerda mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos «Krasnodar – 99», «Vassa», «Grom» kabi ertapishar va serhosil navli urug‘larni obi-tobida ekib, undirib oldi. Ekinlar zamonaviy texnologiyalar asosida parvarish qilinishi samarasida baravj rivojlangan maysa tuplarida boshoqlar bo‘liqligi ta’minlanib, kutilgan hosil yetishtirildi.

Viloyatda don o‘rim-yig‘imiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Hosilni nest-nobud qilmay, qisqa fursatlarda yig‘ishtirib olish uchun 384 operator va uning yordamchisi xizmat ko‘rsatadigan 192 otryad tashkil etildi. Dalalar o‘rimga puxta tayyorlangani va ishning oqilona tashkil etilgani kombaynlarning unumli ishlashini ta’minlamoqda.

E’tiborlisi, bu yil o‘tgan mavsumdagidan ancha qisqa, ya’ni o‘n yetti kundashartnoma rejasi bajarildi. Bunda Vobkent, Peshku, Romitan, Jondor, Qorovulbozor kabi tumanlarning hissasi katta bo‘ldi. O‘rib olingan 24 ming 530 gektardan ziyod maydonda o‘rtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etdi. Peshku tumanidagi «Fattoyev», Jondor tumanidagi «Bo‘ston Nazar», Romitan tumanidagi «Muhsin», Vobkent tumanidagi «Malik Sharif Shukur», Shofirkon tumanidagi «Sherali Qodir» fermer xo‘jaliklarida bu ko‘rsatkich 68-93 sentnerga yetdi.

Viloyatdagi g‘alla yetishtiruvchi 3 ming 583 fermer xo‘jaligining 2400 ga yaqini davlatga don sotish shartnoma rejasini oshirib bajardi.

– Bahorda ob-havo bir muncha nobop kelgani dehqonga qiyinchilik tug‘dirdi, – deydi Peshku tumanidagi »Fattoyev» fermer xo‘jaligi rahbari Yoqub Fattoyev. – Lekin qo‘shimcha ishlov berish, mineral o‘g‘it va boshqa resurslarning davlat tomonidan o‘z vaqtida yetkazib berilishi hamda astoydil mehnat hisobiga mo‘l hosil yetishtirildi. Davlat xirmonigashartnomadagi 65 tonna o‘rniga 77 tonna don to‘kdik. Hosildorlik 93 sentnerga yetkazildi. Hali 8 gektar o‘rilmagan g‘allazor bor. Undan yig‘ishtirib olinadigan 70 tonnadan ziyod hosil xo‘jalik omborida qoladi. Bu xirmondan ishchilarimiz mehnat hissasiga qarab bahramand bo‘ladi. Umuman, joriy yilda g‘allachilikdan yaxshi samara ko‘ramiz. Bug‘doy xarid narxi oshgani va yerni sug‘orishda nasos agregatini ishlatish uchun sarflangan elektr energiyasi xarajatlari davlat tomonidan qoplanishi tufayli 60 million so‘m sof foyda olamiz. Bu o‘tgan yildagidan uch barobar ko‘pdir. Paxtachilikdagi ko‘rsatkichlarimiz ham bundan yuqori bo‘ladi.

Viloyat g‘allazorlarida kombaynlar to‘la quvvat bilan ishlamoqda. Ular yana 37 ming gektardan ziyod maydondagi hosilni yaqin kunlarda yig‘ishtirib olishni nihoyasiga yetkazadi. Bug‘doydan bo‘shagan maydonlarning bir qismiga mosh, loviya hamda ozuqabop ekinlar ekilmoqda. Bu to‘kinchilik, qo‘shimcha daromad degani.

UzA