Asosiy menu

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5969-son va 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5978-son farmonlariga muvofiq, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyoz va preferensiyalar berildi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar xodimlariga ish haqi, shuningdek, pensiya, stipendiya va nafaqalarning uzluksiz to‘lab berilishi ta’minlandi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida asosiy daromad manbalarini yo‘qotgan shaxslarni, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash maqsadida:

1. Belgilansinki, 2020 yil 1 apreldan 2020 yil 1 oktabrga qadar:

a) O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondiga, «Saxovat va ko‘mak» fondiga, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga, shu jumladan, ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi bo‘linmalariga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan jismoniy shaxslarga beg‘araz beriladigan:

pul mablag‘lari va tovarlar (xizmatlar)ga foyda solig‘ini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaraladi;

tovarlar (xizmatlar) qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solish ob’ektiga kiritilmaydi;

b) O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondidan, «Saxovat va ko‘mak» fondidan, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondidan, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan beg‘araz yordam (pul mablag‘lari, tovarlar va xizmatlar)ga, agar yordam oluvchi shaxslar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shakllantiriladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan jismoniy shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi;

v) jismoniy shaxslarga turar joylarini jismoniy shaxslarga va koronavirus pandemiyasi davrida faoliyati to‘xtagan tadbirkorlik sub’ektlariga noturar joylarni ijaraga berishdan olingan jismoniy shaxslardan olinadigan daromadlar bo‘yicha soliqni foizsiz kechiktirib to‘lash huquqi beriladi. Bunda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash bo‘yicha berilgan kechiktirish summasi 2021 yil 1 aprelga qadar muddatgacha teng ulushlarda to‘lanishi lozim;

g) lizing korxonalari tomonidan hisoblangan va kechiktirilgan lizing bo‘yicha foiz daromadlari summasi foyda solig‘ini hisoblashda kechiktirish berilgan davrdagi jami daromad tarkibiga kiritilmaydi;

d) tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash Davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish tartibi tadbirkorlik sub’ektlarining amaldagi kredit shartnomalariga ham tatbiq qilinadi.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2020 yilda xodimga to‘lanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘iga tortilmaydigan moddiy yordam summasi mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 4,22 baravaridan 7,5-baravarigacha oshiriladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligining pensiyalar to‘g‘ri tayinlanishi hamda to‘lanishi bo‘yicha tekshirishlar natijasida aniqlangan, ortiqcha to‘langan pensiyalar bo‘yicha 2020 yil 20 aprel holatiga pensionerlarning qarzdorlik summasini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki, 2020 yil 1 maydan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga (O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan pensiya oluvchi shaxslardan tashqari) pensiyalar to‘lovi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi.

5. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–5978-son Farmonining 6-bandida nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda soliqlarni to‘lash bo‘yicha foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berish muddati 2020 yil 31 dekabrgacha uzaytiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) berilgan va kelgusida to‘lanadigan soliq summalarini to‘lash bo‘yicha muddatni mustaqil ravishda, biroq ikki yildan oshirmasdan belgilash huquqiga ega ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

6. Moliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                                 Sh.Mirziyoyev



prezident.uz