Asosiy menu

Klasterlar rivoji uchun imkoniyatlar kengaytiriladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27-oktabr kuni qishloq xo‘jaligida klaster tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qo‘llab-quvvatlagani uchun xalqimizga minnatdorlik bildirib, saylovoldi dasturida aytilgan barcha maqsad va vazifalar albatta amalga oshirilishini ta’kidladi.

Jumladan, qishloq xo‘jaligida ham ulkan rejalar belgilangan. Kelgusi besh yilda hosildorlikni kamida 2 barobar ko‘tarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, soha eksportini 7 milliard dollarga yetkazish, aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirish maqsad qilingan.

Bunda klasterlar asosiy tayanch va yetakchi bo‘ladi. Bu tizim qisqa vaqtda katta o‘zgarishlarga zamin yaratdi. Masalan, birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash 2,5 barobarga oshib, 100 foizga yetkazildi. Shuningdek, ip-kalava ishlab chiqarish 2 barobarga, tayyor mahsulot – 3 barobarga ortdi, eksport yil yakuniga qadar 3 milliard dollarga yetadi.

Paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab olgan 2 milliard dollarlik 125 ta yangi korxona hamda 150 mingta doimiy ish o‘rni tashkil qilindi.

Klasterlar tomonidan 5 mingdan ortiq yuqori unumli texnikalar olib kelindi, 126 ming gektar maydonda suv tejash texnologiyalari joriy qilindi.

Innovatsion yondashuv natijasida hosildorlik ham oshib bormoqda. Ko‘p klasterlar bu yil paxtadan 35-40 sentnergacha hosil oldi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirish, qishloq xo‘jaligi va agrosanoatda samaradorlikni oshirish uchun klasterlarga imkoniyatlarni kengaytirish kerakligini ta’kidladi.

Joylardagi saylovoldi uchrashuvlarida fermer va dehqonlar, klaster rahbarlari o‘zlarini qiynab kelayotgan ko‘plab muammolarni aytgan. Bu masalalar tizimlashtirilib, ularning yechimlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

– Eng asosiy muammo – amaldagi eskicha moliyalashtirish tartibi, – dedi Prezident. – U sohani rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan talablarga mutlaqo javob bermayapti. Paxta-to‘qimachilik klasterlari kredit muddatlarini uzaytirish va miqdorini ko‘paytirishni so‘rayapti. Hozirda klasterlarga kredit 11 oy muddatga ajratiladi. Paxta xomashyosini yetishtirib, uni qayta ishlashga esa kamida 24 oy kerak. Yerni ekishga tayyorlash oktyabrda boshlansa-da, kredit 3-4 oy kechiktirib, yanvar-fevral oylaridan ajratiladi. Bu eski tizim endi to‘liq o‘zgaradi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, endi paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, ya’ni oktyabr oyidan boshlanadi. Bundan buyon, klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi.

Lo‘nda qilib aytganda, klaster olgan kreditini, xomashyoni eng kamida ip-kalava va matoga aylantirgandan keyin qaytaradi. Bu tizimni joriy etishga byudjetdan 10 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shu maqsadda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga yil yakuniga qadar qo‘shimcha 100 million dollar ajratiladi.

Shuningdek, tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sug‘orishning yangi texnologiyalariga o‘tish, o‘simliklar himoyasi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, fermerlarni o‘qitish kabi tadbirlar uchun har bir gektar paxta maydoniga 1 million so‘mdan moliyaviy grantlar ajratiladi. 

Moliya vazirligi va Markaziy bankka ushbu yangi tizimni amaliyotga joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Klasterlar tomonidan ip-kalavani qayta ishlash darajasini kelgusi ikki yilda hozirgi 50 foizdan 70 foizga yetkazish mo‘ljallangan. Shundan kelib chiqib, ularga moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilishi ma’lum qilindi.

Masalan, matoni bo‘yash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun, korxona quvvatiga qarab, davlat hisobidan moliyaviy grantlar beriladi. Bunday loyihalarni kreditlash uchun yana 150 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan past stavkalarda 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi. Shunday tovarlarning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 3 yil muddatga amaldagi 12 foiz o‘rniga 1 foiz qilib belgilanadi. Shuningdek, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yilga kechiktirib to‘lash imkoniyati ham beriladi. Buning hisobiga, korxonalar ixtiyorida yiliga kamida 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

Yana bir qulaylik – kelgusi yildan ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga kredit olishda paxta xomashyosi va tolasini garovga qo‘yish amaliyoti joriy etiladi.

Yig‘ilishda klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumki, g‘alla yetishtirish va sotishda bozor munosabatlariga o‘tilmoqda. Prezidentimiz kelgusi yildan g‘allachilik klasterlari va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqi berilishini ta’kidladi.

Bunda, klaster va fermer xo‘jaliklari 3 yil davomida har gektardan 2,5 tonna g‘allani birja savdolariga chiqarishi talab etiladi. Qolgan hosilni esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqi beriladi.

«O‘zdonmahsulot» tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari g‘alla klasterlari tashkil etish uchun ochiq savdolarga chiqariladi.

Mutasaddilarga ikki hafta muddatda g‘alla bo‘yicha to‘lovlarni to‘liq amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish choralari muhokama qilindi. Ularni ham Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlash muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanma mablag‘ uchun, jamg‘arma hisobidan 1 yil muddatga 10 foizdan kredit resurslari ajratiladi.

Kelgusi yildan meva-sabzavot hosilini iqlim xavfidan sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta kompaniyalari o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. Eksport shartnomasi bo‘lgan klaster va fermerlarga sug‘urta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Yurtimizda 200 ming gektar past hosilli paxta va g‘alla maydoni qisqartirilishi rejalashtirilgan. Bu maydonlar aholiga tanlov asosida, uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Davlatimiz rahbari bunda ehtiyojmand oilalarga alohida e’tibor qaratish, ularga dehqonchilik sirlarini o‘rgatish va ko‘maklashish kerakligini ta’kidladi. Buning uchun 100 million so‘mgacha bo‘lgan meva-sabzavotchilik loyihalariga «Har bir oila – tadbirkor» dasturi shartlari asosida kredit berilishi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga meva-sabzavotchilik klasterlari va qayta ishlash korxonalarini infratuzilma bilan ta’minlash, davlat-xususiy sheriklik asosida agrologistika markazlari barpo etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalarini yangilash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada fermer va klasterlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, kelgusi yildan boshlab, texnika sotib olish bo‘yicha kreditlarning 10 foizdan yuqori qismi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilandi.

Shuningdek, import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi. Buning natijasida klaster va fermerlar texnikani 35 foizgacha arzon xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, lazerli tekislash, hosildor va kasalliklarga chidamli yangi navlarni ekish, urug‘chilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash uchun ham imtiyozlar beriladi.

Umuman, ushbu maqsadlar uchun yiliga jami 25 trillion so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda bildirilgan tashabbuslar ijrosi bo‘yicha farmon va qaror loyihalari ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.