Asosiy menu

Chinozlik gʻallakorlar rejani ortigʻi bilan bajardi

Chinoz tumani gʻallakorlari qabul punktlariga qariyb 20 ming 600 tonna don topshirib, rejani ortigʻi bilan bajardi.

Toshkent viloyatining nisbatan issiq – janubiy hududida joylashgan Bekobod tumani gʻallakorlari ushbu vazifasini viloyatda birinchilardan boʻlib bajargani haqida maʼlum qilgan edik. Viloyatning aksariyat tumanlari iqlim sharoitiga koʻra bugʻdoyning pishib-yetilishi boshqa hududlarga nisbatan farq qilib, oʻrim-yigʻim mavsumi biroz kech boshlanadi. Shu bois ayni kunlarda viloyat dalalarida gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumining eng qizgʻin, hal qiluvchi pallasi boshlandi. Bugʻdoyzorlarda dehqonlarning zaxmatli mehnati bilan yetishtirilgan moʻl hosil nest-nobud qilmasdan yigʻib olinib, qabul punktlariga yetkazilmoqda. Rizq-roʻzimiz – don xirmoni esa tobora yuksalmoqda.

Joriy mavsum 7 ming 600 gektar maydonda gʻalla parvarishlagan chinozlik gʻallakorlar ham moʻl hosil yetishtirdi. Tuman boʻyicha gʻalla hosildorligi oʻrtacha 55 sentnerni tashkil etdi.

Ohangaron tumani gʻallakorlari esa qabul punktlariga 23 ming 310 tonna don topshirib, chinozlik hamkasblaridan bir muddat avval davlatga gʻalla sotish rejasini ortigʻi bilan bajargan edi. Har ikki hududda ham reja ortigʻi bilan bajarilgani holda oʻrim-yigʻim mavsumi uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

OʻzA