Asosiy menu

Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga bag‘ishlandi

Respublika Birja markazida Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi tomonidan o‘tkazilgan seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga bag‘ishlandi.

Mulkchilik shakllari orasida aksiyadorlik birlashmalari keng tarqalgan, iqtisodiyotda o‘zini to‘la oqlagan boshqaruv shakllaridan biri hisoblanadi. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar samarasida hozirgi kunda O‘zbekistonda 1 ming 100 dan ziyod shu turdagi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Prezidentimizning 2014-yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, aksiyalashtirish jarayonini rivojlantirish ko‘lamining o‘sib borayotgani korporativ boshqaruv va aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatidan tushadigan daromadlarni taqsimlash tizimi hamda xususiylashtirish jarayonining boshqa bir qator yo‘nalishlarida hal etilmagan ko‘plab muammolar mavjudligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda yuqoridagi hujjatda davlat ulushiga ega aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlari tarkibini korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari va tamoyillari, menejment va marketingni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ularni ishlab chiqarishni boshqarish tizimida qo‘llay bilishi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish va uning yakunlari bo‘yicha bo‘shagan lavozimlarga yangicha fikrlaydigan, zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali rahbarlar, shuningdek, xorijiy menejerlarni jalb etish choralarini ko‘rish belgilab berilganligi ta’kidlandi.

– Farmonda minoritar aksiyadorlarning aksiyadorlik jamiyatlarini strategik boshqarish, boshqaruv xodimlarining faoliyatini nazorat qilishni ta’minlashdagi rolini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan, – deydi Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ra’no Nosirova. – 2015-yilning 1-iyulidan e’tiboran aksiyadorlar, jumladan, minoritar aksiyadorlar xo‘jalik sudiga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilganda, ularga davlat bojini to‘lash muddati uzaytiriladi va bu boj aybdor tomonidan undirilishi belgilandi.

Seminarda mazkur farmonning mohiyati va mazmunini keng jamoatchilikka tushuntirish yuzasidan mamlakatimizning barcha hududlarida seminar va davra suhbatlari o‘tkazilayotgani qayd etildi. Ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar atroflicha javob berdi.

Manba: UzA