Asosiy menu

Aksiyadorlik jamiyatlarining ochiqligi ta’minlanadi

Poytaxtimizda “O‘zbekistonda korporativ boshqaruv tizimini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va dolzarb masalalari” mavzusida amaliy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Moliya, Iqtisodiyot, Adliya vazirliklari, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi mutaxassislari, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi faollari, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev, Qimmatli kog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi direktori B.Otaxonov va boshqalar mamlakatimizda aksiyadorlik jamiyatlarining rivojlanishi uchun zarur huquqiy munosabatlarni takomillashtirish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi. Bu borada yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini yanada kengaytirish va mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-apreldagi “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, bo‘lajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini ta’minlash, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

– Farmonda aksiyadorlik jamiyatlarini yangi bosqichda rivojlantirishga doir eng muhim ustuvor vazifalar belgilab berilgan, – deydi Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Sharofiddin Haydarov. – Jumladan, aksiyadorlik kompaniyalari prinsipi bo‘yicha tashkil etilgan ishlab chiqarish obyektlari o‘z maqomiga qay darajada mos faoliyat yuritishi, o‘z huquqlaridan qanday foydalanishi, aksiyadorlik kompaniyalari talab darajasida ishlashi uchun qanday mexanizmlarni harakatga keltirish zarur, degan savollarga atroflicha javob berilgan.

Farmonda chet el kapitali ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil qilish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirib, aksiyadorlik jamiyatlarining investitsiyaviy va moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi.

Tadbirda farmonga asosan amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni yana bir bor tanqidiy nazar bilan ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgani qayd etildi. Davlat mulkini boshqarish sohasida, investitsion faoliyatning turli ko‘rinishlari, jumladan, jamoaviy investitsiyalash tartib-taomillarini belgilab beruvchi yangi qonunlarni qabul qilish, cohadagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan deputatlik, parlament nazoratini yanada kuchaytirishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.

Manba: UzA