Asosiy menu

Zamonaviy agrotexnologiyalar samarasi

Jizzaxda “Qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishning dolzarb masalalari: tomchilatib sug‘orish – tejamkorlik omili” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, qishloq xo‘jaligi ilmiy- tadqiqot muassasalari mutaxassislari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limi vakillari hamda fermer ayollar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayogan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga xotin-qizlarni keng jalb etish, ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samaralarini berayotir. Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Jizzax viloyatida mazkur farmon ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili viloyatda 5 mingdan ziyod xotin-qiz ishga joylashtirildi. Ayollar tadbirkorligiga tijorat banklari tomonidan 34 milliard 178 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ayni paytda viloyatda 200 ga yaqin ayollar fermerlik bilan shug‘ullanmoqda. Ular orasida qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalar, xususan, tomchilatib sug‘orish usulini joriy etish orqali yuqori natijalarga erishayotgan fermerlar soni ko‘payib bormoqda. Ilg‘or texnologiyalarni joriy etib, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olayotgan fermer ayollar o‘z tajribalari haqida so‘zlab berdi.

– Mustaqillik xalqimizga cheksiz imkoniyatlar berdi, – deydi Zomin tumanidagi “Ozod mehnatkash” fermer xo‘jaligi rahbari Maqsuda Fozilova. – Har kim o‘z mehnatidan bahramand bo‘lib, emin-erkin faoliyat yuritishiga shart-sharoit yaratildi. Sobiq tuzum davrida qoloq va boqimanda deb kamsitilgan dehqon bugun yerning haqiqiy egasiga aylandi. Bugun fermer nomi bilan jamiyatda obro‘-e’tibor topayotgan dehqon zamon bilan hamnafas bo‘lishini davr taqozo etmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, fermer nafaqat dehqonchilik sirlarini puxta bilishi, ayni paytda u iqtisodchi, hisobchi, menejer, seleksioner, biznesmen, kerak bo‘lsa, diplomat bo‘lmog‘i zarur. Bugun biz, fermerlarning dunyoqarashimiz o‘zgardi. O‘n yil oldin daromad ko‘rish, mashina olib, uy qurish maqsadida mehnat qilgan bo‘lsak, bugun xo‘jaligimizda qayta ishlash korxonalari ochish, yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlashni niyat qilmoqdamiz. Sohaga yangi texnologiyalar jalb etilishi hosildorlik va daromadni oshirish imkonini berayotir. Xususan, tomchilatib sug‘orishning afzalliklarini xo‘jaligimizda sinovdan o‘tkazdik. Ushbu usul qo‘llanilgan maydonlarda paxta hosildorligi 53 sentnerga yetdi. Ayniqsa, suv taqchil bo‘lgan hududlarda bu usulning ahamiyati katta ekani amalda isbotlandi.

Baxmal tumanidagi “Qo‘shchinor”, Mirzacho‘l tumanidagi “Dilnura-nur”, Zarbdor tumanidagi “Zarbdor obod” fermer xo‘jaliklari rahbarlari ham tomchilatib sug‘orishni tog‘li hududlardagi bog‘dorchilik xo‘jaliklarida qo‘llash bo‘yicha o‘z tajribalari haqida gapirib berdi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Fermerlar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, qishloq ayollarining faolligini oshirish, ularning bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi, o‘zaro fikr almashildi. Manba: UzA