Asosiy menu

Hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar

“O‘zekspomarkaz”da kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi, qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari komplekslarining tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi boshlandi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 13-martdagi “2015-yilda Xalqaro sanoat yarmarka va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tkazilmoqda.

Tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasining ochilish marosimida mamlakatimizda tarkibiy islohotlarni kengaytirish va chuqurlashtirish, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va mahalliylashtirish, rivojlangan infratuzilmani shakllantirish hisobidan iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini yanada yuksaltirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 7,5 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 7,9 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi – 6,3 foiz o‘sdi. Shuningdek, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 11,2 foiz, chakana tovar aylanmasi – 15,2 foiz va xizmatlar hajmi – 13,1 foiz ko‘paydi.
An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan tarmoq sanoat yarmarkalari va kooperatsiya birjalari iqtisodiyotimizni yanada jadal va barqaror rivojlantirish, uning tashqi omillarga bog‘liqligini kamaytirish, ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy va samarali texnologiyalarni joriy qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi direksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, korxonalarning ushbu tadbirlarga bo‘lgan qiziqishi tobora ortmoqda. 2014-yilda o‘tkazilgan tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida qariyb 340 sanoat korxonasi 1,9 ming turdan ortiq mahsulotlarni taqdim etdi. Ulardan 90 turi Mahalliylashtirish dasturi asosida o‘zlashtirilgan yangi mahsulotlardir. Tadbirlarga 4,5 mingga yaqin kishi, jumladan, xorijiy firma va kompaniyalar vakillari tashrif buyurdi. Sanoat forumi yakunida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha mahsulot yetkazib berish yuzasidan qiymati 139,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Eksport shartnomalarining qiymati esa 64,7 million dollarni tashkil etdi.

Joriy yilgi sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoat”, “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmalari va Oziq-ovqat sanoati korxonalari, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi va boshqa tashkilotlar tarkibiga kiradigan 530 dan ortiq korxona uch mingdan ziyod turdagi sanoat mahsulotlari, xalq iste’moli tovarlari va xizmatlarni namoyish etmoqda.
Charm-poyabzal sanoati korxonalari o‘z mahsulotlari bilan alohida ajralib turibdi. Sohaning yetmishdan ortiq korxonasi 400 dan ziyod turdagi yuqori sifatli poyabzal, charm-attorlik buyumlari va sport mahsulotlarini taqdim etgan.

– Mamlakatimiz charm-poyabzal sanoati katta salohiyatga ega, – deydi “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi bosh mutaxassisi Shuhrat Aliyev. – Charmga ishlov berish texnologiyalarining takomillashtirilayotgani, shuningdek, boy xomashyo bazasining mavjudligi sifatli mahsulot ishlab chiqarish va ularni ichki hamda tashqi bozorga yetkazib berishni kengaytirish imkonini yaratmoqda. O‘tgan yili sanoat forumida 34,5 million so‘mlik shartnoma imzolagan bo‘lsak, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 46,5 million so‘mga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Bu yilgi tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida jadal rivojlanayotgan transport sohasi ham alohida o‘rin olgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi va “O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxonalar o‘zining sanoat salohiyatini namoyish etmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi sanoat forumida magistral va manyovr teplovozlari, elektrovozlar, yuk vagonlari, maxsus vagonlarni kapital ta’mirlash bo‘yicha xizmatlarni taklif etayotir. Ushbu korxona sanoat yarmarkalari va kooperatsiya birjalarida faol ishtirok etayotgani samarasida Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari, “O‘zneftgazqazibchiqarish” aksiyadorlik kompaniyasi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, “O‘zkabel” qo‘shma korxonasi va boshqalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
“O‘zavtoyo‘l” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi “Bekobodyo‘lsanoat” ishlab chiqarish korxonasi, “Chinozyo‘lindustriya” sanoat korxonasi, “O‘zyo‘lmashservis” davlat unitar ishlab chiqarish korxonasi, “O‘zyo‘lbutlash” respublika boshqarmasi va boshqa korxonalar 2013-2014-yillarda Mahalliylashtirish dasturi doirasida o‘zlashtirilgan yangi turdagi mahsulotlarni namoyish etmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari oyna va oyna mahsulotlari, gipsokarton mahsulotlari, quruq qurilish qorishmalari, alyumin-plastikli kompozit panellar, marmar va granit buyumlari, tom yopishda ishlatiladigan materiallar kabi keng turdagi mahsulotlarni taqdim qilmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida ishtirok etish bugungi kunda tarmoq korxonalari uchun muhim ahamiyatga ega. Negaki, sohada 11 loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida faollashtirilgan ohak va temir-beton plitalari, “Uz Oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida oyna ishlab chiqarish, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sement zavodi qurish, shuningdek, Jizzax viloyatida sement asosida pardozlash materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi stendi tadbirga kelganlarda qatta qiziqish uyg‘otmoqda. Uyushma yog‘, moy, go‘sht, sut, konserva, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan 180 dan ortiq korxonani o‘z tarkibida birlashtirgan. Sohada faoliyat yuritayotgan 50 dan ziyod korxona quyultirilgan sut, sariyog‘, pishloq, tvorog, yogurt kabi yuzdan ortiq turdagi mahsulotlarni namoyish etmoqda.

– Korxonamiz margarin va o‘simlik yog‘i ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, – deydi “Sarbon Baraka Biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyati marketing bo‘limi boshlig‘i Oybek Yoqubov. – Joriy yilning avgust oyida yangi turdagi mahsulot – muzqaymoq ishlab chiqarishni rejalashtirmoqdamiz. Bugungi kunda yangi texnologik liniya uchun asbob-uskunalar xarid qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Tarmoq sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ushbu masalalarni hal qilishga ko‘maklashadi.

Ta’kidlash joizki, sanoat forumi doirasida ishtirokchi korxonalar o‘z mahsulotlarining taqdimotini o‘tkazib, hamkorlik uchun takliflar beradi va mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha, shuningdek, yangi turdagi sanoat mahsulotlarini o‘zlashtirishga doir shartnomalar tuzadi.

Manba: UzA