Asosiy menu

Tejamkor texnologiyalar samaralari

O‘zbekistonda global iqlim o‘zgarishlari tufayli suv taqchilligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash uchun mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish va sug‘orishning tejamkor texnologiyalarini keng joriy qilish muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda suvdan samarali va maqsadli foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har yili 5 ming kilometrdan ortiq sug‘orish, 12 ming kilometr kollektor-drenaj, 50 ming kilometr ariq tarmoqlari tozalanmoqda. 200 kilometrdan ziyod kanallar, 530 kilometr lotok va kollektor tarmoqlari, 400 dan ortiq gidrotexnik inshootlar va boshqa ko‘pgina obyektlar rekonstruksiya qilinmoqda va qurilmoqda.

Buning samarasida suvni iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berish imkoniyati yaratilmoqda. Sug‘orish tarmoqlarida suvning texnik yo‘qotilishi va filtratsiyasi kamayishiga erishilmoqda. Jumladan, suv resurslaridan tejamli foydalanish yo‘nalishidagi islohotlar tufayli foydalanilayotgan suvlarning umumiy miqdori 20 foizga kamayishiga erishildi. Bundan 10-15-yil avval 1 gektar sug‘oriladigan maydonga 18 ming kub metr suv ishlatilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 40 foizga kamaygan.

Mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarning bir qancha turlari qo‘llanilmoqda. Egatga plyonka to‘shab sug‘orish, o‘q ariqlar o‘rniga egiluvchan quvurlardan foydalanish, tuproq ostidan sug‘orish texnologiyasini qo‘llash, yomg‘irlatib sug‘orish, tomchilatib sug‘orish shular sirasidandir. Misol uchun, tomchilatib sug‘orishda boshqa usullarga qaraganda 20 foizdan 60 foizgacha suv tejaladi.

Tomchilatib sug‘orish tizimini barpo etish uchun suv nasosi, filtr hovuz-tindirgich, o‘g‘itlovchi moslama, magistral va tarqatuvchi quvurlar, sug‘orish shlanglari hamda yordamchi qismlar kerak bo‘ladi. Hozir bu jihoz va anjomlarning aksariyati yurtimizda ishlab chiqarilmoqda. Suv nasosi “Suvmash” zavodida, filtr, turli diametrdagi plastik quvurlar, shlanglar, yordamchi va ulovchi qismlar “Sho‘rtangazkimyo”, “Maxsuspolimer”, “Jizzaxplastmassa” va boshqa korxonalarda tayyorlanmoqda.

Suvdan foydalanish samaradorligini oshirishda Prezidentimizning 2013-yil 19-apreldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim omil bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, 2013-2017-yillarda 25 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi, 45,6 ming gektar maydonda egatga plyonka to‘shab sug‘orish usuli hamda 34 ming gektar maydonda o‘q ariqlar o‘rniga ko‘chma egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish usullari joriy etilishi belgilangan.

Tomchilatib sug‘orish tizimini va suvni tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalarini joriy etgan mulk egalariga boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari o‘stirish huquqi berilgan. 2014-yili Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan yuridik shaxslar yer uchastkasining qaysi qismida tomchilatib sug‘orishdan foydalanayotgan bo‘lsa, o‘sha maydon uchun tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan oydan boshlab besh yil muddatga yagona yer solig‘i to‘lashdan ozod etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hududiy ishchi guruhlari tomonidan tomchilatib sug‘orish va suvni tejaydigan boshqa sug‘orish texnologiyalarini joriy etish maqsadida 2015-yilda tomchilatib, egatga plyonka to‘shab hamda ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish usullarini joriy qilish bo‘yicha hududiy dastur ishlab chiqildi. Unga kiritilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish loyihalarini amalga oshirgan yer egalariga Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasining kredit liniyasi hisobidan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu sarmoyalar tijorat banklari orqali yillik 6 foizlik imtiyoz bilan taqdim etiladi.

Joriy yilda mamlakatimizda 5 ming 340 gektardan ziyod maydonda tomchilatib, 11 ming 293 gektarda egatga plyonka to‘shab, qariyb 7 ming 630 gektarda ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish usullarini joriy qilish rejalashtirilgan.

Manba: UzA