Asosiy menu

Tuman bosqichi g‘oliblari aniqlandi

“Tashabbus – 2015” respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun har yili o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” respublika ko‘rik-tanlovi tadbirkorlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sergey Ivashenkoning so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 450 ishlab chiqarish korxonasi va hunarmandlar orasidan eksport salohiyatiga ega va import o‘rnini bosadigan yuqori sifatli yangi mahsulotlar ishlab chiqarayotganlar aniqlandi.

Tanlovning tuman bosqichi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada 25 korxona va 10 hunarmand o‘zining poliuretan, rezina va sopol buyumlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi ehtiyot qismlari, to‘qimachilik va matbaachilik mahsulotlari, tabiiy oziq-ovqat qo‘shimchalari, yumshoq o‘yinchoqlarini namoyish etdi.

Tuman bosqichida “Yilning eng yaxshi tadbirkori” va “Yilning eng yaxshi hunarmandi”nominatsiyalari, shuningdek, “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” va “Eng yaxshi innovatsion loyiha” maxsus nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

“Simakx-pars” xususiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Saloh Zokirov yilning eng yaxshi tadbirkori, kulol usta Margarita Shimolina eng yaxshi hunarmand deb topildi.

– Korxonamiz 2005-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda mamlakatimizda paralon ishlab chiqaradigan yirik korxonalardan biridir, – deydi S.Zokirov. – Ayni paytda bu yerda 50 nafarga yaqin yuqori malakali mutaxassis mehnat qilmoqda.

G‘oliblar tanlovning shahar bosqichida ishtirok etadi.

Manba: O'zA