Asosiy menu

Samarqandda “Hosil bayrami” tadbirlari o‘tkazildi

Samarqandda viloyat mehnatkashlarining joriy yil qishloq xo‘jalik mavsumi yakunlariga bag‘ishlangan «Hosil bayrami» tadbirlari o‘tkazildi.

Samarqand eshkak eshish kanali hududida xalq sayli sifatida tashkil etilgan bayramda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan dehqon va fermerlar, chorvador va bog‘bonlar, qishloq xo‘jalik korxonalari vakillari, dala zahmatkashlariga kamarbasta bo‘lgan hasharchilar, yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mehmonlar ishtirok etdi.
Dastlab, elga osh tortilib, to‘kin dasturxon atrofidagi suhbatlarda joriy yilgi qishloq xo‘jalik mavsumi har jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lgani, barcha tarmoqlarda ko‘zlangan natijalarga erishilgani qayd etildi. O‘z navbatida, kelgusi yil hosili uchun hozirdanoq agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish, qish paytida amalga oshiriladigan yumushlar yuzasidan fikrlashib olindi.
Har bir tuman uchun ajratilgan maydonda fermerlar, tajribali tomorqachilar, chorvador va bog‘bonlar, hunarmandlar, qayta ishlash korxonalari o‘z mahsulotlari ko‘rgazmasini namoyish qildi. Shuningdek, hududlarga xos milliy xalq o‘yinlari, folklor jamoalarining badiiy chiqishlari tashkil etildi. O‘zbek milliy kurashi bo‘yicha musobaqada viloyat polvonlari bilan birga, yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mahoratli kurashchilar ishtirok etdi.
Mavsum ilg‘orlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda viloyat hokimi T.Jo‘rayev ishtirokchilarni hosil bayrami bilan tabriklab, dehqon va fermerlar, ularga yordam bergan korxona va tashkilotlar, viloyatning barcha mehnatkashlariga minnatdorlik bildirdi.
Joriy yilda viloyat mehnatkashlari 218 ming 900 tonnadan ziyod paxta, 318 ming 734 tonna g‘alla, 2 ming 829 tonna pilla tayyorlab, yillik shartnoma rejalarini ortig‘i bilan uddaladi.

Xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash, fermer va dehqonlarning o‘z mehnatidan manfaatdorligini oshirish maqsadida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishda zamonaviy usul va texnologiyalardan foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishda bu yil viloyatda 625 ming tonna kartoshka, 1685 tonna sabzavot, 135 ming tonna poliz, 438 ming tonna meva, 585 ming tonna uzum, 265 ming tonna go‘sht, 1232 ming tonna sut, 1 milliard 362 million dona tuxum, 1045 tonna asal, 2239 tonna baliq ishlab chiqarishga erishildi. Yuzdan ortiq fermer xo‘jaligining 9768 gektar maydondagi intensiv bog‘laridan ham mo‘l hosil olinib, mahsulot asosan eksportga chiqarilmoqda.

Joriy yilgi mavsumda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hamda viloyat paxta xirmoniga salmoqli hissa qo‘shgan Ishtixon, Narpay va Kattaqo‘rg‘on tumanlari hokimliklariga «Damas» avtomashinalari topshirildi. Boshqa tuman va shahar hokimliklari, korxona va tashkilotlar, agrofirmalar, ilg‘or fermerlar ham viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Umuman, mavsumda faol ishtirok etgan, viloyat qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga hissa qo‘shgan har bir inson, har bir jamoa munosib rag‘batlantirildi.

Taniqli san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi, shoir-yozuvchilar, teatr va kino san’ati namoyandalarining badiiy chiqishlari, qutlovlari hosil bayrami qatnashchilariga xush kayfiyat, ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

UzA