Asosiy menu

Qishloq xo‘jaligida unumdorlik va manfaatdorlikni oshirish choralari belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni qishloq xo‘jaligida ishga solinmagan yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi ham miqdor, ham samaradorlik jihatidan rivojlanmoqda. Klaster tizimi orqali yuqori unumli texnika va chuqur qayta ishlash kirib kelmoqda.

2023-yilda sohada ishlab chiqarish 4,1 foizga o‘sib, 426 trillion so‘mni tashkil qilgan. Eksport esa qariyb 2 milliard dollarga yetgan. 152 ming gektar bog‘ va tokzorlar barpo etilib, 185 ming tonna meva-sabzavot, 31 ming tonna go‘sht va 485 ming tonna sutni qayta ishlash quvvatlari ishga tushirilgan.

Yaqin tariximizda ilk bor paxtadan 3 million 700 ming tonna, g‘alladan 8 million tonna hosil olindi. Ularning hisobini yuritish va mahsulotni sotish tizimi to‘liq raqamlashtirildi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligida unumdorlikni oshirish, tannarxni kamaytirish, suvni tejashga qaratilib, galdagi vazifalar belgilandi.

Prezidentimiz yer va suv resurslari cheklangan sharoitda yangicha ishlab, mahsulotni ko‘paytirish, sohaga sanoat muhitini olib kirish zarurligini ta’kidladi.

Masalan, yurtimizda bir gektar maydondan olinadigan o‘rtacha hosil ilg‘or mamlakatlardagiga qaraganda kam. Lekin o‘g‘it ham, yoqilg‘i ham, suv ham 2 karra ko‘p ishlatiladi. Shu bois xorijdan serunum chigit va urug‘lar olib kelib, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitib, hosildorlikni paxtada 50 sentner, g‘allada 100 sentnerga yetkazish mumkinligi aytildi.

Davlatimiz rahbari fermerlarning manfaatdorligi masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bugungi kunda, yangi tartib asosida, paxta xomashyosi birja orqali sotilmoqda. Nyu-York birjasida paxta narxi oshmoqda. G‘allachilikda ham bozor munosabatlari hisobiga fermerlarning daromadi 2 baravar ortgan.

– Agar dehqon va fermerni iqtisodiy manfaatdor qilsak, ular davlat mablag‘isiz ham ishlay oladigan vaqtlar keladi. Mening maqsadim shu, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Manfaatdorlikni yanada oshirish uchun bu yil, paxtachilikda bo‘lgani kabi, g‘alla yetishtirishda ham imtiyozli kreditni to‘g‘ridan to‘g‘ri fermerga berish tizimi joriy qilinadi. Bundan tashqari, davlat resursi uchun xarid qilingan bug‘doyni daladan tashib kelish va saqlash xarajati ham to‘liq budjetdan qoplanadi.

Fermer xo‘jaliklarining barqarorligida xarajat kamligi ham muhim. Shuning uchun mineral o‘g‘itlar tannarxini bu yil 15 foizga kamaytirish, ularni birjaga yetarlicha chiqarish, yana 70 ta tumanda o‘g‘it omborlari tashkil qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, mineral o‘g‘it sifati va ustamasi alohida nazoratga olinadi. Fermerlarga o‘z hisobidan o‘g‘it sotib olish bo‘yicha qulaylik yaratiladi. Joylardagi omborlardan mineral o‘g‘itni tashish uchun transportni logistika portalida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.

Suv yo‘qotilishini kamaytirish maqsadida bu yil 75 ta yirik kanalni betonlashga budjetdan 680 milliard so‘m ajratilgan. Suv tejovchi texnologiyalar uchun 3 yil imtiyozli davr bilan 5 yilga 14 foizli kredit berish yo‘lga qo‘yilgan. Yig‘ilishda bu borada hududlardagi ishlar tahlil qilinib, sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Sohada hisob-kitob intizomida ham kamchiliklar borligi aytildi. Masalan, klasterlarning fermerlar oldidagi qarzdorligi hali to‘liq to‘lanmagan.

Endi yangi tizimga ko‘ra, oldingi qarzini 1 aprelgacha to‘liq to‘lamagan klaster bilan fyuchers shartnomasi bekor qilinadi va fermerga paxtani birjada sotishga ruxsat beriladi. Ma’lumotni elektron platformaga kiritgan va fyuchers shartnoma imzolagan fermerga kredit ko‘pi bilan uch kun ichida ajratilishi shart etib belgilandi.

Yig‘ilishda meva-sabzavot yetishtirish hamda eksporti hajmini oshirish choralari ham ko‘rib chiqildi.

Buning uchun, avval ajratilgan 200 ming gektarga qo‘shimcha, yana 60 ming gektar yer aholiga tarqatib beriladi. Shuningdek, tomorqalarda kooperatsiya asosida mahsulot yetishtirish qo‘llab-quvvatlanadi. Bu maqsadlarga 100 million so‘mgacha garovsiz, 150 million so‘mgacha garov ta’minoti pasaytirilgan holda imtiyozli kreditlar taqdim etiladi. Fermer va dehqonlarga zarur texnikalar «O‘zagrolizing» aksiyadorlik jamiyati tomonidan 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan lizingga beriladi. Chetdan olib kelinadigan motokultivator va minitraktorlarga bojxona imtiyozi 3 yilga uzaytiriladi.

So‘nggi yillarda yurtimizda issiqxona maydonlari, ularda yetishtirilgan mahsulotlar hajmi 3 barobarga ko‘paygan. Bugungi kunda yoqilg‘isiz isitiladigan issiqxonalar barpo qilish ommalashib borayapti.

Prezident bu tajribani ma’qullab, ularni ko‘paytirish, dehqonlarga tayyor holda qurib berish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun «Oilaviy tadbirkorlik» dasturi doirasida 100 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Qishloq xo‘jaligiga investitsiyalar ham faol jalb etilmoqda. Joriy yilda 655 million dollar xorijiy sarmoyani o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Loyihalarda bozorga sarxil mahsulotlar yetkazib berish, oziq-ovqat inflyatsiyasini kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, import o‘rnini bosuvchi 25 turdagi oziq-ovqat bo‘yicha 342 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Buni davom ettirib, yangi loyihalar ishlab chiqish, xalqaro brendlarni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Jahon banki mablag‘lari hisobidan yangi loyihalar uchun 10 yil muddatga, aylanma mablag‘ uchun 2 yil muddatga milliy valyutada 18 foizdan kredit ajratiladi. Mashhur brendlar buyurtmalarini korxonalarga joylashtiradigan sorsing kompaniyalarni jalb qilish xarajatining 50 foizi qoplanadi. Bunda har bir brendga 500 million so‘mgacha subsidiya beriladi.

Endilikda so‘mda eksport qilgan tadbirkorlarga ham qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilishi ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda chorvachilik, ipakchilik va baliqchilik tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash choralari ham belgilandi.

Xususan, chorva kompleksi tashkil qilish, qoramol olish, omuxta-yem chiqarish uchun milliy valyutada 17 foizdan 3 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga kredit beriladi. Chorva xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga ham 1 trillion so‘m imtiyozli kredit yo‘naltiriladi. Uning 18 foizdan oshgan qismi Tadbirkorlik jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Pillani Vetnam va Xitoy tajribasi asosida sanoat usulida yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi, o‘rma tutzorlar barpo etiladi. Ipakchilik instituti huzurida 2 ta naslli urug‘lik stansiyasi ishga tushiriladi.

Tarmoqda moddiy manfaatdorlikni oshirish uchun ikki bosqichda bozor tamoyillariga o‘tiladi. Bu yil birinchi bosqichda pilla narxi 25 foizga oshiriladi. Aholiga pilla yetishtirish uchun subsidiya beriladi va pilla yetishtiruvchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Ikkinchi bosqichda, 2025-yildan narxni davlat belgilashi, klasterlarga muayyan tuman va fermerlar biriktirilishidan voz kechiladi. Pilla fermer bilan klaster o‘rtasida erkin narxda tuziladigan shartnoma asosida yoki birja orqali sotiladi.

Daryo bo‘ylarida va xonadonlarda havzalar o‘rnatib, baliq yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha ham vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddilarning hisobot va rejalari eshitildi.