Asosiy menu

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Global Janub ovozi” onlayn-sammitidagi nutqi



Muhtaram Narendra Modi Janobi Oliylari!

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

«Global Janub ovozi» sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan g‘oyat mamnunman.

Hindiston Bosh vaziri, hurmatli Modi janoblariga «Inson manfaatlariga yo‘naltirilgan taraqqiyot» mavzusidagi bugungi muloqotimizni o‘tkazish tashabbusi uchun bildirilgan hamma minnatdorchilik so‘zlariga to‘liq qo‘shilaman.

Ushbu forum Hindistonning «Dunyo – yagona oila» umumbashariy g‘oyasiga sodiq qolayotganidan yaqqol dalolat beradi.

Ishonchim komilki, ushbu tadbirimiz xalqaro miqyosda nufuzi, iqtisodiy, texnologik va intellektual salohiyati tobora yuksalib borayotgan Hindistonning «Katta yigirmatalik»dagi raisligi muvaffaqiyatli o‘tishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bugungi kunda jahon hamjamiyati turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarning keskinlashuvi hamda iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga duch kelmoqda.

Biz xalqaro munosabatlarda ochiq muloqot va o‘zaro ishonchning tobora kamayib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyot istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bunday murakkab sharoitda, ayniqsa, mamlakatlarimiz oldida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida ko‘plab yangi-yangi to‘siqlar paydo bo‘lmoqda. Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Hech kim ortda qolmasligi zarur» degan asosiy tamoyili yanada dolzarb tus olmoqda.

Shu o‘rinda Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va samarali aloqalarni mustahkamlashdagi faol o‘rni va rolini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi va xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!

Bugun Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Siyosatimizning markazida inson qadri va uning manfaatlarini ta’minlash eng ulug‘ maqsad va vazifa etib belgilangan.

Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Biz o‘z oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, mamlakatimizda kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejalarni qo‘yganmiz.

Ushbu marralarga erishish uchun 2023 yil O‘zbekistonda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili», deb e’lon qilindi.

Mamlakatimizda zamonaviy ta’lim va kasb-hunarlarni egallash imkoniyatini kengaytirish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Ehtiyojmand aholi qatlamini samarali ijtimoiy himoya qilish, ularni malakali va sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biz ortga qaytmas tus olgan islohotlarimizni izchil davom ettirish yo‘lida xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlik uchun doimo ochiqmiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

O‘zbekiston Hindistonning «Katta yigirmatalik»dagi raisligini va uning doirasida ilgari surayotgan ustuvor maqsad va ezgu intilishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Uchrashuvimiz kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha quyidagi amaliy takliflarni bildirmoqchiman.

Bugungi kunda mavjud xalqaro savdo tizimini takomillashtirishimiz zarur. Buni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bu jarayonda «Global Janub ovozi» albatta e’tiborga olinishi kerak – rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.

Afsuski, asosiy bozorlarga chiqishda mamlakatlarimiz hamon turli to‘siq va cheklovlarga duch kelmoqda.

Davlatlarimiz sanoat va agrar sohada katta salohiyatga, yirik ichki bozorlarga ega ekanini inobatga olib, global darajada adolatli raqobat muhitini yaratish masalasida umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish muhimdir.

Bundan tashqari, rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, global logistika va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda ko‘maklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan o‘rin olishi kerak, deb hisoblaymiz.

Yana bir strategik masala. Yevroosiyo mintaqasidagi asosiy transport arteriyalaridan biri bo‘lgan «Shimol-Janub» xalqaro yo‘lagini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘lni qurish loyihasini faol ilgari surmoqdamiz. Hamkorlarimizni ushbu o‘ta muhim loyihada ishtirok etishga taklif qilamiz.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish sharoitida taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi katta texnologik farq o‘sib bormoqda.

Biz jahonning yetakchi davlatlari ko‘magida «Global Janub» uchun yashil texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz.

Navbatdagi dolzarb masala – inson kapitalini rivojlantirish va professional ta’lim sifatini oshirishdir. Biz Hindiston bilan ta’lim sohasida hamkorligimizni jadal olib borishdan manfaatdormiz.

Hurmatli hamkasblar!

Inson manfaatlariga yo‘naltirilgan taraqqiyot zaminida aynan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash masalasi asosiy o‘rin egallashi lozim.

Iqtidorli yoshlarimizni iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etishimiz kerak.

Shundan kelib chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasida «Janub yoshlari ovozi» doimiy muloqot platformasini tashkil etish taklifini ilgari surmoqchiman.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi kunda dunyoda avj olayotgan turli to‘qnashuvlarning salbiy oqibatlari birinchi galda rivojlanayotgan mamlakatlarda sezilmoqda.

Ishonchim komilki, qadrli birodarim Narendra Modi ta’biri bilan aytganda, «Budda va Gandi Vatani» bo‘lmish Hindistonning «Katta yigirmatalik»dagi raisligi doirasida global miqyosdagi tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun yangi-yangi taklif va g‘oyalar dunyo hamjamiyatiga taqdim etiladi.

O‘zbekiston ham ushbu yo‘nalishda ilgari surayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb umid qilaman.

Hurmatli do‘stlar!

Biz Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini xalqaro miqyosda samarali himoya qilish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlariga hamisha ko‘makdoshmiz.

Hech shubhasiz, bugungi barcha taklif va tashabbuslar inson manfaati va barqaror taraqqiyot maqsadlariga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, do‘st Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayrami – Respublika kuni bilan chin dildan samimiy tabriklayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.