Asosiy menu

Qishloq xo‘jaligidagi islohotlarning yangi bosqichi belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6- sentabr kuni qishloq xo‘jaligini 2020-2030-yillarda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Bozorlarimiz to‘kin, xalqimiz rizqi mo‘l-ko‘l bo‘lishidan tortib eksportdan qo‘shimcha daromad topishgacha bo‘lgan juda ko‘p masalalar shu yo‘nalish bilan bog‘liq.

Lekin uzoq yillar davomida agrar sohaga yetarlicha e’tibor berilmadi. Na bozor iqtisodiyoti, na yerga munosabat, na manfaatdorlik bor edi. Mablag‘, ilmiy innovatsiyalar jalb etilmadi. Oqibatda yerlar «charchab», unumdorlik pasayib ketdi. Mahsulotni qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat olish bo‘yicha tizim yaratilmagan edi.

Keyingi yillarda sohani isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Davlat xarid narxlari qariyb 3 barobarga ko‘tarilgani natijasida dehqon va fermerlarda manfaatdorlik hissi oshdi. Paxtachilik va g‘allachilik hashar emas, chinakam daromad manbaiga aylandi.

Yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va ish haqini oshirish maqsadida 76 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etildi.

Joriy yilning o‘zida 25 ming gektar paxta maydonlarida suv tejovchi yangi sug‘orish tizimi joriy qilindi. Foydalanishdan chiqqan 1 million 100 ming gektar yerni qayta ishga kiritish bo‘yicha katta sa’y-harakatlar boshlandi.

Bular – islohotlarning birinchi bosqichi.

Prezident faqat bugunni emas, balki ertangi kunni ham o‘ylab, uzoqni ko‘zlab islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish vazifasini qo‘ymoqda. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Bu iqtisodiyotimizning asosiy o‘sish nuqtasi, «drayveri» bo‘ladi. Ming-minglab ish o‘rinlari yaratiladi, odamlarning daromadi oshiriladi.

Yig‘ilishda ishlab chiqilayotgan strategiyani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Yer egalari unumdorlik va hosildorlikni oshirish maqsadida yerga investitsiya kiritishga intilishi uchun ularning ertangi kunga to‘la ishonchi bo‘lishi kerak. Shu bois davlatimiz rahbari qonunchilikni butunlay yangilab, yer ajratishning shaffof tizimi va yerga bo‘lgan huquqning kafolatlanishini, yerning daxlsizligini ta’minlash, yerga bo‘lgan munosabatni huquqiy oborotga kiritish zarurligini ta’kidladi. Bu nafaqat aholi bandligi, eksport, balki byudjetga qo‘shimcha daromadlar tushumini ham ta’minlaydi.

Bunda, avvalo, qishloq xo‘jaligi yerlarining aniq hisobini yuritish, ulardan foydalanishni takomillashtirish muhimligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, «Yergeodezkadastr» qo‘mitasiga 2021-yil oxirigacha respublikaning barcha hududlarida yerni hisobga olish ishlarini yakunlash, yer hisobini yuritish bo‘yicha yagona elektron bazani yaratish topshirildi.

Qishloq xo‘jaligida suvdan to‘g‘ri foydalanish ham juda muhim masala. Tahlillarga ko‘ra, yurtimizda ekin maydonlariga milliardlab kub metr suv yo‘naltirilsa-da, uning faqat 60 foizi ekinlarga yetib boradi, qolgani esa irrigatsiya tizimlarida va sug‘orish jarayonida yo‘qotiladi.

Jahon resurslar instituti taxminlariga ko‘ra, 2040-yilga borib O‘zbekiston suv o‘ta tanqis bo‘lgan 33 mamlakat qatoriga kirishi mumkin.

Shu bois davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va uning hisobini yuritish, har yili 200 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib borish zarurligini ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishlar ishlab chiqilayotgan strategiyada o‘z aksini topishi kerakligi aytildi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilinar ekan, byudjet mablag‘larining asosiy qismini yerlarning unumdorligini oshirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ilm-fanni rivojlantirishga sarflash lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sohaning eksport salohiyatini oshirish va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish masalalariga alohida ahamiyat qaratilib, bu boradagi jahon tajribasi tahlil qilindi.

Masalan, Turkiyada 1 gektar yerdan 2 ming dollarlik, Misrda 8 ming dollarlik, Isroilda 12 ming dollarlik mahsulot yetishtiriladi. Yurtimizda esa bu ko‘rsatkich 300 dollardan oshmayapti. Doim yagona standartdagi tovar yetkazib berish yo‘lga qo‘yilmagani sababli mahsulotlarimiz tashqi bozorda raqobatlasha olmayapti.

Agrar tarmoqdagi eksport hajmi 2018-yilda 2,3 milliard dollarni tashkil etgan. Strategiyada belgilanayotgan vazifalarni amalga oshirish natijasida bu ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 20 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Yig‘ilishda mutasaddilarga mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi, Sharqiy Osiyo va arab mamlakatlari standartlari asosida sertifikatlash tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buni meva navini tanlashdan boshlash darkorligi ta’kidlandi.

Bu borada tomorqa xo‘jaliklari ham katta rezerv ekani, «bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida joylarda logistika xizmatini keng yo‘lga qo‘yish, kichik ishlab chiqaruvchilarni kooperatsiyaga birlashtirib, mahsulotlar sifati va standartlari bir xilligini ta’minlash lozimligi qayd etildi.

Xizmat ko‘rsatish borasida ham kamchiliklar mavjud. Masalan, bu tizimda raqobat yo‘qligi sababli xizmatlar narxi yuqori, mahsulot ishlab chiqaruvchilarda tanlash imkoniyati yo‘q.

Shuning uchun mineral o‘g‘itlarni yetkazib berish, o‘simliklarni himoya qilish, texnika va boshqa xizmatlar sohasida davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat turlarini ko‘paytirish, xususiy korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Joriy yilda boshlangan yerni kosmik zondlash orqali tuproq va ekinlarning haqiqiy holatini tezkor va ishonchli baholash ishlarini 2020-yil yakuniga qadar to‘liq oxiriga yetkazish lozim. Bu tizim vegetatsiya jarayoni, tuproqning meliorativ holati va minerallashuv miqdori, namlik darajasi haqida to‘liq ma’lumotlarni berib, hosildorlikni 25-30 foizga oshirish imkonini beradi. Bu faqat davlat uchun emas, fermerlar uchun ham juda foydali. Mazkur tizimga ulanish orqali dehqonlar ham, ekportchilar ham qaysi maydonda qanday mahsulot ekilganini ko‘rib turadi, o‘z rejasini va bozor kon’yunkturasini aniq baholay oladi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga qishloq xo‘jaligi statistik boshqaruvini isloh qilish, jumladan, ekinlarni joylashtirishdan tortib sotuvgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Strategiyadagi vazifalarni samarali amalga oshirish, eng avvalo, kadrlar salohiyatiga zarur.

Bu sohaga ixtisoslashgan 7 ta oliy ta’lim muassasasini har yili 3 mingdan ortiq yoshlar bitirsa-da, hududlarda kadrlar yetishmayapti. Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘q, zamonaviy ta’lim uslublari joriy qilinmagan.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirishga byudjetning 0,1 foizigina yo‘naltiriladi. Vaholanki, rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 2-3 foiz atrofida ekanligi aytilmoqda.

Akademiklarning ilmiy maktablari soni 50 tadan 17 taga kamaygan, sabzavotchilik, g‘allachilik, o‘simlikshunoslik sohalarida esa bunday maktablar mavjud emas.

O‘simlikshunoslik, sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik institutlarining laboratoriya jihozlari oxirgi 70 yilda ta’mirlanmagan. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish choralari samarasizligicha qolmoqda.

Masalan, boshqa davlatlar gilos eksportini iyundan boshlaydi. Agar yurtimizda may oyining boshida hosil beradigan gilos navi yaratilsa, uning eksportidan olinadigan daromadni 2 barobar oshirish mumkin.

Shu bois qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlari ertapishar mahsulot turlarini yaratishga asosiy e’tibor qaratishi lozim. Chorvachilik tarmog‘ida ham ilm-fan yutuqlarini keng tadbiq etish, hududlar iqlim sharoitlariga mos chorva zotlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz strategiyani xalq bilan muhokama etib, oqilona qabul qilish zarurligini ta’kidladi. Uning ijrosini samarli ta’minlash uchun har yilga alohida «yo‘l xarita»lari ishlab chiqish, hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tuzilmasini ham takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Xalqaro tajriba asosida Toshkent davlat agrar universiteti hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘qitishning mutlaqo yangi metodikasini tadbiq etish, professor-o‘qituvchilar ishtirokida sayyor o‘quv darslari hamda seminarlar tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Umuman olganda, yangi strategiya qishloq xo‘jaligiga bozor mexanizmlarini joriy qilib, ilmiy asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksportni ko‘paytirish, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulotlar hajmini bir necha barobarga oshirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda kun tartibiga qo‘yilgan masalalar ijrosini to‘la ta’minlash bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlari axborot berdilar.



president.uz