Asosiy menu

Navro‘z shukuhi davom etmoqda

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi «Jomboy don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatida navbahor elchisi ezgulik va nafosat ayyomi Navro‘zi olamni keng va ko‘tarinki ruhda kutib olish maqsadida Navro‘z sayli, Yoshlar sayli bayram tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir doirasida Samarqand viloyatining Jomboy tumanida istiqomat qiluvchi 22 nafar kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, 6 nafar Samarqand shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, jami 28 nafar bolalarning sunnat to‘ylari ham o‘tkazildi. Unda korxona ishchilari, va mehnat faxriylari, tuman faollari taklif etilib, tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni yozildi.
Azal-azaldan o‘zbek xalqi uchun muhtojlarga yordam ko‘rsatish, mehrga tashna insonlarning dardu-tashvishlariga sherik bo‘lish oliy qadriyat tusini olib, asriy an’anamizga aylanib ulgurgan. O‘tkazilgan ushbu tadbir ham ayni shu maqsani o‘zida mujassam etdi va jajji bolajonlarning cheksiz quvonchiga sabab bo‘ldi.
Tadbirda so‘zga chiqqan, korxona raisi Q.Shomurodov barcha yurtdoshlarimizni fasllar kelinchagi bo‘lmish bahorning ulug‘ shodiyonasi Navro‘zi olam bilan samimiy qutladi. Navro`z elimizga osudalik dasturxonimizga fayz, xirmonlarimizga baraka olib kelsin deya yaxshi tilaklar bildirdi. Ta'kidlanganidek, qut-baraka elchisi bo‘lmish go‘zal ayyomda mehr, sahovat ko‘rsatish, ezgu amallar orqali insonlar shodligiga sherik bo‘lish saodat sanaladi.
Xushovoz san'atkorlar tomonidan ijro etilgan go‘zal kuy va qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinkilik baxsh etib yig‘ilganlarga a'lo kayfiyat ulashdi.





Axborot xizmati.