Asosiy menu

Mamlakatimizda ekologiya haftaligi boshlandi

Ekologik muhitni muhofazalash, tabiat va inson o‘rtasida muvozanatni saqlash bilan bog‘liq vazifalar bugungi kunda butun dunyoda dolzarb mavzuga aylandi. Zero, insoniyat kelajagi ekologiya muammolarining samarali hal etilishiga bog‘liqdir.

Ushbu ezgu maqsad yo‘lida barchani birlashtirish, tabiat muhofazasiga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq chora-tadbirlarda izchillikni ta’minlash maqsadida 5-iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlanadi. Joriy yil ushbu sana «Men tabiat bilan birgaman» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

5-iyun – Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan mamlakatimizda ekologiya haftaligining ochilishiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda shular haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik harakati, Xalqaro press-klub, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda senatorlar, deputatlar, vazirlik, davlat, nodavlat, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari B.Alixonov, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘.O‘tayev, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi F.Karaxanov, Xalqaro press-klub raisi Sh.Qudratxo‘jayev va boshqalar O‘zbekiston ekologiya sohasida BMTning qator hujjatlarida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirayotgan, global va milliy ekologik muammolar yechimiga oid muhim loyihalarni hayotga tatbiq etishga munosib hissa qo‘shayotgan davlatlardan biri ekanini ta’kidladi.

Obihayotni tejash, bioxilma-xillikni saqlash, ozon qatlamini muhofazalash, iqlim o‘zgarishining oldini olish, cho‘llanishga qarshi kurashish, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni kengaytirish borasida qator dastur va strategiyalar qabul qilinib, amalga oshirilmoqda. Buning natijasida yer, suv, havo musaffoligini ta’minlash, tuproq unumdorligini oshirish, noyob turlarni asrash va ko‘paytirish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 21-apreldagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmoni va “2017-2021-yillarda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim asos bo‘lmoqda.

Mazkur hujjatlarga muvofiq mamlakatimizda davlat ekologik nazoratini yuritish ishlari takomillashdi. Chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, qayta ishlash borasida zamonaviy infratuzilma yaratilmoqda. Jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatni muhofazalashda jamoatchilikning faolligini oshirish, ekologik ta’limni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar kengayayotir.

Muloqotda mamlakatimizda ekologik muvozanatni ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlar barobarida, yechimini kutayotgan muammolar ham tahlil etildi. Fuqarolar va yuridik shaxslarning ekologik qonunchilikka zid faoliyati, chiqindilar muammosi, ularni hal etishda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi xususida bahs-munozara yuritildi.

– 2016-yilda aniqlangan tabiat muhofazasiga oid ma’muriy huquqbuzarlikning qariyb qirq foizi chiqindilar bilan bog‘liq ekani bu yo‘nalishdagi huquqiy va amaliy ishlarni yanada kuchaytirishni talab etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yer va suv nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Shokirov. – Ekologiya va sanitariya me’yorlarini, chiqindilar boshqaruviga oid talablarni buzganlik uchun ma’muriy jazo tizimi bugungi zamon talabiga javob bermasligi bunday holatlarning tez-tez takrorlanishiga sabab bo‘lmoqda. Ushbu muammolarning oldini olish, fuqarolarning tabiatdan foydalanishda mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilmoqda.

Jamiyatda uchrayotgan ana shunday ekologik muammolarning oldini olishda aholining ekologik bilim va dunyoqarashini boyitish, bu boradagi milliy qadriyatlarimizni yoshlar ongiga chuqur singdirish, ekologik targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan mamlakatimizda har yili ekologiya haftaliklarining o‘tkazilayotgani bu borada o‘ziga xos samaralar berayotir.

Ushbu haftalik bu yil ham 31-maydan 6-iyunga qadar davom etadi. Uning doirasida poytaxtimizda va viloyatlarda qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ekologik aksiyalar, gullar bayrami, ekologiyaning dolzarb masalalariga oid ilmiy-amaliy anjumanlar, seminarlar tashkil etish, hasharlar o‘tkazish, sanoat korxonalariga mediaturlar uyushtirish rejalashtirilgan.

UzA