Asosiy menu

«Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligi, bitimlarning iqtisodiy mazmuni va ularni yuridik jihatdan rasmiylashtirish tartibi» mavzusida amaliy seminar

2021 yil 24 mart kuni «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi bilan hamkorlikda tizim korxonalari ishtirokida «Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligi, bitimlarning iqtisodiy mazmuni va ularni yuridik jihatdan rasmiylashtirish tartibi» mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi.

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan amaliyotga joriy etilgan bir qator yangiliklar soliq to‘lovchilarga muntazam ravishda tushuntirib borilmoqda.

Seminarda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan soliq to‘lovchilarga ularning kontragentlarini tanlashda ham bir qator majburiyatlar yuklatilganligi inspeksiya xodimlari tomonidan tushunchalar berildi.

Jumladan, Soliq kodeksining 14-moddasiga muvofiq, agar bitimning yoki iqtisodiy munosabatlarning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi ularning haqiqatdagi iqtisodiy mazmuniga muvofiq bo‘lmasa, soliq organlari soliq solish maqsadida bitimning yuridik tavsiflanishini, soliq to‘lovchining maqomini va (yoki) uning iqtisodiy faoliyati xususiyatini o‘zgartirishga haqliligi;

Soliq kodeksining 15-moddasiga binoan soliq munosabatlarida soliq to‘lovchilar kontragentlarni tanlash chog‘ida ularning soliq organlarida soliq to‘lovchilar sifatida hisobga qo‘yilganligini, kontragentning ishbilarmonlik obro‘sini, ishlab chiqarish bazasi va xodimlari mavjudligini, moliyaviy holatini, bitim bo‘yicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini tekshirib, lozim darajada ehtiyotkorlik qilishi shartliligi;

Soliq kodeksining 266-moddasi bilan ko‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar tovarlarni (xizmatlarni) sotib olishda to‘langan QQS summasini hisobga olish huquqi tovarlarni (xizmatlarni) olish bo‘yicha qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganligiga oid dalillar mavjud bo‘lsa, soliq organlari hisobga olishni bekor qilishi yoki unga tuzatishni amalga oshirishga haqli ekanligi to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.