Asosiy menu

O‘rim-yig‘im davom etmoqda

Do‘stlik tumani g‘allakorlari bu yil 13 ming 300 gektar maydonda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish uchun bor imkoniyatlarini safarbar etgan.

Jizzax viloyatidagi g‘allachilikka ixtisoslashgan 4 ming 500 dan ziyod fermer xo‘jaligida hosilni vaqtida yig‘ib olish choralari ko‘rilmoqda. Fermerlik harakatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida gektariga 50-60 sentnerdan oshirib hosil olayotgan fermerlar safi tobora ko‘paymoqda.

Bunda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha davlat dasturida belgilangan loyihalar, urug‘chilik tizimini yangilashga qaratilgan yangi tadbirlar g‘allachilikni rivojlantirishdagi ustuvor vazifa sifatida amalga oshirilayotgani muhim ahamiyat kasb etayotir. Keyingi yetti yilda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha 173 loyiha amalga oshirilib, 63 milliard so‘mlik ish bajarildi. Sug‘oriladigan yerlarda g‘alla va dukkakli o‘simliklar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol filialida yumshoq va qattiq bug‘doyning 13 yangi navi sinovdan o‘tkazilib, ulardan 7 tasi viloyat dalalarida ekilmoqda.

– Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini bugungi g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumining uyushqoqlik bilan tashkil etilganida ham ko‘rish mumkin, – deydi Jizzax viloyati fermerlar kengashi raisi Anorboy Eshmatov. – Barcha tumanlarda «Agrotexservista’minotchi» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, don, neft mahsulotlari korxonalari va boshqa ta’minotchi hamda yong‘in xavfsizligi xizmati idoralari xodimlari g‘allakorlar bilan hamkorlikda ishlamoqda. Hosildan bo‘shagan maydonlardan somon peshma-pesh yig‘ishtirib olinib, yerlar shudgor qilinayotir. Farovonligimiz manbai bo‘lgan g‘alla hosilini nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olishga alohida e’tibor qaratilgan.

Manba: UzA