Asosiy menu

Mavsum shijoati: peshqadam tumanlar nomi ma’lum

Yurtimizning barcha hududlarida g‘alla hosili mavsumi avj pallada olib borilmoqda. “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxonalar, ularning filiallari va don qabul qilish shahobchalarida mavsum oldidan olib borilgan tayyorgarlik jarayonlari sifatli tashkil etilganligi natijasida xalq rizqi bo‘lmish g‘alla xirmoni ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.
Dono xalqimizda “Yer zar dehqon zargar” degan naql bor. Darhaqiqat, yaxshi niyat ila yerga qadalgan urug‘ o‘z vaqtida berilgan e’tibor va mehnat samarasi o‘laroq hosilga kirdi. Bunda bobo dehqonlarimizning yer bilan “tillashib” qilgan harakatlari, donimiz va nonimiz mo‘l-ko‘l va barakali bo‘lishini ta’minlaydi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 noyabrdagi “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 959-sonli qarori g‘allachilikni yanada rivojlantirish uchun o‘z vaqtida qabul qilingan hujjat bo‘lib, kelgusida yurtimizda don mahsulotlarini sifatli yetishtirish va bu boradagi ishlarni tizimli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hosilning unumli bo‘lishi, g‘alla hirmonining mo‘l-ko‘lligini ta’minlab kelayotgan fermerlarning davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don hosilini qabul qilish mavsumidagi o‘ziga xos zahmatli mehnati, shijoati va salohiyatini alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, Surxondaryo viloyatining Angor tumani mazkur hududda faoliyat yuritayotgan tadbirli fermerlarning shijoati va g‘ayrati natijasida bugun peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. Tumanda g‘alla hosilini davlat ehtiyojlari uchun topshirish bo‘yicha shartnomaviy reja ortig‘i bilan bajarildi. Ayniqsa tumanda faoliyat yuritayotgan “Anvar Angor” femer xo‘jaligi tomonidan o‘rim-yig‘im mavsumining ilk kunidanoq xosildorlik 42 sentnerga yetkazilib, shartnomaviy reja 106 foizga bajarildi. Shuningdek, tumandagi “Pirmat Angor” femer xo‘jaligi tomonidan ham mavsum boshidanoq 42,4 sentner xosildorlik qayd etilib, boshoqli don ekinini davlat ehtiyojlari uchun sotish bo‘yicha shartnomaviy reja 101,1 foizga yetkazilib, namunaviy natijaga erishildi.