Asosiy menu

“Oʻzdonmahsulot” AK 2018 yilda 715 million soʻm mablagʻni iqtisod qildi

Milliy matbuot markazida “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxonalarda investitsion loyihalarni amalga oshirish, mahsulot turlarini koʻpaytirish, sifatni yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha bajarilayotgan ishlar va 2019 yil uchun belgilangan vazifalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz aholisining un, qolipli non, makaron mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash, chorvachilikka sifatli yem yetkazib berish, davlat ehtiyojlari uchun don va urugʻlik xarid qilish, ularni saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori samara berayotgani taʼkidlandi.

Bugungi kunda “Oʻzdonmahsulot” AK tizimida 44 korxona faoliyat yuritadi. Hududlarda ularga qarashli 25 filial, un ishlab chiqaruvchi tegirmon, non sexi, makaron, omixta yem, yorma va urugʻlik donni qayta ishlovchi sexlar mavjud. Ular tomonidan 2018 yilda taqqoslama narxlarda 2,5 milliard soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlib, bu 2017 yilning mos davriga nisbatan 108,8 foizga koʻpdir. Jumladan, oʻtgan yili 1 million 472 ming tonna un, 923 ming tonna omixta yem, 67 ming 500 tonna non va non mahsuloti, 28 ming 800 tonna makaron mahsuloti hamda 13 ming tonna yorma ishlab chiqarildi.

Tadbirda soha mutaxassislari 2018 yilda sohada amalga oshirilgan ishlar, joriy yildagi rejalar xususida atroflicha maʼlumot berdi.

– Yakunlangan yilda quvvati 105 ming tonnaga teng boʻlgan 3 omixta yem sexi, quvvati 96 ming tonna boʻlgan 2 tegirmon sexi zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinib, ishga tushirildi, – deydi “Oʻzdonmahsulot” AK investitsiya va yangi texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Uzoqov. – Shuningdek, ishlab chiqarish quvvati 22,5 ming tonnani tashkil etuvchi “Koson don”, “Uchqoʻrgʻondonmahsulotlari”, “Oxangaron don” va “Dunyo-M” kabi jami 5 omixta yem ishlab chiqarish sexi tashkil etildi. Shu bilan bir qatorda quvvati 44 ming tonna boʻlgan “Qoraqalpoqdonmahsulotlari”, “Taxiatosh don mahsulotlari”, “Chimboy don” va “Toʻrtkoʻl don mahsulotlari” kabi sholi sexi ham aholiga xizmat qilmoqda.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilgani hisobiga 2018 yilda 715 million soʻm mablagʻ iqtisod qilindi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 16 ming tonnaga oshdi. Tizimdagi maʼnan va eskirgan uskunalarning 423 tasi yangilariga almashtirilib, qoʻshimcha 95 ish oʻrni yaratildi.

“Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi 2019 yilda qiymati 16,4 million dollar boʻlgan 12 investitsion loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va boshqa viloyatlarda 10 ta tegirmon sexi hamda 2 ta yangicha tayyorlanadigan omixta yem sexi ilgʻor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi. Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi hisobiga yillik ishlab chiqarish hajmi 58 ming tonnaga koʻpayadi. Tizimdagi eskirgan 925 uskuna yangilariga almashtiriladi.


UzA