Asosiy menu

Fermerlar uchun yangi imkoniyatlar

Poytaxtimizda O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi hamkorligida yaratilgan Agromart.uz agroportali ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

160 mingdan ortiq fermer xo‘jaligini birlashtirgan O‘zbekiston Fermerlari kengashi yurtimizda fermerlik harakatini rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning haq-huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, fermerlarga zamonaviy qishloq xo‘jalik texnologiyalaridan foydalanishni o‘rgatish, bu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish, sohadagi yangiliklardan xabardor qilish maqsadida o‘quv kurslari, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilayotir.

Mazkur portalda tajribali olim va mutaxassislar fermer va dehqonlarga onlayn rejimda agronomiya, poliz maxsulotlarini yetishtirish, veterinariya, uzumchilik, qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va huquqiy masalalarda yordam beradi.

Bundan tashqari, portal foydalanuvchilari uchun o‘z mahsulotlari haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish, savdo aloqalari o‘rnatish, mahsulotlar eksportini tashkil qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Anjumanda Agromart.uz portalining keng imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

UzA