Asosiy menu

Eksportga mo‘ljallangan 105 ming tonna bug‘doy sotildi

Avval xabar qilinganidek, joriy yilning avgustidan boshlab, «O‘zdonmahsulot» mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga keyinchalik eksport qilish sharti bilan mahalliy bug‘doyni birja savdolari orqali sotishni boshlagan edi.

«O‘zRTXB»dan xabar berishlaricha, o‘tgan davrda o‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra umumiy qiymati 202,0 milliard so‘mdan yuqori 105,0 ming tonna 3-sinf bug‘doyi sotilgan. Bug‘doyning o‘rtacha narxi uning boshlang‘ich bahosidan deyarli oshmasdan bir tonnasi uchun 1935,8 ming so‘mni tashkil etdi. Ayni paytda birjaning kotirovkalash varag‘iga 1 tonnali lot bilan 3-sinf bug‘doyni sotish bo‘yicha 20 tadan ziyod namunali shartnoma kiritilgan. Eslatib o‘tamiz, mahalliy tadbirkorlar oziq-ovqat bug‘doyini birja savdolari orqali xarid qilib, uni bug‘doy yoki un ko‘rinishda eksport qilishda QQS summasini qaytarib olishlari mumkin. Bu o‘z navbatida mahsulotning tannarxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Birja savdolarida xaridor sifatida ishtirok etish uchun birjada akkreditatsiyadan o‘tish, hisob-kitob kliring palatasida hisob varaqasini ochish va brokerlik idorasi bilan shartnoma tuzish kerak.

UzA