O‘zbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi
Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, muqaddas dinimiz buyurgan ibodat va amallarni muborak Ramazon oyida chin dildan, ixlos bilan ado etib, bugun hayit ayyomini katta shodu xurramlik bilan kutib olayotgan siz, azizlarni, yurtimizdagi jamiki mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Shunday saodatli damlarga yetkazgani uchun Alloh taologa behisob shukronalar bo‘lsin!
Sidqidildan qilgan duo va niyatlarimiz, ehson va amallarimizni Parvardigori olam o‘z dargohida qabul aylasin!
Inson qadrini ulug‘laydigan savobli ishlarimiz bardavom bo‘lsin!
Aziz yurtdoshlar!
Hammamizga ayonki, islom dini – tinchlik, ezgulik va insonparvarlik dinidir. Muqaddas kitoblarimizda
«Tinchlik-omonlik, o‘zaro do‘stlik va ahillikka intilib yashash – chin mo‘minga xos fazilatdir», deb ta’kidlangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Bu yilgi Ramazoni sharif kunlarida ana shu qadriyatlar hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘ldi.
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dinimizning asl mohiyati bilan, uning olijanob g‘oya va tushunchalari bilan uyg‘un va mushtarak ekanini barchamiz yana bir bor chuqur his etdik.
Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan ushbu oyda diyorimiz musulmonlari diniy amallarni emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Bemorlar, nogiron va keksa insonlar, kam ta’minlangan oilalar, ehtiyojmand qatlamlarga mehr va e’tibor yanada kuchaydi. Buni birgina misol, ya’ni ko‘makka muhtoj insonlar uchun 20 milliard so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilib, mahalla va xayriya tashkilotlari tomonidan barcha hududlarimizda iftorlik va ehson marosimlari o‘tkazilgani ham tasdiqlaydi.
Ayniqsa, 25-mart oqshomida Namanganda Farg‘ona vodiysidagi uchta viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan, butun mamlakatimiz mahallalarini qamrab olgan iftorlik marosimlari ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqini bamisoli bir dasturxon atrofida birlashtirib, ushbu oyga xos ezgu fazilatlarning yana bir mujassam ifodasi bo‘ldi.
Qutlug‘ Ramazon kunlarida bir guruh ulamolarimiz xorijiy mamlakatlarga borib, vatandoshlarimizga xalqimizning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazib, ularni islom ma’rifatidan bahramand etganlari ayniqsa e’tiborga sazovordir.
Hurmatli do‘stlar!
Yangi O‘zbekistonda yurtimizdagi barcha millat va konfessiya vakillari uchun vijdon erkinligini ta’minlash, ularning tili, madaniyati va urf-odatlarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, yangi masjidlar barpo etilmoqda, ulug‘ allomalar, aziz-avliyolarimizning qadamjolari obod qilinmoqda, milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanmoqda. Muborak Haj va Umra ziyoratlari uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.
Mana, bu yil ham Ramazon hayiti munosabati bilan yurtimizda uch kunlik dam olish e’lon qilindi. Bu esa bayramni yanada fayzli va mazmunli o‘tkazishga, o‘zaro mehr-muruvvat rishtalarini bog‘lashga xizmat qiladi, albatta.
Hech shubhasiz, bu boradagi ishlar kelgusida ham davom ettiriladi. Buning uchun hozir dunyoda yuzaga kelgan g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda diyorimizdagi tinch va osoyishta hayotni ko‘z qorachig‘idek asrab, yanada hamjihat bo‘lib, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini, o‘ylaymanki, barchamiz yaxshi anglaymiz.
Nuroniylar, diniy-ma’rifiy soha vakillari, ko‘pmillatli do‘stlik jamiyatlarining namunali hamkorligi va ularning «Yashil makon» umummilliy loyihasidagi faol ishtiroklarini alohida mamnuniyat bilan qadrlaymiz.
Ayni vaqtda yoshlarimizni azaliy qadriyatlarimiz bilan birga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, Vatan tuprog‘ini ko‘ziga to‘tiyo qilib yashaydigan insonlar etib tarbiyalash asosiy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz lozim. Jumladan, «Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz» degan shior asosida ta’lim maskanlari va mahallalarda olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni kuchaytirishimiz kerak.
Bu borada Haj va Umra safarlariga borib kelgan yurtdoshlarimizning «mahalla yettiligi» va faollarimiz bilan birga alohida o‘rnak ko‘rsatish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Yaratganning rahmati va mag‘firati ziyoda bo‘lib turgan ushbu munavvar lahzalarda xorijdagi yurtdoshlarimizni, uzoq va yaqin davlatlardagi barcha musulmon ummatini Ramazon hayiti bilan sidqidildan muborakbod etamiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan mana shu mo‘tabar ayyomda sizlarni muborak Ramazon hayiti bilan yana bir bor chin yurakdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Ilohim, barcha ezgu niyatlarimiz amalga oshsin!
Yaratganimizning o‘zi el-yurtimizni panohida asrasin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Бошка Mamlakat yangiliklari
- O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi
- Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi
- Xususiylashtirish dasturi bo‘yicha axborot berildi
- Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida
- Yangi Toshkent qurilishi ma’rifat maskanlaridan boshlanadi