Asosiy menu

“Obod va ko‘rkam mahallam” obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING

FARMOYISHI


«Navro‘z» umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, hududlarning epidemiologik osoyishtaligini saqlash, sog‘lom turmush tarzi va sanitariya-gigiyenik madaniyatni targ‘ib qilgan holda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik vakillarining 2021-yil 13-mart kuni mamlakatimizning barcha hududlarida «Obod va ko‘rkam mahallam» obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. 2021-yil 13-mart kuni «Obod va ko‘rkam mahallam» obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini (keyingi o‘rinlarda — umumxalq hashari) o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Ishchi guruh (A. Ramatov), O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari umumxalq hasharini o‘tkazish doirasida quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutsinlar:

mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish;

«Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam» shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, daraxtlarni oqlash va butash;

ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionyerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish;

joylarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari o‘tkazilishi jarayonida to‘plangan chiqindilarning mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishini ta’minlash;

obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish qatnashchilarini zarur texnika vositalari va anjomlar bilan ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018-yil 10-maydagi 349-son qaroriga muvofiq umumxalq hasharini tegishli tashkilotlar hududiga mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazish;

umumxalq hashari doirasida bo‘lmagan boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlarini amalga oshirish;

avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlanganligini qat’iy nazoratga olish;

ushbu targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida joylarda ish beruvchilar tomonidan hasharda ko‘zda tutilgan ishlar uchun ishchilarni majburiy tarzda jalb etishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, shunday holatlarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga jazo choralarini qo‘llash.

4. O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi Akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog‘i, Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda belgilangan miqdordagi ko‘chatlar hamda qalamchalarni olish istagini bildirgan respublika bo‘yicha hududlardagi barcha xo‘jalik birlashmalari va tashkilotlarga shartnoma asosida va qonunchilikda belgilangan tartibda pul o‘tkazish yo‘li bilan tashkilotlarning ushbu tadbirlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lari hisobidan yetkazib berilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va mahalliy davlat hokimiyati organlariga «Obod va ko‘rkam mahallam» obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish tadbiriga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, uy-joy mulkdorlari shirkatlari, shuningdek, respublikaning barcha aholisi, ayniqsa, yoshlarni jalb etishda ixtiyoriylik ta’minlansin.

6. Umumxalq hasharini o‘tkazish munosabati bilan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning ixtiyoriy mablag‘lari O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limi, tuman va shahar bo‘linmalari boshqaruvlarining bankdagi hisobvaraqlariga o‘z tashabbusiga ko‘ra o‘tkazilishi tavsiya etilsin.

7. O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi umumxalq hasharidan tushgan mablag‘larning kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz qariyalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, «Nuroniy» jamg‘armasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi «Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha xarajatlarini qoplash va xodimlarini bir marta moddiy rag‘batlantirish, ichki turizm hamda aholiga qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi tadbirlarga sarflanishini nazarda tutsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi umumxalq hashari kunlari sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etgan holda, jamoat tartibini saqlash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rsin hamda texnik jihatdan soz bo‘lgan texnika vositalaridan foydalanishni nazoratga olsin.

9. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga umumxalq hasharini keng yoritish tavsiya etilsin.

10. Mazkur farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV


Toshkent sh.,

2021-yil 10-mart,

96-F-son