Asosiy menu

Prezident Kosonda mirishkorlar bilan uchrashdi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Koson tumanidagi «Koson» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.

82 gektar maydonga ega xo‘jalik asosan shu ekinlarga ixtisoslashgan. O‘tgan yili paxtadan 41, g‘alladan 70 sentnerdan oshirib hosil olingan. Daromad ham shunga yarasha yaxshi bo‘lgan - o‘tgan yili 357 million so‘m daromad topilgan.

Buning evaziga xo‘jalikka texnikalar xarid qilindi, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatildi.

– Bozor iqtisodiyotida ishni harakatlantiruvchi kuch nima? Manfaat. Fermer xo‘jaliklari ham daromadni ko‘paytirishni o‘ylashi kerak. Daromad bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Unumdorlikni oshirish uchun foydaning bir qismini ilmga, yangi texnologiyalarga sarflash kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fermer xo‘jaligida paxta va g‘alla dalalari atrofiga tok, tut va oshqovoq ekilgan. Prezidentimiz bu tajribani kengaytirib, barcha klaster va fermer xo‘jaliklari dalasidagi atrofidagi bo‘sh joylarda meva-sabzavotlar yetishtirish zarurligini ta’kidladi.

Qashqadaryoda qishloq xo‘jaligida eng katta muammolardan biri – suv kamligi. Shu bois yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

«Koson» fermer xo‘jaligida ham yomg‘irlatib sug‘orish tashkil etilgan 23 gektar g‘alla baravj o‘smoqda. Bu yil yana 23 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib hamda 30 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadi. Natijada 46 ming metr kub cuv, 11 tonna mineral o‘g‘it iqtisod qilinadi. 

Shu yerda suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish tizimini takomillashtirishga oid loyihalar muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari klasterlarga qarashli yerlarga suv yetkazib berish bo‘yicha ular bilan davlat-xususiy sheriklikni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.