Asosiy menu

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-5853-son farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi doirasida 2021 yilda:

1) oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish yo‘nalishida:

a) shakllangan dehqonchilik ko‘nikmalari, tuproq-iqlim sharoiti, suv ta’minotidan kelib chiqib, respublikaning barcha tumanlari hududlari muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga bosqichma-bosqich ixtisoslashtiriladi. Bunda:

qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda asosiy e’tibor uning hosildorligi, eksportbopligi, yaxlit maydonlarda yetishtirilishiga qaratiladi;

kooperatsiya va klaster tizimi asosida mahsulot yetishtirish, uni qayta ishlash, saqlash va ichki hamda tashqi bozorlarga sotish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirish uchun kamida bitta tuman hududini organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirsin;

v) Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish, 2021 yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish bo‘yicha hukumat qarorini qabul qilsin. Bunda, joriy yilda paxta maydonlarini 33,6 ming gektarga va g‘alla maydonlarini 40 ming gektarga qisqartirish hamda 320 ming gektar yerlarni foydalanishga kiritish hisobiga oziq-ovqat va ozuqa ekinlari maydonlari 193,6 ming gektarga kengaytiriladi;

g) Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi 2021 yil 1 apreldan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda hudud ixtisosligidan kelib chiqib, tuman hokimliklari zaxirasidagi yaxlit holda 300 gektargacha yer maydonlarida plantatsiya usulida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish va yetti yil muddatda to‘lash sharti bilan aholiga sotish tizimini yo‘lga qo‘ysin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari yangi bog‘ va tokzorlar barpo etishga qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan ochiq yer maydonlari, zaxirada turgan hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, yaroqsiz va iqtisodiy jihatdan samarasiz deb topilgan bog‘lar joylashgan yer maydonlari ajratilishini ta’minlasin;

d) kooperatsiya shartlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun yoshlarga foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari ijaraga beriladi, shuningdek, fermer xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining ekin maydonlari ikkilamchi ijaraga beriladi;

Bunda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda:

yoshlar uchun ekin maydonlari, avvalo, aholi yashaydigan qishloq hududlariga yaqin yerlardan tanlanishiga, konturlar yaxlitligi saqlanishiga hamda yoshlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga o‘rgatish uchun tajribali agronomlar jalb qilinishiga;

yerlarni ekishga tayyorlash va ekinlarga ishlov berish uchun zarur bo‘lgan qishloq xo‘jaligi texnika va mexanizmlari, suv hamda ish qurollari bilan ta’minlashga;

yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotishga ko‘maklashsin;

2) qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish yo‘nalishida shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra bir tumanda uchtagacha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzish huquqi beriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, «O‘zto‘qimachiliksanoati» uyushmasi, Paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda agroklasterlarni tashkil etish, ularga yer maydonlari ajratish, ular faoliyatining asosiy kafolatlarini va qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi tartib va taomillarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

3) yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishida:

a) yerning bozor qiymatini baholash hamda keyinchalik undan garov ta’minoti sifatida foydalanish amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi birinchi navbatda, bog‘, tok va issiqxona joylashadigan maydonlarning bozor qiymatini aniqlash va garov ta’minoti sifatida foydalanish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan va o‘zlashtiriladigan yer maydonlarining prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;

v) Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda mavjud suv infratuzilmasini yaxshilashni nazarda tutuvchi 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni belgilasin. Bunda:

1 758 km kanal, 443 km lotok, 329 ta gidrotexnika inshootlari, 1 899 km kollektor-drenaj, 728 km yopiq gorizontal va vertikal drenaj, 1 896 ta meliorativ kuzatuv quduqlari va boshqa ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish;

5 026 km magistral kanal, 45 595 km melioratsiya tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash, 518 ta nasos agregatlari hamda 807 ta elektrodvigatellarni yangilash;

suv resurslaridan foydalanishni onlayn rejimda nazorat qilish, gidrologik postlarni raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan uskunalar bilan jihozlash, sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish nazarda tutiladi;

4) qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan davlat xarajatlarini bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish yo‘nalishida:

a) 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga sertifikatlangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini xarid qilish uchun ajratiladigan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagi miqdorlarda kompensatsiya taqdim etiladi:

milliy valyutada kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi;

xorijiy valyutada kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi;

kredit summasining 50 foizigacha miqdorida kafillik taqdim etiladi;

b) 2021 yil 31 dekabrga qadar mahalliy urug‘chilik xo‘jaliklaridan sertifikatlangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga sotib olingan urug‘ va ko‘chatlar qiymatining 20 foizigacha Davlat byudjetidan qoplab beriladi;

v) limon yetishtiriladigan issiqxonalar barpo etishda muqobil energiya (tabiiy gazga nisbatan) orqali ishlaydigan isitish tizimini xarid qilish xarajatlarining bir qismini davlat byudjetidan qoplash tartibi joriy etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.A.Xodjayev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) bilan birgalikda bir oy muddatda sertifikatlangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlari qiymatining, shuningdek, limon yetishtiriladigan issiqxonalarni barpo etishda muqobil energiya orqali ishlaydigan isitish tizimini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

g) Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning talablari asosida viruslardan xoli, yuqori hosilli sertifikatlangan urug‘ va ko‘chatlarni yetishtirish va yetkazib berish tizimini samarali yo‘lga qo‘ysin;

d) 2021 yil 1 martdan boshlab «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni rivojlantirish uchun aholiga ajratiladigan kreditlar muddati 3 yildan 7 yilgacha, imtiyozli davr esa 1 yildan 3 yilgacha uzaytiriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi mazkur kichik bandga asosan ajratiladigan kreditlarni moliyaviy resurslar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;

5) ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish yo‘nalishida:

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining tarkibidagi ilmiy muassasalarning yer maydonlarida tadbirkorlik sub’ektlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda sabzavot, poliz va kartoshka, dukkakli, moyli ekinlar, mevali va tok ko‘chatlari yetishtirishni tashkil etsin;

hududlarda shakllangan dehqonchilik ko‘nikmalari va ilg‘or tajribalardan kelib chiqib, mahalliy sertifikatlangan yuqori hosilli va sifatli urug‘chilik hamda ko‘chatchilikni keng joriy etish maqsadida ilmiy-tadqiqot institutlari 2-ilovaga muvofiq tumanlarga biriktirilsin;

6) qishloq xo‘jaligi tarmog‘i statistikasining shaffof mexanizmini yaratish yo‘nalishida Qishloq xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni nazarda tutuvchi 2021 yilda sohada axborot texnologiyalarini rivojlantirish choralarini ko‘rsin:

yerdan foydalanuvchilar reyestri bo‘yicha 3 mln gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarning monitoringini yo‘lga qo‘yish;

5 turdagi asosiy qishloq xo‘jaligi ekinlarining (paxta, g‘alla, sholi, kartoshka, moyli ekin) ekilishini kosmik sur’atlar yordamida tahlil qilish;

«ArcGIS» dasturi yordamida qishloq xo‘jaligi yerlarining asosiy va takroriy ekin turlari, hosildorlik darajasidan kelib chiqib, interfaol xaritada kuzatish imkoniyatiga ega yagona axborot bazasini shakllantirish hamda uning milliy geoaxborot tizimi bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;

yer maydonlari va tuproq tarkibi to‘g‘risidagi axborotlar, ekinlarni joylashtirish, maqbul agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha va boshqa ilmiy-innovatsion yutuqlar va ilg‘or tajribalarni muntazam taqdim etish;

ustuvor qishloq xo‘jaligi mahsulotlari haqida bozor ma’lumotlarini keng ommaga ochiq taqdim etish;

yagona integratsion platformani axborot xizmatlari bilan boyitish, jumladan, kadastr, ob-havo ma’lumotlari, arizalarni elektron rasmiylashtirish tizimi, kreditlash va subsidiyalash, agroxizmatlar, agroskouting xizmati, fitosanitariya xizmatlari, monitoring xizmatlari va boshqa qishloq xo‘jaligi jarayonlarini kuzatish tizimini joriy etish;

milliy geoaxborot tizimi bilan integratsiya qilish, yer va suv resurslari bo‘yicha uzluksiz ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash.

2. Meva-sabzavotchilik klasterlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa mahsulot yetishtiruvchilarni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, mamlakatning eksport salohiyatini hamda investitsion jozibadorlikni oshirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida 2021 yilning yakuniga qadar faoliyat yuritadigan meva-sabzavotchilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish Respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.

Kengashning asosiy vazifalari etib:

bir oyda kamida bir marta joylardagi meva-sabzavotchilik tarmog‘iga oid muammoli masalalarni ko‘rib chiqish hamda ularni bartaraf etish;

meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joylarga tashrifi va yig‘ilishlaridagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash;

o‘rganishlar asosida aniqlangan tizimli muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qonunchilikni yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish belgilansin.

Belgilansinki, Kengashning ishchi organi funksiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuklatiladi.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari etib quyidagilar belgilansin:

qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda ekin turining hududlar tuproq-iqlim sharoitiga mosligi, hosildorligi, eksportbopligi, yaxlit maydonlarda yetishtirilishini ta’minlash;

har bir tumanda sertifikatlangan urug‘ va ko‘chatlarni yetishtirish hamda yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish;

xususiy sektorni keng jalb qilgan holda Organic, Global G.A.P. va boshqa xalqaro tan olingan standartlar talablariga muvofiq sinov laboratoriyalarini tashkil etishga ko‘maklashish;

hududlarning organik mahsulot ishlab chiqarish salohiyatidan foydalanish imkoniyatini oshirish, ilg‘or agrotexnologiyalar, innovatsiyalarni joriy etish;

tuproqni himoya qilish tizimi, pestitsid va o‘g‘itlarni me’yorda ishlatishni va kimyoviy vositalarning ular sifatini ilmiy asoslangan holda qo‘llanilishini nazorat qilish;

hududlarda suv xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilash va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish;

xususiy sektorni keng jalb qilgan holda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro talablar asosida, sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘liq sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan laboratoriyalar, bojxona terminallari va boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish.

4. Quyidagilar:

har bir tumanni qishloq xo‘jaligi ekinlari muayyan turini yetishtirishga ixtisoslashtirishga – qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sh.J.Teshayev;

qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishini hamda yerlarni foydalanishga kiritishni monitoring va nazorat qilishga – qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari M.I.Ro‘zmetov;

mahsulot yetishtiruvchilarni urug‘ va ko‘chat bilan ta’minlashda ilmiy asoslangan tavsiyalarni joriy etishga – qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari A.M.To‘rayev;

qishloq xo‘jaligini barqaror suv resurslari bilan ta’minlash, suv xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilash va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga – suv xo‘jaligi vaziri Sh.R.Xamrayev;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish tizimiga qo‘shimcha mexanizmlar va moliyaviy vositalarni joriy etishga qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sh.Sh.Mirzayev;

qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat bozori monitoringini yuritish tizimiga axborot texnologiyalarini joriy qilishni kengaytirishga – qishloq xo‘jaligi vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari Q.A.Yuldashev shaxsan mas’ul etib belgilansin.

5. Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev ikki hafta muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2021 yilda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan va o‘zlashtiriladigan yer maydonlari bo‘yicha viloyatlar va tashabbuskorlar kesimida manzilli ro‘yxatni tasdiqlasin.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

a) 2021 yil 1 avgustga qadar:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda BMTning barqaror taraqqiyot maqsadlarida belgilangan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha mezonlar va boshqa ilg‘or tajribalar asosida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi va iste’moli bo‘yicha dasturini;

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Gidrometeorologiya xizmati, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga iqlim o‘zgarishi ta’sirining oldini olish va unga moslashish bo‘yicha harakatlar rejasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

b) ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

7. Mazkur qarorning ijrosini tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti                       Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 26 fevral