Asosiy menu

Qishloq xo‘jaligi xodimlari Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilandi. Yurtimiz bo‘ylab bu yil ilk bor nishonlayotgan ushbu sana «Hosil bayrami» tadbirlari bilan uyg‘un o‘tmoqda.

Mustaqilligimiz va taraqqiyotimizning mustahkam huquqiy asosi – Konstitutsiyamiz qabul qilinganiga 25 yil to‘ldi. Qo‘shaloq bayramlar kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlardan poytaxtimizga tashrif buyurgan agrar sohaning eng ilg‘or vakillari Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘ydi.
– Inson uchun tinchlik va totuvlikdan ko‘ra qadrliroq ne’mat yo‘q, – deydi Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanidagi «Bog‘ot» fermer xo‘jaligi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sharifboy Rajabov. – Bugun biz erishayotgan yutuqlar zamirida ana shu buyuk ne’matlar sharofatidan. Ayniqsa, Prezidentimizning qishloq xo‘jaligiga, tadbirkorlikni, fermerlik harakatini rivojlantirishga doir sa’y-harakatlari, sohaga bo‘lgan yuksak e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Bugun barchamizda islohotlarimizga daxldorlik hissi, mehnatimiz samarasiga bo‘lgan ishonch ortmoqda. Bu jihatlar dehqonu fermerlarimizning chin mehnati tufayli mo‘l hosil yetishtirilayotganida ham yaqqol namoyon. Bugungi bayramlar bizni yanada ruhlantirib, yangicha ruhda mehnat qilishga undaydi.

UzA