Onlayn maslahat
Tadbirkorlar un mahsulotlarini qanday tartibda olishi mumkin?
Korxonalar ishlab chiqarilgan unni birja savdolariga qo‘yib bormoqda. Tadbirkorlar un mahsulotini birja savdolari orqali cheklanmagan miqdorda olishi mumkin. ( https://uzex.uz/Trade/OffersSum )
Aholi jon boshiga ajratiladigan un mahsulotlari miqdorini ko‘paytirib berish uchun kimga murojaat qilish kerak?
Aholi ta'minoti uchun ajratiladigan un hajmlari tumanlar va shaharlar kesimida ularning joylashuvi, ixtisoslashuvi va boshqa ichki xususiyatlarini e'tiborga olgan holda ehtiyojlarini aniqlab, iste'molchilar ro‘yxatini va dislokatsiyasini ishlab chiqish viloyat hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu savol bilan viloyat hokimligiga murojaat qilish kerak.
Ishlab chiqarilayotgan non mahsulotlari sifati to‘g‘risidagi savol bilan kimga murojaat qilish kerak?.
Ishlab chiqarilayotgan non mahsulotlari sifati ishlab chiqarilgan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatini beruvchi tashkilotlar tomonidan nazorat qilinadi.
Ushbu savol bilan «O‘zstandart» agentligining hududlardagi bo‘linmalariga murojaat qilish kerak.
Bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida e'lonlar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilmagan bo‘lsa ishga joylashish to‘g‘risidagi savol bilan kimga murojaat qilish kerak?
Ishga joylashish to‘g‘risidagi savol Mehnat vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Ushbu savol bilan Mehnat vazirligiga murojaat qilish kerak.
Transport xizmatlari bo‘yicha shartnoma shartlari bajarilmayotgan korxonalar to‘g‘risidagi savol bilan kimga murojaat qilish kerak?
Kichik biznes, xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta'minlash hamda shartnomaviy-huquqiy intizomni mustahkamlash, shartnomalarni tuzish va bajarishda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ushbu savol bilan Adliya vazirligiga murojaat qilish kerak.
Tadbirkorlik sub'yeklari uchun bug‘doy yoki arpa fondini ajratish to‘g‘risidagi savol bilan kimga murojaat qilish kerak?
Bug‘doy va arpa mahsuloti davlat resursi hisoblangani uchun bug‘doy va arpaga fond ajratish masalasi Iqtisodiyot vazirligi vakolati doirasida hal etiladi.
Ushbu savol bilan Iqtisodiyot vazirligiga murojaat qilish kerak.
Bug‘doy kepagi sotib olishga fond ajratish to‘g‘risidagi savol bilan kimga murojaat qilish kerak?
Bug‘doy kepagi omuxta yem ishlab chiqarish uchun asosiy xom ashyo bo‘lganligii uchun sotuvga qo‘yilmaydi. Ishlab chiqarilgan omuxta yem mahsulotlari birja orqali sotiladi.
G‘alla hosili uchun tuzilgan kontraktatsiya shartnomasiga qo‘shimcha ravishda shartnoma tuzish to‘g‘risidagi savol bilan kimga murojaat qilish kerak?
Don korxonalari tuman hokimlarining g‘alla ekinlarini joylashtirish to‘g‘risidagi qarorlari asosida davlat ehtiyojlari uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari tuzishadi.
Qo‘shimcha shartnoma tuzish yuzasidan tuman hokimligiga murojaat qilish maqsadga muvofiq.