Asosiy menu

Kuniga 25-30 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib berilmoqda

Mamlakatimiz mustaqilligining 25-yilligi munosabati bilan poytaxtimiz bozorlarida tashkil etilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdo yarmarkalari aholiga yanada keng qulayliklar yaratmoqda.

Ayni paytda o‘lkamizda pishiqchilik. Bozorlarimiz fermeru sohibkorlarning fidokorona mehnati evaziga yetishtirilgan nozu ne’matlar bilan to‘kin. Sarxil meva va sabzavotlar, poliz hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari nafaqat arzonligi, balki serobligi bilan ham ko‘zni quvontiradi. Zamonaviy qiyofa kasb etib, xizmat ko‘rsatish madaniyati yuksalgan bozorlarimiz mustaqillik bayrami arafasida yanada gavjumlashgan. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasi ulardagi fayz va to‘kinlikni yanada oshirmoqda.

“Toshbozorsavdo” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlarini poytaxtimizga arzon narxda keltirish, sotuvchiyu xaridorlarga keng qulaylik yaratish maqsadida har bir dehqon bozori hududida Mustaqilligimizning 25-yilligi munosabati bilan savdo yarmarkalari tashkil etildi.

«Qo‘yliq dehqon bozori»da Namangan viloyati fermer xo‘jaliklari vakillari yigirmadan ortiq turdagi meva-sabzavot va poliz mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘ygan.

– Viloyatimiz fermerlari har kuni poytaxtliklar dasturxoniga 25-30 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib bermoqda, – deydi Namangan viloyati hokimligi vakili Alisher Javharov. – Joriy yilda yetishtirilgan 70 ming tonna uzum, 90 ming tonna meva, 80 ming tonna kartoshka kabi mahsulotlarning asosiy qismi ichki bozorga yetkazib berilsa, yana bir qismi chet davlatlarga eksport qilinadi. Bu borada shartnomalar imzolangan.

Yarmarkada yurtimizda ishlab chiqarilgan sifatli mahsulotlar xaridorlarga taqdim etilayotir. “Samarqand parranda”, “Ay-Sirem”, “Dena”, “Agromir” kabi o‘ttizdan ziyod korxonada ishlab chiqarilgan yuqori sifatli sarxil mahsulotlar bozor fayzini yanada oshirmoqda.

– Bozorga keluvchilar arzon va sifatli mahsulot xarid qilishni xohlaydi, – deydi «Qo‘yliq dehqon bozori»ning savdo va ijara bo‘limi boshlig‘i Nargiza Oripova. – Shu jihatdan Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Namangan viloyatlaridan keltirilgan go‘sht va qishloq xo‘jalik mahsulotlari, Xorazm guruchlari qisqa vaqt ichida ko‘pchilikning ishonchini qozondi. Bozorimizda “Elga xizmat” korxonasi ham ishlab turibdi. Uning sakkizta shoxobchasida avgust oyining o‘tgan davrida plastik kartochkalar orqali 200 million so‘mlik to‘lov amalga oshirildi.

– Ayni kunlarda bozorlarimizda sarxil meva-sabzavotlarni arzon narxlarda, saralab xarid qilish imkoniyati mavjud, – deydi 63 yoshli Xatminiso Dadajonova. – Piskentdan mehmonga kelayotgandim, bozorga kirib nabiralarim uchun o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan “Quvonch”, “Yulduzcha” pechenyesidan xarid qildim. Sifati yuqori, qadog‘i chiroyli, narxi hamyonbop, ko‘rinishi ham nomiga loyiq. Xalqimizning farovon turmush kechirishi va kelajagini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratayotgani uchun Yurtboshimizdan cheksiz minnatdormiz.

Savdo yarmarkalariga kelgan barcha mahsulotlar bozorlardagi mavjud veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasi xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, tegishli sertifikat bilan ta’minlangach, sotuvga chiqarilmoqda.

– Bozorlarimizdagi fayzu barakani, tozalik va obodlikni ko‘rib, diling yayraydi, – deydi Bektemir tumanida yashovchi Mirsiddiq Maxsumov. – Ayniqsa, bayramlar arafasidagi savdo yarmarkalari aholiga yanada keng qulaylik yaratayotir. Yurtimizda yetishtirilgan mevalarning mazasi tilni yoradi.

Bunday farovonlik va mo‘l-ko‘lchilik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Buning zamirida Prezidentimiz rahnamoligida uzoqni ko‘zlab, xalq manfaati va yurt istiqboli yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil va bosqichma-bosqich islohotlar, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, zaxmatli mehnati, azmu shijoati mujassamdir.

– Bozorlarimiz yilning barcha faslida birdek to‘kin-sochin, – deydi xaridor Maftuna Rahimova. – Pishiqchilik davrida bevosita daladan olib kelinayotgan mahsulotlarning eng sarasini tanlab, ishlab chiqaruvchining o‘zidan xarid qilganga nima yetsin?! Bularning barchasi oilalar mustahkamligiga, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yanada ziyoda bo‘lishiga xizmat qiladi.

Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz ayyomi – Vatanimiz mustaqilligining 25-yillik bayrami arafasida aholi farovonligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkalari poytaxtimiz bozorlari va tuman markazlaridagi savdo rastalarida joriy yilning 5-sentabriga qadar davom etadi.

UzA