Asosiy menu

Meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasiga tayyorgarlik

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida “Xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash – ustuvor vazifa” mavzuida anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida erishilayotgan yutuqlar qayd etildi.

Oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi ekin maydonlari kengaytirilayotgani, ilg‘or zamonaviy va intensiv agrotexnologiyalar amaliyotga joriy qilinayotgani samarasida ta’minlanmoqda. Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari meva va uzumning 40 dan ortiq serhosil navini yaratdi. O‘zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining seleksionerlari har xil muddatda pishadigan hosildor, yuqori sifatli hamda kasalliklarga chidamli sabzavot ekinlarining 41, polizning 5, kartoshkaning 6 yangi navini kashf etdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, keyingi uch yilda 23,5 ming gektar yangi tokzorlar barpo etilib, 17,4 ming gektar hosildorligi past tokzorlar rekonstruksiya qilingan. Oxirgi besh yilda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida 32 ming gektar maydonda intensiv mevali bog‘ yaratilgan.

– Mustaqillik yillarida bog‘-tokzorlar, sabzavot, poliz va kartoshka ekin maydonlarini kengaytirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida o‘tkazish, yuqori sifatli ko‘chat va urug‘ navlarini ekish hisobiga hosildorlik yil sayin ortmoqda, – deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Faxriddin Qirg‘izboyev. – Xususan, 2015-yilda 1991-yilga nisbatan bog‘dorchilikda qariyb 3,3, uzumchilikda 2,5, sabzavotchilikda 1,4, polizchilikda 1,8 va kartoshkachilikda 2,6 barobar o‘sishga erishildi. Ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligi saqlanib, ko‘pchiligi bo‘yicha narxlar arzonlashdi.

Prezidentimizning joriy yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini qayta ishlash, ichki iste’mol bozorini ushbu mahsulotlar bilan barqaror ta’minlash va ularning eksportini yanada oshirish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilab berildi.

Davlat buyurtmasi uchun joriy yil hosilidan boshlab 4 million 77 ming tonna meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari qabul qilinadi. Ular qayta ishlanib, bir qismi eksport qilinsa, qolgani aholini qish-bahor oylarida oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash uchun zaxiraga g‘amlanadi. Ayni vaqtda 12-14-iyul kunlari Toshkent shahrida I xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasini o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Tadbirda aholini arzon, sifatli, ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlari bilan yanada to‘liq ta’minlash, eksport hajmini ko‘paytirish, yetishtirilgan mahsulotlarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar xususida ma’lumot berildi.


UzA