Asosiy menu

IQTISODIYOTDA DAVLAT ISHTIROKINI QISQARTIRISHNING QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI


IQTISODIYOTDA DAVLAT ISHTIROKINI QISQARTIRISHNING QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA


So‘nggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish, samarasiz ishlayotgan va istiqbolsiz korxonalarni tugatish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oxirgi uch yilda ustav fondida davlat ulushi mavjud 300 ga yaqin xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari (keyingi o‘rinlarda — davlat ishtirokidagi korxonalar) va 1 600 dan ortiq ko‘chmas mulk obyektlari xususiylashtirildi, 650 dan ortiq korxonalar tugatildi va 160 tasi qayta tashkil etildi.

Xususiy sektor muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan va raqobat rivojlangan sohalarda davlat ishtirokini yanada qisqartirish maqsadida:

1. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Davaktiv agentligi) tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirlik va idoralar, davlat ishtirokidagi korxonalar bilan birgalikda 30 mingdan ortiq davlat muassasalari, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tizim korxonalari hamda ko‘chmas mulk obyektlari tahlil qilinib, ularni qisqartirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

Quyidagilar:

ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1 001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

aksiya paketlari «bitta aksiya — bitta lot» tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladigan 40 ta korxonalar ro‘yxati 1a-ilovaga muvofiq;

ommaviy savdolar orqali sotiladigan 1 046 ta davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarning ko‘chmas mulk obyektlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

munitsipal mulk obyektlarini belgilash mezonlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, mazkur qarorga 1a-ilovadagi davlat aksiya paketlarini sotish doirasida:

eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida professional tashkilotlar savdo jarayonlarini tashkil etish uchun jalb etilishi mumkin;

mahalliy investorlarga «E-auksion» elektron savdo platformasi, shu jumladan mobil ilovasi orqali real vaqt rejimida ularni identifikatsiya qilish, investitsiya vositachilari bilan shartnoma tuzish va depo hisob raqamini ochish imkoniyati yaratiladi;

aksiyalarni sotib olishda «E-auksion» elektron savdo platformasida barcha investitsiya vositachilari va ularning mijozlari ishtirok etishi uchun teng sharoitlar yaratiladi;

aksiyalarni sotib olish uchun elektron arizalar mahalliy investorning o‘zi tomonidan yoki investorlar nomidan harakat qiluvchi investitsiya vositachisi orqali berilishi mumkin;

onlayn auksionlar yakunlariga ko‘ra oldi-sotdi shartnomalari qimmatli qog‘ozlar savdolari tashkilotchilarining savdo maydonchalaridan tashqarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va uning natijasi to‘g‘risidagi ma’lumot investorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.

3. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi deb qayta nomlansin hamda uning yangilangan tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi (A. Aripov):

ikki hafta muddatda mazkur qarorga 1-, 1a- va 2-ilovalardagi aktivlarni 2023-yilda savdoga chiqarish grafiklarini tasdiqlasin;

aktivlarni savdoga chiqarishda, zarurat bo‘lganda ularning amaldagi faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish yoki negizida ma’lum bir yo‘nalishdagi faoliyatni tashkil etish kabi shartlarning belgilanishini inobatga olsin;

bir oy muddatda 1a-ilovada belgilangan korxonalarning aksiyalarini xalq IPOsini o‘tkazish asosida sotish tartibini tasdiqlasin.

4. Davaktiv agentligining «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish» AJ va «Qimmatli qog‘ozlarning markaziy depozitariysi» AJning kamida 10 foiz aksiyalarini mahalliy fond bozorida xalq IPOsini o‘tkazish orqali ommaviy joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

5. Belgilansinki:

a) fond birjasiga chiqarilgan davlat aksiya paketlarini sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat savdo jarayonlarida kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi;

b) barcha davlat muassasalarining asosiy vositalarini sotish yoki ijaraga berish «E-auksion» elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;

v) 2023-yil 1-iyuldan boshlab, jismoniy shaxslarga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi;

g) 2023-yil 1-sentabrdan boshlab:

ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali QR-kod qo‘yilgan holda beriladi;

onlayn auksion savdolarida davlat mulki obyektlarini sotib olgan xaridorlar bilan shartnomalar savdo natijasi bo‘yicha bayonnoma asosida «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron shaklda (shu jumladan elektron raqamli imzo orqali) rasmiylashtiriladi;

har chorakda tegishli vazirlik va idoralar xodimlarining joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi;

investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini «Davlat mulki» axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.

6. Vazirlar Mahkamasi:

a) ikki hafta muddatda tugatiladigan va qayta tashkil etiladigan davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat muassasalari ro‘yxati;

b) uch oy muddatda mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq munitsipal mulk obyektlarini belgilash mezonlarini inobatga olib:

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga asosan tasarruf etiladigan respublika mulklarining ro‘yxati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahri Kengashlari hamda ular bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasarruf etiladigan davlat mulki obyektlarining ro‘yxati tasdiqlanishini ta’minlasin.

7. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Davaktiv agentligi bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilovada keltirilgan korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni xatlovdan o‘tkazib, ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritib borsin.

8. Davaktiv agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda 2023-yil 1-sentabrga qadar davlat ixtiyoridagi istirohat bog‘larini xatlovdan o‘tkazib, ularning faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Bunda, hududlardagi barcha davlat istirohat bog‘larining tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida davlat muassasasi shaklida «Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari»ni tashkil etgan holda ularga o‘tkazilishi nazarda tutilsin.

9. Davaktiv agentligi (A. Ortiqov):

a) 2023-yil 1-iyunga qadar maydoni 2 000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini jismoniy shaxslar arizalari bo‘yicha xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibini tasdiqlasin;

b) quyidagilarni:

2023-yil 1-iyulga qadar respublika mulki va ma’muriy-hududiy tuzilmalar mulki (munitsipal mulk) obyektlarini boshqarish to‘g‘risidagi qaror loyihasini;

2023-yil 1-avgustga qadar Adliya vazirligi bilan birgalikda Davlat uy-joy fondiga qarashli uydagi kvartiraga (uyning bir qismiga) mulk huquqini e’tirof etish vakolatini mahalliy hokimliklarga o‘tkazishni nazarda tutgan holda, Davlat uy-joy fondiga qarashli uydagi kvartirani (uyning bir qismini) xususiylashtirish bo‘yicha yagona davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglament loyihasini;

uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti           Sh. MIRZIYOYEV


Toshkent sh.,

2023-yil 24-mart,

PQ-102-son



https://lex.uz/uz/docs/-6417192