"O`zdonmahsulot" AK

Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yurtdoshlarimizning vijdon erkinligi borasidagi huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli yaratilgan qulay imkoniyatlardan samarali foydalanib, xalqimiz muborak Ramazon oyini tinchlik-xotirjamlik va shukronalik bilan o‘tkazmoqda.

Ayniqsa, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylar jamoatchiligi, diniy ulamolarimiz tomonidan joylarda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy ishlar amalga oshirilayotgani, saxovat va mehr-muravvat tadbirlari doirasida kam ta’minlangan, yolg‘iz va nogironligi bo‘lgan insonlar holidan xabar olinib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatilayotgani Ramazon oyining ahamiyati va fayzu tarovatini yanada oshirmoqda.

Ana shunday xayrli ishlarning davomi sifatida ulug‘ ayyom – Ramazon hayitini munosib kutib olish va yuksak saviyada o‘tkazish, uning mohiyatida mujassam bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat, olijanoblik va bag‘rikenglik fazilatlarini asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, el-yurtimizning ezgu niyat va orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 21 aprel – juma kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatimizda 2023 yil 21 aprel kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Aholining Ramazon hayiti bayramini munosib kutib olishi va yuksak saviyada o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2023 yil 24 aprel (dushanba) kuni ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilansin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayiti xalqimizning milliy an’ana va qadriyatlariga mos ravishda o‘tkazilishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Madaniyat va turizm vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Ramazon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarini tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

4. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.


 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.Mirziyoyev