"O`zdonmahsulot" AK

Sun Litsze: «Tinchlik va osoyishtalik – O‘zbekiston xalqi erishgan eng oliy ne’mat»

Sun Litsze: «Tinchlik va osoyishtalik – O‘zbekiston xalqi erishgan eng oliy ne’mat»
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tarixi Buyuk ipak yo‘lining ilk davrlaridan boshlangan. Bugungi kunda ushbu rishtalar mustahkamlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi hurmat-ehtirom va ishonch, mustahkam huquqiy asosga ega munosabatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Navro‘z bayrami arafasida O‘zA muxbiri Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze bilan suhbatlashdi.

– Elchi janoblari, O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida so‘zlab bersangiz. Sizningcha, qaysi yo‘nalishlar ikki tomonlama hamkorlikda ustuvor ahamiyat kasb etadi?

– Xitoy O‘zbekiston bilan do‘stona hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston xalqi dono va uzoqni ko‘ra biladigan rahbar, Prezident Islom Karimov rahnamoligida barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Mamlakatingiz jahonda o‘zining munosib o‘rnini egalladi. O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarni yanada kengaytirib, mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. O‘zbekistonning yuksak siyosiy obro‘-e’tibori va iqtisodiy salohiyati xalqaro maydonda tan olingan. Mamlakatingiz mintaqa taraqqiyoti va farovonligiga katta hissa qo‘shmoqda.

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan so‘ng ikki davlat rahbarlarining alohida e’tibori va tashabbuslari samarasida mamlakatlarimiz hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Barcha sohalarda izchil davom etayotgan hamkorlik barqarorlik va taraqqiyotga erishish yo‘lida mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya hamda boshqa ko‘plab ikki tomonlama muhim hujjatlar asosida izchil rivojlanib borayotir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014-yil avgust oyida Xitoyga davlat tashrifi ikki tomonlama strategik hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berdi. Ushbu tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lami yanada kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar aloqalarni kengaytirish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash ikki tomonlama munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar an’anaviy do‘stlik, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik ruhida izchil rivojlanib borayotir.

Xitoy va O‘zbekiston ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlatlardir. Hamkorlikni rivojlantirishdan har ikki tomon ham manfaatdorligi tufayli savdo-iqtisodiy sheriklik rivojlanib, o‘zaro savdo aylanmasi hajmi jadal o‘sib bormoqda. O‘zbekistonda Xitoy investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan besh yuzga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, yetmishdan ziyod kompaniyaning vakolatxonalari ishlab turibdi. Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik investorlaridan biridir. Xitoylik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda va mamlakatingizga sarmoyalar kiritib, yangi-yangi qo‘shma korxonalar tashkil etmoqda.

Hamkorligimiz ko‘lami yoqilg‘i-energetika sohasida yorqin namoyon bo‘lmoqda. Markaziy Osiyo – Xitoy gaz quvurining to‘rtta tarmog‘i ham O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tgani yuksak darajadagi ishonch va o‘zaro manfaatdorlikdan dalolat beradi. Xitoy kompaniyalari O‘zbekistondagi uglevodorod konlarini o‘rganish va ularni o‘zlashtirish jarayonida qatnashmoqda.

Ikki mamlakatni bog‘laydigan temir yo‘l magistrallari birgalikda barpo etilmoqda. Bu O‘zbekistonning Xitoy hamda Sharqiy Osiyoga, Xitoyning esa Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlariga chiqishini ta’minlaydi.

Mamlakatlarimiz madaniy-gumanitar sohada ham faol hamkorlik qilmoqda. Toshkent va Samarqandda Konfutsiy institutining tashkil etilgani esa ta’lim sohasidagi hamkorligimiz izchil rivojlanayotganidan dalolatdir. 2010-yilning iyun oyida XXR Millatlar markaziy universitetida o‘zbek tili bo‘limi ochilgan edi. 2012-2013 o‘quv yilida Pekin xorijiy tillar universitetida o‘zbek tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonda xitoy tili va adabiyotiga, Xitoyda esa o‘zbek tili, madaniyati, urf-odatlari va, umuman, mamlakatingizga qiziqish ortib bormoqda.

Ikki mamlakatning madaniyat va san’at vakillari Xitoy hamda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan turli ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Toshkent va Shanxay, Samarqand va Sian, Navoiy va Chjuchjou shaharlari, Toshkent viloyati hamda Xunan provinsiyasi, Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgan.

Shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida o‘zaro axborot va tajriba almashishni yanada faollashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Munosabatlarimiz bundan buyon ham o‘zaro ishonch, hurmat, tenglik va manfaatdorlik, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanishiga ishonaman.

– O‘zbekistonning turizm salohiyati, ushbu sohadagi hamkorlik rivoji haqida ham fikringizni bildirsangiz.

– Istiqlol yillarida O‘zbekiston zamonaviy sayyohlik infratuzilmasiga ega davlatlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. Shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonning har bir hududi diqqatga sazovor joylari, an’ana va urf-odatlari, tarixiy yodgorliklari, so‘lim tabiati va qulay iqlimi bilan ajralib turadi. Butun dunyoni o‘ziga mahliyo qilgan mahobatli me’moriy va tarixiy obidalar xalqingizning aql-zakovati, salohiyatidan dalolat beradi. Ushbu boy meros vorislari bo‘lmish hozirgi avlodning buyuk ajdodlarini qadrlashi maqtovga sazovordir.

Yangi sayyohlik yo‘nalishlarining paydo bo‘lishi, xalqaro va mahalliy aeroportlarning barpo etilishi, transport kommunikatsiyalarining takomillashtirilishi natijasida mamlakatingizga kelayotgan sayyohlar soni yil sayin ko‘payib borayotir. O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhiti, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari, yuqori sifatli xizmat turlari sayyohlarning yurtingizda maroqli xordiq chiqarishi uchun qulay sharoit hamda imkoniyatlar yaratmoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi jahonga mashhur shaharlarda yuksak saviyada uchrashuvlar, xalqaro konferensiyalar, nufuzli sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Xitoy bilan O‘zbekistonning turizm sohasidagi hamkorligi ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Mamlakatingiz turizm salohiyati Xitoy xalqaro sayyohlik yarmarkalarida muntazam namoyish etilayotir. Xitoyliklarning aksariyati O‘zbekiston bilan yaqindan tanishishni istaydi. Zero, O‘zbekiston har qanday sayyoh istagiga javob beradigan noyob tarixiy yodgorliklar, yuksak sayyohlik salohiyati va imkoniyatlariga ega.

– Tinchlik va barqarorlik – o‘zbek xalqining eng katta boyligi... Shunday emasmi?

– Darhaqiqat, tinchlik va osoyishtalik – Prezident Islom Karimov rahnamoligida xalqingiz erishgan eng katta boylikdir. Zero, O‘zbekistonning barcha sohalarda erishayotgan va butun dunyoda e’tirof etilayotgan ulkan muvaffaqiyatlari asosini, avvalo, mamlakatingizda qaror topgan tinch va osuda hayot, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va mustahkam birlik tashkil etadi. Demokratik davlat, fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Zotan, tinch mamlakat – baxtli mamlakat deb bejiz aytilmagan. Tinchlik, barqarorlik hukm surayotgan mamlakatdagina fuqarolar o‘z oldiga yuksak va olijanob maqsadlarni qo‘yadi, ularga erishadi, Vatan ravnaqi yo‘lida o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon etadi.

– Suhbatimiz Navro‘z bayrami arafasida kechmoqda. O‘zbekistonda milliy qadriyatlarga qaratilayotgan e’tibor haqida qanday fikrdasiz?

– Navro‘z – o‘zbek xalqining eng sevimli va qadrli bayramidir. Bu ayyom o‘ziga xos an’ana va urf-odatlari bilan ajralib turadi hamda barchaga birday quvonch bag‘ishlaydi. Mana shunday nurafshon kunlarda o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va ezgulik fazilatlari namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonda yashayotgan millat va elat vakillari barchani ahil-inoq yashash, bir-birini va yoshi ulug‘larni hurmat qilish, bemorlar, yolg‘iz qariyalar va yetimlarga beg‘araz yordam berish, ehtiyojmandlarga e’tibor qaratish va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga chaqiradigan Navro‘z bayramining ahamiyatini yanada teran anglaydi.

O‘zining olijanob va chuqur falsafiy mazmun-mohiyati bilan ajralib turadigan Navro‘z bayrami O‘zbekiston xalqi hayotida alohida o‘rin tutadi va tabiat uyg‘onishi, sharqona yangi yilning boshlanish ramzi sifatida nishonlanadi. Serquyosh yurtingizda go‘zallik va nafosat ayyomi bo‘lmish ushbu bayramni yuksak tashkiliy darajada, tinch va hotirjam nishonlash uchun katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu yil Navro‘zni o‘zbek xalqi bilan birga kutib olish va bayram tantanalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘layotganimdan xursandman. Negaki, kishini maftun etadigan kuy-qo‘shiqlari, jo‘shqin raqslari orqali jonajon Vatani, mustaqillik, yangilanish, yasharish bayramini tarannum etadigan san’at ustalarining chiqishlari barchaning qalbida aks-sado beradi, haqiqiy bahoriy kayfiyat ulashadi.

O‘zbekistondek ajoyib mamlakatda Xitoy Xalq Respublikasining elchisi sifatida faoliyat yuritayotganimdan baxtiyorman. Ko‘p asrlik tarix, boy va serqirra madaniyatga ega O‘zbekistonda ishlash, mehnatsevar, samimiy, mehr-oqibatli va donishmand o‘zbek xalqi bilan yonma-yon yashash menga chuqur mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Navro‘z ayyomi bilan samimiy tabriklayman. Barchaga tinchlik-xotirjamlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Manba: O‘zA