"O`zdonmahsulot" AK

Buxoro viloyatida sayyor qabul: aholini tashvishlantirayotgan aksariyat masalalar ijobiy hal etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari joriy yilning 17-19-may kunlari Buxoro viloyatining Buxoro shahri, Qorako‘l, Romitan va Shofirkon tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazdi.

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni aholi bilan yaqindan muloqotda bo‘lish, uning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb emoqda.

Ushbu hujjatga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi aholining mamlakat taraqqiyoti hamda farovonligiga qaratilgan takliflari, ayniqsa, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammolarni o‘rganish va hal etishda keng imkoniyatlar yaratdi.

Joriy yilning 16-may kuniga qadar Virtual qabulxonaga Buxoro viloyatidan jami 34 ming 201 murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta’minoti, mehnat va bandlik, sud qarorlari ijro etilishi, sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlarining ko‘rilishi, bank-moliya va soliqqa tortish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari, tadbirkorlik, kommunal xizmat, huquqni muhofaza qilish masalalariga taalluqlidir.

Murojaatlarni o‘rganish natijalari hokimliklar mansabdor shaxslari tomonidan qonunchilik talablariga zid ravishda fuqarolar va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik va shikoyatchiga javob bermaslik, yuzaki o‘rganish kabi holatlarga yo‘l qo‘yish amaliyoti davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Sayyor qabullarda aholini tashvishlantirayotgan barcha masalalar turli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Fuqarolar muammolari yechimiga yetarlicha e’tibor qaratmagan rahbarlardan qat’iy javob talab qilindi.

– Hovlimning bir qismini noturar joyga aylantirib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritish borasida murojaat qilgan edim, – deydi Buxoro shahridagi "Shayxon" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zulfiya Rahmatova. – Bu masala ijobiy hal etiladigan bo‘ldi. Bu oilamiz farovonligini oshirishda qo‘shimcha imkoniyatdir.

Qorako‘l tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi uch farzandning onasi Shohista Nurmamatova o‘g‘li tug‘ma xasta bo‘lgani uchun unga nogironlik aravachasi ajratishlarini so‘rab murojaat qilgan.

– Murojaatim ijobiy yechim topgani uchun shunday tizim tashabbuskori bo‘lgan Prezidentimizdan minnatdorman, – deydi Shohista opa. – Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nogironlik aravachasi berildi. Bundan tashqari, bolam uchun mahalladan moddiy yordam ham oladigan bo‘ldim.

Shu tumanda yashovchi 94 yoshli Qahhor bobo Tog‘ayev ham qabuldan xursand bo‘lib chiqdi. Unga Buxoro “Avtotexxizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Damas” avtomashinasi beriladigan bo‘ldi.

Tadbirkorlik viloyat iqtisodiyotida tobora salmoqli o‘rin egallamoqda. Olot tumanida ham ko‘plab kichik biznes subyektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan biri “Mamat Nazar” ishlab chiqarish korxonasidir.

– Aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish maqsadida uch qavatli supermarket binosini qurishga kirishgan edim, – deydi “Mamat Nazar” korxonasi rahbari Sobir Nazarov. – Ammo moliyaviy masalada qo‘lim kaltalik qildi. Kredit ajratilishi cho‘zilavergach, ish ham sustlashib qoldi. Shundan so‘ng Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Bugungi qabulda ishim hal etilganini aytishdi. Bugun-erta “Mikrokreditbank” tuman filiali menga 150 million so‘m kredit ajratadi. Supermarket ishga tushgach, o‘nga yaqin yosh ish bilan ta’minlanadi.

Sayyor qabullarda 500 ga yaqin masala va muammolar muhokama qilinib, ularning aksariyati qonunchilik talablari asosida hal etildi. Qolgan masalalar yechimi bo‘yicha tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

UzA