"O`zdonmahsulot" AK

Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat, xayru saxovat, ma’naviy poklanish ayyomi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyini bu yil yurtimiz mo‘min-musulmonlari o‘zgacha shukuh va hamjihatlik bilan o‘tkazdilar. Ayniqsa, rahmat va mag‘firat nurlari yog‘iladigan ushbu saodatli kunlarda kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilayotgani, barcha hududlarimizda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ehson dasturxonlari yozilib, el-yurtimizning tinchligi, baxti va kelajagi uchun duoyi fotihalar qilinayotgani bu oyning fayzu tarovatini yanada oshirmoqda.

Hech shubhasiz, bunday savobli va oliyjanob ishlar yer yuzidagi barcha insonlarni doimo do‘st va birodar bo‘lib yashashga da’vat etadigan muqaddas islom dinimizning ezgu g‘oyalarini chuqur his etgan holda, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni, turli millat va konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlikni mustahkamlashga, bugungi yorug‘ hayotimizning qadriga yetib, uni yanada obod va farovon etishga xizmat qilmoqda.

Muborak Ramazon hayiti kunlarida yanada yaqqol namoyon bo‘ladigan ana shunday an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish maqsadida:

1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 10 aprel – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2024-yil 10-aprel kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev