"O`zdonmahsulot" AK

Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni


2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish orqali kambag‘allikni ikki barobarga qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga to‘laqonli o‘tishni jadallashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida:

1. Quyidagilar iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektorning rolini oshirish, barcha tarmoq va sohalarda xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlash borasidagi institutsional va ma’muriy islohotlarni davom ettirish hamda bu borada qonun ustuvorligini ta’minlash;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini shaffof tarzda xususiylashtirish mexanizmlaridan, eng avvalo, xususiy investorlarni jalb qilishning muhim omili sifatida foydalanish hamda yerlarni auksionga chiqarishda ularning jozibadorligini oshirish uchun infratuzilma va boshqa zaruriy sharoitlarni yaratib berish;

davlat ishtiroki saqlanib qolayotgan tovar va xizmatlar bozorini erkinlashtirish hamda ushbu sohalarga xususiy sektorning kirib kelishi uchun sharoit yaratish, monopoliyaga qarshi organning institutsional salohiyati va vakolatini kuchaytirish orqali sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish;

«tartibga soluvchi gilotina» usulini manzilli qo‘llash orqali imtiyozlar, eksklyuziv huquq va ustunliklarni bekor qilish;

davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish hamda xususiylashtirishni jadallashtirish, iqtisodiyotda samarasiz ishlayotgan korxonalar ulushini kamaytirish hisobiga sifat jihatidan yangi, xususan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga asoslangan investitsiyalar va ishlab chiqarish unumdorligi yuqori bo‘lgan texnologiyalarning ko‘payishini rag‘batlantirish;

pul va kapital bozorlarini yanada erkinlashtirish hisobiga moliya bozoridagi turli segmentlarning rivojlanishiga turtki berish, shu orqali xususiylashtirilgan va transformatsiya jarayonidagi korxonalarga o‘z faoliyatini moliyalashtirishning muqobil manbalarini shakllantirishga sharoit yaratish;

iqtisodiyotning drayver tarmoqlari, xususan, tog‘-kon, neft-gaz, kimyo, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarni kafolatlangan xomashyo bazasi bilan ta’minlash uchun geologiya-qidiruv ishlariga, qazib chiqarish va qayta ishlash jarayoniga xorijiy investorlarni jalb qilishni jadallashtirish, mineral xomashyo bazasi zaxiralarini ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlash;

energiya resurslari, transport va kommunikatsiya bozorlarini rivojlantirish va sohaga xususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun sharoitlar yaratish;

ichimlik va oqova suv ta’minoti, issiqlik ta’minoti, obodonlashtirish, yo‘l qurilishi, aviatsiya infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini keskin ko‘paytirish;

barcha soha va tarmoqlarda korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish;

davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, shu jumladan, «komplayens» nazorat tizimini keng joriy etish, xaridlar tizimi shaffofligini ta’minlash orqali korrupsiyaning oldini olish.

2. Xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirish hamda davlat aktivlarini (davlat aksiya paketlari, ulushlari, ko‘chmas mulk ob’ektlari) sotib olgan investorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi asosida auksion orqali sotishda davlat aktivlarini sotishda qo‘llaniladigan uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi tatbiq etilsin;

bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki to‘lovni bir yo‘la amalga oshirgan xaridorlarga mazkur davlat aktivlari va yer uchastkalarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish huquqi berilsin.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur bandning uchinchi xatboshisi bilan joriy etilayotgan davlat aktivlari va yer uchastkalarini kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yish huquqini berish bo‘yicha tartibni ishlab chiqib tasdiqlasin.

3. 2022-yil 1-maydan boshlab ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi ko‘chmas mulk ob’ektlarini (bundan yer uchastkasi mustasno) sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi berilsin:

Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 000 AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk ob’ektlarida qiymati 180 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari;

boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 000 AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan ko‘chmas mulk ob’ektlarida qiymati 85 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida doimiy ro‘yxatdan o‘tish va yashash guvohnomasini olish uchun asos bo‘lmaydi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF–5611-son Farmoniga 6-ilovaga muvofiq xorijiy mamlakatlar fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan ko‘chmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 400 000 AQSH dollaridan 300 000 AQSH dollari ekvivalentigacha kamaytirilsin.

5. Iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligining quyidagi takliflari ma’qullansin:

a) oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ming baravaridan oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhini (tabiiy monopoliya sub’ektlari, davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan tashqari) tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb e’tirof etmaslik hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralarni qo‘llamaslik;

b) 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan quyidagilar uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash:

tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;

tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;

ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin. Bunda, undirilgan moliyaviy jarimalar summasini to‘liq Davlat byudjetiga yo‘naltirish hamda raqobatga qarshi harakatlarning boshqa turlari uchun ham javobgarlik nazarda tutilsin;

v) 2022-yil 1-sentabrdan boshlab, quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini (ko‘rsatilishini) noqonuniy cheklash;

litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;

monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritsin;

g) 1-ilovada nazarda tutilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish;

d) 2023-yil 1-yanvardan boshlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan har yili Oliy Majlis Senatiga axborot beriladigan Raqobat rivojlanishi indeksini joriy qilish.

6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xizmatlari va funksiyalarini bajarishga xususiy sektorni keng jalb etishni jadallashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin.

7. Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari yoki norezidentlari bo‘lgan mijozlar uchun ularning shaxsiy ishtirokisiz qimmatli qog‘ozlar uchun depo hisobvaraqlarini masofadan turib ochish imkoniyatini yaratsin.

8. Moliya vazirligining 2022-yil 1-maydan boshlab norezident jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan oladigan daromadlari (dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlardan tashqari) bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasini 12 foiz miqdorida belgilash haqidagi taklifi ma’qullansin.

Moliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, shuningdek, soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni taqdim etishni tartibga solish maqsadida:

a) 2022-yil 1-maydan boshlab:

tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoitlarni yaratish uchun cheklangan sub’ektlarga tatbiq etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari 2-ilovaga muvofiq tarmoqlardagi barcha sub’ektlar uchun tatbiq etilsin;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha 2020-yil 1-iyulga qadar ma’qullangan va O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari (qarzlari, kreditlari) hisobidan olinadigan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinsin. Mazkur norma tijorat banklari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida yangi tuziladigan bitimlar (rasmiylashtirish shakli va usulidan qat’iy nazar) asosida olinadigan tovarlarga (xizmatlarga) tatbiq etiladi;

b) ayrim soliqlar va bojxona imtiyozlari 3-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich bekor qilinsin;

v) Vazirlar Mahkamasi xatlov natijasiga ko‘ra aniqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan taqdim etilgan ayrim soliqlar va bojxona imtiyozlarining amal qilishini davom ettirish zaruriyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, 2022-yil 1-avgustga qadar ularni bekor qilish yuzasidan taklif kiritsin;

g) 2022-yil 1-iyuldan boshlab:

bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar faqatgina O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan berilsin. Bunda, Tarif va notarif tartibga solish kengashi xulosasi olinishi majburiy hisoblansin;

tarmoq vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari sohani va (yoki) hududni rivojlantirish uchun berilgan alohida soliq va bojxona imtiyozlari samaradorligi to‘g‘risidagi hisobotlarni yil yakunlari bo‘yicha har yili 1 martga qadar Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etib borsin.

10. Moliya vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda:

a) 2022-yil 1-mayga qadar tajribali investitsiya bankini jalb etib, 2022-yil yakuniga qadar «O‘zbekneftgaz» AJniнg, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali kamida 49 foiz ulushini, shuningdek, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJdagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini xususiylashtirish ishlarini boshlasin;

b) 2022-yil 1-sentabrga qadar xalqaro konsalting kompaniyasi xulosalari asosida "O‘zbekgidroenergo" AJni isloh qilish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, yangi kichik va o‘rta gidroelektrostansiyalarni qurishda xususiy sektor ishtirokidagi, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosidagi loyihalarni amalga oshirishga ustuvorlik berilsin;

v) 2022-yil 1-sentabrga qadar «Uzbekistan airways» AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushining savdoga chiqarilishini, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini boshlasin;

g) 2022-yil 1-avgustga qadar xalqaro investitsiya banki va konsultantlarni jalb etgan holda, «UzAuto Motors» AJ aksiyalar paketining 10 foizgacha qismini mahalliy fond bozorida ommaviy joylashtirsin (IPO) va bu korxonaning qolgan ulushini hamda «UzAuto Motors Powertrain» AJ, «Samarqand Avtomobil zavodi» MCHJni strategik investorlarga sotish strategiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va «O‘ztransgaz» AJning magistral tarmoqlarini to‘liq davlat ixtiyorida saqlab qolishni nazarda tutgan holda, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 2023-yil yakuniga qadar, «O‘ztransgaz» AJ tomonidan 2024-yil yakuniga qadar xalqaro kredit reytingi qo‘lga kiritilishi, moliyaviy intizomga qat’iy rioya etgan holda mustaqil ravishda xalqaro banklar va kapital bozoridan mablag‘ jalb etishga erishilishini;

xalqaro moliya institutlari va konsultantlar xulosalari asosida 2022-yil 1-sentabrga qadar «Hududgazta’minot» AJ va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ faoliyatini takomillashtirish, jumladan, ularning operatsion samaradorligini oshirish, sohaga xususiy sektorni jalb qilish, bunda tajriba tariqasida, dastlab o‘n to‘rtta shahar va tumanda, aholi uchun belgilanadigan tariflarni oshirmagan holda tabiiy gaz va elektr energiyasini ulgurji xarid qilish va sotish funksiyasini xususiy operatorga berish bo‘yicha qaror qabul qilinishini ta’minlasin.

12. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:

a) ikki oy muddatda «Uzbekistan Airports» AJniнg Toshkent shahridagi va hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarni maqbullashtirish orqali ulardan samarali foydalanish choralari nazarda tutilsin;

b) bir oy muddatda Jahon bankini jalb etib, 2022-yil 1-iyunga qadar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJni transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqilishini ta’minlasin.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJni transformatsiya qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruh 4-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.

Ishchi guruh (J.Qo‘chqorov) 2022-yil 1-avgustga qadar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJni transformatsiya qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini kiritsin:

o‘zining yo‘lovchi va yuk vagonlariga ega xususiy operatorlar faoliyatini rivojlantirish hamda temir yo‘l transporti xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan shaffof va moslashuvchan tarif tizimini yaratish yo‘li bilan tarif siyosatini takomillashtirish;

temir yo‘l transporti korxonalarida operatsion va biznes jarayonlar samaradorligini oshirish, shu jumladan, xizmat ko‘rsatuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni raqamli transformatsiya qilish yo‘li bilan integratsiyalash;

temir yo‘l orqali ichki va xalqaro yuk hamda yo‘lovchi tashuvlarini davlat-xususiy sheriklik yoki franshiza asosida xususiy sektorga berish;

v) 2022-yil 1-avgustga qadar xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida jamoat transporti faoliyatiga xususiy sektorni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin.

Vazirlar Mahkamasi 2022-yil 1-dekabrga qadar Toshkent shahri misolida Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, joriy etishni boshlasin.

13. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasini isloh qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruh 5-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.

Ishchi guruh (T.Ishmetov) ikki oy muddatda sohada nazorat va xo‘jalik funksiyalarini aniq chegaralash, monopoliyadan chiqarish, xususiy sektor korxonalarini jalb qilish, byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidan pudrat va ishlab chiqarish korxonalarini chiqarish orqali uni isloh qilish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va jalb qilingan professional konsultantlar bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar «O‘zbektelekom» AK va «O‘zbekiston pochtasi» AJni isloh qilish strategiyasi ishlab chiqilishi va tasdiqlash uchun kuzatuv kengashiga kiritilishini ta’minlasin.

15. Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari (keyingi o‘rinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) boshqaruv organlarining faoliyati samaradorligini, mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida belgilab qo‘yilsinki:

2022-yil 1-apreldan keyin ijro organi rahbari sifatida tayinlangan (qayta tayinlangan) shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ijro organi rahbari bo‘lishi mumkin emas;

2022-yil 1-maydan boshlab kuzatuv kengashi a’zolaridan iborat Strategiya va investitsiyalar qo‘mitasi, Audit qo‘mitasi, Tayinlovlar va haq to‘lash qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qo‘mitasi tashkil etiladi;

kuzatuv kengashi tarkibiga davlat ulushi bo‘yicha saylangan a’zolar faoliyati korxonada transformatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, korxonaning tashqi qarzlarini optimallashtirish, zamonaviy xarid tizimini joriy etish, ushbu Farmonda nazarda tutilgan talablarni bajarish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga muqobil mablag‘larni jalb etish kabi mezonlar asosida baholanadi.

16. Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2022-yil 1-iyuldan boshlab, davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi a’zolarini rag‘batlantirish va ijro organi a’zolari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha yagona rag‘batlantirish siyosatini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda, ijro organi a’zolariga oylik ish haqi va yil yakunlari bo‘yicha bir yo‘la to‘lanadigan mukofot to‘lovlardan tashqari har qanday qo‘shimcha to‘lov turlari bekor qilinsin.

17. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 6-ilovada ko‘rsatilgan aksiyadorlik jamiyatlarida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarini samarali tashkil etishga qaratilgan maxsus boshqaruv tizimini joriy etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:

jamiyat kuzatuv kengashining Strategiya va investitsiyalar qo‘mitasi raisi uning mustaqil a’zolari orasidan tayinlanadi va mazkur qo‘mitaga korxonaning transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarini doimiy boshqarish vazifalari yuklatiladi;

jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi va unga bo‘ysunadigan loyiha ofisi tashkil etiladi;

jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosariga ijro organining barcha rahbar o‘rinbosarlari va tarkibiy bo‘linmalar transformatsiyaga tegishli masalalar bo‘yicha hisobdor bo‘ladi;

jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari va loyiha ofisining xarajatlar smetasi kuzatuv kengashi tomonidan alohida tasdiqlanadi;

jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan ijro organi rahbariga xususiylashtirish jarayonlarini, shu jumladan, aksiyalarni ommaviy joylashtirishni (IPO) sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirganligi uchun alohida mukofot (mazkur Farmonning 16-bandida ko‘zda tutilgan rag‘batlantirishdan tashqari) yoki amalga oshirmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.

18. Davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ishtirokini cheklash va qisqartirish maqsadida, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarida nazarda tutilmagan hollarda:

asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan yangi ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olish yoki qurish;

raqobat rivojlangan sohada asosiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish;

asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalida ishtirok etish yoki undagi ulushni sotib olish taqiqlansin.

Belgilansinki, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan asosiy faoliyatiga xos bo‘lgan yangi ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olish yoki qurish hamda xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushni sotib olish, shuningdek, asosiy faoliyatidan tashqari qo‘shimcha faoliyat bilan shug‘ullanish kuzatuv kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

19. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tijorat banklari tomonidan mulkni begonalashtirish, uni sotish shakli va mexanizmi, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tarkibidagi korxonalar ustav kapitaliga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandum va boshqalar) majburiy tarzda ushbu korxonalar kuzatuv kengashi bilan kelishilgandan keyin tuziladi;

davlat ishtirokidagi korxonalarning homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshiriladi (bundan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno).

20. Davlat soliq xizmati organlariga xo‘jalik jamiyatlarida davlat ulushi bo‘yicha dividendlar miqdorini belgilashda moliyaviy natijaning to‘g‘ri shakllantirilishi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatilsin.

21. Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2022-2024-yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning sohalar kesimidagi «Yo‘l xaritasi» 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

22. Moliya vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda 2022-yil 1-iyunga qadar yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va uni qisqartirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

23. Mazkur Farmonda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida:

Bosh vazir A.N.Aripov boshchiligida Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tuzilsin va uning tarkibi 8-ilovaga muvofiq;

Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xususiy sektorning rolini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

24. Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh (A.N.Aripov):

bir oy muddatda ijro muddatlari va mas’ullarning vazifasini aniq belgilagan holda, har bir korxona bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning tarmoq jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

6-ilovada nazarda tutilgan korxonalarning kuzatuv kengashlari raislari va ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlarining ishini muhokama qilib, ular faoliyatini muvofiqlashtirsin va nazorat qilsin;

har bir korxona rahbarining mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz va belgilangan muddatlarda ta’minlash borasidagi hisobotini eshitib borsin, zarur hollarda ularning o‘z lavozimiga loyiqligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin;

davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning ijro holati bo‘yicha vazirlik va idoralar rahbarlarining shaxsiy hisobotini har chorakda tanqidiy muhokama qilib borsin;

zarur hollarda, davlat tashqi qarzi hisobiga amalga oshirilgan alohida investitsiya loyihalarining samaradorligi va natijadorligini mustaqil auditorlik kompaniyasini jalb qilgan holda baholash tashabbusi bilan chiqsin;

har oy yakuni bilan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida muhokama qilib borsin.

25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 10-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

26. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 11-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

27. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                           Sh.MIRZIYOYEV