"O`zdonmahsulot" AK

G‘alla yetishtirish va sotishda erkin raqobatni ta’minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i


Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash, g‘allaning kerakli bo‘lgan hajmidan tashqari davlat xaridlaridan to‘liq voz kechish hisobiga investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, g‘alla donini birja savdolarida cheklovlarsiz sotishga imkon yaratish maqsadida:

1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining g‘alla yetishtirish va sotishdagi investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

ichki bozorni g‘alla doni bilan kafolatli ta’minlash maqsadida 2022 yildan boshlab respublika hududida ekishga tavsiya etilgan bug‘doy navlarini xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan yer-suv sharoitlaridan kelib chiqqan holda mustaqil joylashtirish;

2022 – 2024 yillarda g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari yetishtirgan hosilning g‘alla ekilgan har gektar sug‘oriladigan maydon hisobidan respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,5 tonnadan bug‘doyni erkin birja savdolari orqali, qolgan qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida erkin sotish;

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) kredit resurslari hisobidan g‘alla yetishtirish xarajatlarini qoplash uchun imtiyozli kreditlarni g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlariga ajratish;

g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari va g‘allachilik klasterlariga kredit mablag‘laridan erkin foydalanish, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi texnikalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish huquqini berish.

2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishgan holda kalendar yilning 1 avgustiga qadar bug‘doyning kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan indikativ narxi ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishini ta’minlasin.

3. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 2022 yil 1 yanvarga qadar Jamg‘arma tomonidan ichki bozorda narx barqarorligini ta’minlash uchun birja savdolaridan bug‘doy sotib olish va uni birjada sotish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda:

Jamg‘arma nomidan birja savdolarida bug‘doy sotib oluvchi tijorat vakilini belgilash va tanlab olishning aniq va shaffof mezonlari;

tijorat vakili tanlovida «O‘zdonmahsulot» AK tizimi korxonalari bilan bir qatorda hududlarda donni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanayotgan boshqa tadbirkorlik sub’ektlariga teng sharoit yaratilishi;

tijorat vakili Jamg‘arma nomidan xarid qilingan bug‘doy uchun o‘zining butun mol-mulki bilan javobgar ekanligi;

tijorat vakili Jamg‘arma topshirig‘iga asosan Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Milliy geografik axborot tizimida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tgan g‘allachilik klasterlari va fermerlardan birja orqali bug‘doy sotib olishi;

tijorat vakilining bug‘doyni xarid qilish, saqlash, tabiiy kamayish, ortish, tashish va davlat zaxirasini yangilash bo‘yicha xarajatlarini qoplab berish;

ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta’minlash uchun xarid qilingan bug‘doyning Jamg‘arma tomonidan birja savdolariga chiqarilishi;

narxlarni saqlab turish maqsadida bug‘doyni sotishdan olingan ijobiy va salbiy farqlarni qoplash tartibi ko‘zda tutilsin.

4. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi kalendar yilning:

1 apreliga qadar erkin birja savdolariga qo‘yiladigan bug‘doyning fermerlar, klasterlar va tumanlar kesimidagi taqsimotini hamda bug‘doyni saqlashga mos yopiq sig‘imlarga ega don qabul qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ro‘yxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

1 avgustiga qadar yetishtirilgan bug‘doy miqdori va ichki bozorda bug‘doyga bo‘lgan talabdan kelib chiqib, zarur hollarda tender savdolari orqali qo‘shimcha bug‘doy xarid qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev, qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining kalendar yilning may-avgust oylarida mulkchilik shaklidan qat’i nazar, sug‘oriladigan maydonlarda g‘alla yetishtiruvchi barcha sub’ektlar tomonidan g‘alla ekilgan har gektar maydon hisobiga respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,5 tonnadan g‘allaning birja savdolariga chiqarilishini ta’minlash uchun shaxsan mas’ulligi belgilab qo‘yilsin.

6. Davlat boshqaruvi organlari, shu jumladan, barcha darajadagi mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning:

a) boshoqli don yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlashga;

ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish yo‘nalishlariga;

bug‘doyni sotish jarayonlariga, shu jumladan, shartnomalar tuzishga, xo‘jaliklarni don tayyorlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi ma’lum korxonalarga biriktirish, respublika hududlari o‘rtasidagi ichki tashuvlarga ;

b) g‘allachilik klasterlari faoliyatiga chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarni qo‘shish to‘g‘risida qat’iyan taqiqlanadi.

7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

2021 – 2022 yillarda «O‘zdonmahsulot» AK tizimidagi don korxonalarini g‘allachilik klasteri tashkil etish taklifini bildirgan tadbirkorlik sub’ektlariga sotish uchun baholash va faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirmaslik shartida ochiq savdolarga qo‘yish;

«O‘zdonmahsulot» AK tizimidagi don korxonalariga tegishli 20 ta urug‘lik don tayyorlash sexlarini ushbu korxonalarning soliq va Jamg‘arma oldidagi qarzdorligini (ular bo‘yicha hisoblangan penyalar, shuningdek, ob’ektni o‘tkazish natijasida yuzaga keladigan soliqlarni ham inobatga olgan holda) ob’ektning baholangan qiymati miqdoriga kamaytirish hisobiga Urug‘chilikni rivojlantirish markaziga berish va to‘liq modernizatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Bunda, qarzdorlik mavjud bo‘lmagan hollarda ob’ektlar «O‘zdonmahsulot» AKdagi davlat ulushi va «O‘zdonmahsulot» AKning don  korxonalaridagi ulushini tegishincha kamaytirish hisobiga beriladi.

8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi «O‘zdonmahsulot» AK tizimidagi korxonalar tadbirkorlik sub’ektlariga sotilgandan so‘ng«O‘zdonmahsulot» AKni belgilangan tartibda tugatish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar barcha tumanlar markaziy dehqon bozorlaridagi bug‘doy va boshqa asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlarini «on-line» tarzda kuzatish imkonini beruvchi elektron platformani ishga tushirsin.

10. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladigan yerlarni, shu jumladan, boshoqli donning ekilishi, uning rivojlanishini uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) yordamida kuzatish va monitoringini yuritish imkonini beruvchi elektron platformani ishga tushirsin;

«O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarining vegetativ holatini uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kuzatilishini yo‘lga qo‘ysin;

«O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash institutining «Yer axborot tizimi» portalida qishloq xo‘jaligi ekinlarining joylashtirilishi, shu jumladan, takroriy va to‘qsonbosti usulida yetishtirilayotgan ekinlar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi elektron bazani shakllantirsin.

11. Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bilan birgalikda boshoqli don yetishtiriladigan maydonlarda zararkunandalar va kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida tizimli kuzatuvni tashkil etsin, xo‘jaliklar tomonidan ekinlarni himoya qilish ishlari o‘z vaqtida bajarilishini nazoratga olsin.

Favqulodda holatlarda ushbu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan ekinlarni himoya qilish ta’minlansin.

12. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ekinlarni joylashtirish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarning xo‘jaliklar tomonidan bajarilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

13. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki hafta muddatda g‘alla yetishtirish va sotishda bozor tamoyillarini joriy etish jarayonida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha «Yo‘l xaritasini»ni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Boshoqli don yetishtirish, sotish va bug‘doy narxining shakllanishi bo‘yicha mazkur qaror bilan o‘rnatilgan tartibni Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, vazirlik va idoralarning hujjatlari bilan vaqtinchalik to‘xtatib turish yoki qayta ko‘rib chiqish qat’iyan man etilsin.

15. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A. Xodjayev, moliya vaziri T.A. Ishmetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi

               Prezidenti                                                                                                Sh.MIRZIYOYEV



Toshkent shahri,

2021 yil 15 noyabr