"O`zdonmahsulot" AK

Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!

Bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan kompaniya va tizim korxonalarida uchrashuvlar o‘tkazildi.

1989 yil 21 oktabrda, «Davlat tili haqida»gi qonunning qabul qilinishi milliy mustaqillik sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘lganini barchamiz yaxshi eslaymiz.

Ushbu tarixiy sanani O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilash to‘g‘risida qonun qabul qilingan. Bugun mamlakatimizda birinchi marta keng nishonlanayotgan ana shu bayram ma’naviy hayotimizdan mustahkam va munosib o‘rin oladi.

Mamlakatimizda ona tilimizning mavqeyini oshirish, uni rivojlantirish yo‘lida salmoqli ishlar qilinmoqda.

2019 yil 21 oktabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan davlat tilini rivojlantirish jarayoni yangi bosqichga chiqdi.

«Davlat tili haqida»gi Qonunning 9-moddasiga ko‘ra davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish yuritish davlat tilida yuritilishi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Bugungi kunda yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishda, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayaniladi.

Davlat tilining obro‘-e’tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro‘-e’tiboridir.

Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi, uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

Kuni kecha «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolandi.

Farmonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida ham davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Kompaniya va tizim korxonalarida mutolaa xonalari tashkil etildi, u yerda «Imlo lug‘ati», «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» hamda «Ish yuritish» kabi ko‘llanmalar mavjud bo‘lib, xodimlarning ushbu kitoblardan samarali foydalanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Hujjat almashinuv tizimi to‘liq o‘zbek tilida amalga oshirilib, o‘zbek tilining imlo va grammatika qoidalariga amal qilgan holda olib borilishi ustidan nazorat olib boriladi.

Shuningdek, davlat tilining keng targ‘ib etilishi bo‘yicha targ‘ibot materiallari tayyorlanib tizim korxonlarida samarali foydalanilmoqda.

Abdulla Avloniy aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir.

Vatanga sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi.

Ushbu ishlarni amalga oshirishda barchangizga sog‘lik-salomatlik tilaymiz.