"O`zdonmahsulot" AK

Mirzaobod tumani g‘allakorlari davlatga 4 ming 483 tonna don yetishtirib, g‘alla sotish shartnomaviy rejasini Sirdaryo viloyatida birinchi bo‘lib 100,4 foizga ortig‘i bilan bajardi.

Xalqimizning rizq-ro‘zi bo‘lgan va ayni paytda pishib yetilgan mo‘l g‘alla mahsulotini nobud qilmasdan o‘rib-yanchib olish maqsadida mirzaobodlik g‘allakorlar don o‘rish mavsumida tunu-kun mehnat qilmoqda.

– G‘alladan mo‘l hosil olish uchun avvalo yaxshi urug‘, qulay sharoit, maxsus texnika vositalari bilan bir qatorda g‘ayrat va shijoat ham zarur, – deydi Mirzaobod tumani hokimi Jonibek Yariyev. – Ushbu zafarga erishimizda Prezidentimizning qishloq xo‘jaligi xodimlariga qaratilgan e’tibori, viloyat hokimining oqilona boshqaruvi, barcha sektorlar va mutassadi tashkilot rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar zamin bo‘ldi.

Tumanda rejani ortig‘i bilan bajargan g‘allakorlar, ilg‘or kombayinchilar, don tashuvchi va umuman g‘alla o‘rim otryadlarida faollik ko‘rsatgan har otryad vakili muntazam ravishda qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirib borildi.

O‘rim-yig‘im qatnashayotganlar uchun 4 mahal issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh, barcha zarur texnik xizmatlarni dalada ko‘rsatilishi, mazmunli hordiq chiqarishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar ushbu zafar marrasini egallanishida muhim omil vazifasini bajarib berdi.

Mirzaobodlik g‘allakorlar joriy qishloq xo‘jaligi mavsumida 2 ming gektr maydonga g‘alla urug‘i qadab, barcha zarur agrotexnik tadbirlarni obi-tobida o‘tkazdi. Buning samarasida davlatga 4 ming 483 tonna don topshirib, davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasini Sirdaryo viloyatida birinchi bo‘lib 100,4 foizga ortig‘i bilan bajardi.

Balli Mirzaobod tumani mehnatkashlari, xirmonigizga baraka!


uza.uz