"O`zdonmahsulot" AK

Toshloq tumanida 19 ming tonnadan ziyod sara don xirmoni yaratilmoqda

Shu kunlarda Farg‘ona viloyatida ham g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in va uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.

Zahmatli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib olish muhim vazifa sanaladi. Mavsumni qisqa fursatlarda, sifatli o‘tkazish uchun otryadlar tuzilib, har bir guruhga tegishli soha mutaxassislari jalb etilgan.

Joriy yil viloyatda 100 ming gektardan ortiq maydonda g‘alla yetishtirildi. O‘rim-yig‘imda 350 ta kombayn, 1600 dan ziyod tashuv texnikasi, 44 ta ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi, yuzdan ortiq yonilg‘i-moylash materiallari yetkazib beruvchi transport vositalaridan samarali foydalanib, ularning bir maromda ishlashi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shuningdek, ishchi-mexanizatorlarning vaqtida dam olishi va ovqatlanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Xususan, Toshloq tumanida 170 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 5 ming 355 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirildi. Mirishkor fermer xo‘jaliklari 19 ming tonnadan ziyod sara don xirmonini yaratishni maqsad qilgan. G‘allani qisqa fursatlarda yig‘ishtirib olish ishlari qizg‘in pallaga kirgan bo‘lib, otryad usulida tizimli ishlar tashkil qilingan.

Kundan kunga rejani bajarib, yuqori hosildorlikka erishayotgan fermerlar soni ortib bormoqda. «Toshmat», «Kamolov Rahmatillo», «Qaqir», «Zardo‘st baraka obod», «Abbos Mirzo», «A’zamjon dala ziynati» fermer xo‘jaliklari bu borada peshqadam bo‘lib, g‘allachilikda yaxshi tajriba to‘plagan. Shu bois ham o‘rtacha hosildorlik 80 sentnerni tashkil etib, birinchilardan bo‘lib shartnomaviy rejani ortig‘i bilan uddalashdi.

Tumandagi «Kamolov Rahmatillo» fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli bo‘lib, g‘alladan har yili mo‘l hosil olmoqda. 40 gektarlik g‘alla dalasidan 260 tonna don yig‘ib olinib, shartnoma rejasi ortig‘i bilan bajarildi. Hosildorlik oshib, har bir gektaridan 80 sentnerni tashkil qildi.

– Yerga mehr berib ishlagan uning rohatini ham ko‘radi, – deydi ish yurituvchi Avazbek Nurmatov. – Ilgarilari shu yerlardan 30 sentnerdan hosil olardik xolos. Qilingan agrotexnik tadbirlar o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatdi. Hali o‘rilmagan g‘alla maydonimiz ham bor, ortiqcha donni ishchilarimizga bo‘lib berishni mo‘ljallab turibmiz. Mo‘l hosil yetishtirishda ularning mehnati katta bo‘ldi. Xirmon donga to‘lib, yuzimiz yorug‘ bo‘lganidan xursandmiz.

Tuman hokimi Abduqahhor Jo‘raboyevning O‘zA muxbiriga xabar berishicha, g‘allani o‘rim-yig‘imi mavsumini 10 ish kunida yakunlash choralari ko‘rilmoqda. G‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ehtiyojmand oilalar va ishsiz yoshlarga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berilmoqda.

uza.uz