Asosiy menu

“Koson DMQQ” MChJda yangi tegirmon ochilish marosimi o‘tkazildi

Joriy yilning 3 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanida «O‘zdonmahsulot» AK tarkibidagi «Koson DMQQ» MChJda 2019 yilgi investitsiya dasturi asosida qurib ishga tushirilgan yangi tegirmon ochilish marosimi munosabati bilan OAV vakillari va jurnalistlar uchun Press-tur tashkil etildi.
Tadbir ochilishida so‘zga chiqqan kompaniya boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Uzoqov korxona rahbariyati, ishchi xodimlari shu jumladan, tegirmonning barpo etilishida o‘z hissasini qo‘shgan jamoaga samimiy minnatdorchilik bildirib, yangi tegirmonning ishga tushirilishi korxonada ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yuqori darajaga ko‘tarilishiga muhim hissa qo‘shishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, «Koson DMQQ» faoliyati, ishlab chiqarish salohiyati va zamonaviy tegirmon sexi qurilishi xususida batafsil ma’lumot berildi.
2019 yilgi Investitsiya dasturi doirasida «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizim korxonalari tomonidan umumiy qiymati 16,4 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 12 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu loyihalarning barchasi ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan bo‘lib asosiy maqsad energiya tejamkorligiga erishish, mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan.
Dasturga asosan, «Koson don mahsulotlari qabul qilish» MChJda ham sutkasiga 120 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega zamonaviy tegirmon sexi qurilishi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu tegirmon mavjud 60 tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega tegirmon sexi o‘rniga qurilib ishga tushirildi. Loyihani amalga oshirishda Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan sohada ilg‘or va zamonaviy texnologiyalar o‘rnatildi. Ushbu tegirmon liniyasi yordamida sutkasiga 90 tonna 1-navli un mahsuloti ishlab chiqariladi. Loyixaning amalga oshirilishi sifatli un mahsulotini yetkazib berish imkoniyatini oshiribgina qolmay, balki qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham zamin bo‘ldi. Shuningdek, hisob-kitoblarga qaraganda korxonada elektr energiya tejamkorligi 20-25 foizni tashkil etmoqda. Bundan tashqari mahsulot sifati oshib, ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlari yaxshilandi, sanoat xavfsizligi ta’minlandi.
Tadbir davomida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan tumandagi bir nechta imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida sovg‘alar ulashildi.
Shu jumladan, tegirmon qurilishida mehnati singgan fidoyi xodimlar ham korxona rahbari tomonidan taqdirlandi.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng, tadbirning ikkinchi qismida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi faoliyati, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot turlari va sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bugungi kunga qadar erishilgan yutuqlar, 2019 yilgi Investitsiya dasturi doirasida bajarilgan ishlar tahlili yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Mavzu yuzasidan jurnalistlar tomonidan bildirilgan fikr mulohazalar va takliflar tinglanib savollarga batafsil javob berildi.