Asosiy menu

Eksport shartnomalari imzolash uchun qulay imkoniyat

«O‘zekspomarkaz»da oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan «WorldFood Uzbekistan – 2017» va «AgroWorld Uzbekistan – 2017» xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.

Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi, «ITE Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirlarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sh.Teshayev va boshqalar mamlakatimiz agrosanoati ulkan salohiyatga ega ekanini ta’kidladi. Fermer va tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, sohaga zamonaviy texnologiyalarning tatbiq etilayotgani qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport hajmini oshirish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni mamlakatimizda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida ham qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, tadbirkorlarning erkin faoliyat ko‘rsatishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. 2016-yili poytaxtimizda o‘tkazilgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida bu borada ko‘plab istiqbolli shartnomalar imzolangan.

Ko‘rgazmalarda Avstriya, AQSh, Belgiya, Belarus, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Rossiya, Slovakiya, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Shveytsariya, Shvetsiya, Qozog‘iston, Hindiston kabi 30 dan ortiq mamlakatdan 232 kompaniya, shuningdek, qator davlatlarning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasiga mas’ul vazirlik va idoralari rahbar va vakillari ishtirok etmoqda.

Latviya qishloq xo‘jaligi vaziri Yanis Duklavs O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi hamkorlik barcha yo‘nalishlar qatori qishloq xo‘jaligi sohasida ham izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

– O‘zbekiston bilan kishloq xo‘jaligi sohasida sertifikatlashtirish, ta’lim berish va chorvachilik kabi yo‘nalishlarda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirib kelmoqdamiz, – deydi Ya.Duklavs. – «WorldFood Uzbekistan» va «AgroWorld Uzbekistan» ko‘rgazmalari O‘zbekiston tadbirkorlari uchun ham, Latviya iste’molchilari uchun ham juda foydali bo‘lib, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish, yangi shartnomalar tuzish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash imkonini bermoqda. O‘zbekistonning meva-sabzavotlari xushta’mligi bilan bizga doimo juda manzur bo‘lib keladi. Ular Latviyada juda xaridorgir. Ayniqsa, mamlakatingizda yetishtirilayotgan xushbo‘y va shifobaxsh limonlarning Latviya bozorlarida keng o‘rin egallashini istaymiz.

«WorldFood Uzbekistan» va «AgroWorld Uzbekistan» ko‘rgazmalari oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, ingrediyentlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi, uskunalar va texnologiyalar, parrandachilik, chorvachilik, veterinariyaga oid ko‘plab bo‘limlar ishlab turibdi.

– O‘zbekiston bilan bir necha yildan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz, – deydi Italiyaning «Pietribiasi» kompaniyasi vakili Simone Piyetribiasi. – Mamlakatingizdagi yuksak iqtisodiy imkoniyatlar o‘zaro aloqalarimizning izchil ravnaq topishida muhim omil bo‘lmoqda. Kompaniyamiz sutni qayta ishlash uskunalari, texnika va texnologiyalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ularni O‘zbekistonga ham eksport qilmoqdamiz. Ko‘rgazmalar O‘zbekistonning turli hududlaridan, shuningdek, ko‘plab mamlakatlardan kelgan ishbilarmonlar bilan o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish yuzasidan samarali muzokaralar olib borish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining mahsulotlari ekspozitsiyalarda keng o‘rin egallagan. Salqin ichimliklar, oziq-ovqat mahsulotlari va ularning qo‘shimchalarini ishlab chiqaradigan «Choco Soft», «Ardent Food», «Glory Food», «Chococream», «Feendo Ideal», «Mehnat Group» korxonalari shular jumlasidandir. Ular vafli, pechenye, shokolad, konfet kabi keng turdagi qandolat mahsulotlarini, yog‘-moy mahsulotlarini namoyish etmoqda. Navoiy mashinasozlik zavodi, «United Food Machinery», «Viniks», «OSC» kabi korxonalar stendlarida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda saqlash uskunalari taqdim qilingan. «Sahovat Broiler», «Toshkent Parranda», «Sharq Bahodiri», «Cho'ponota Parranda» kabi korxonalar parranda go‘shti va tuxum mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

– 2003-yilda tashkil etilgan korxonamiz ilg‘or texnologiyalar asosida qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, – deydi «Class Food Servis» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Fayzulla Rahmatullayev (Toshkent viloyati). – Korxonamiz tomonidan tayyorlanayotgan o‘ttizdan ortiq turdagi lazzatli shirinliklar mamlakatimizdagi barcha xonadonlarga kirib borayotganidan xursandmiz. Ular MDH davlatlariga ham eksport qilinmoqda. Muassasamizda mehnat qilayotgan yuzga yaqin ishchining sakson foizini kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar tashkil qiladi. Dunyoning turli davlatlarida, shuningdek, mamlakatimizda o‘tkaziladigan sohaga oid xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etib, hamkorlarimiz safini kengaytirmoqdamiz. O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan keng imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, mahsulotlar turini ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va shu orqali xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shish niyatidamiz.

Xalqaro ko‘rgazmalarda Qozog‘istonning «Favorit Texno» kompaniyasi qadoqlash, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish texnologiyalari, Rossiyaning «Nevskiy Konditer», «Sigma Xolding» kompaniyalari yog‘-moy va qandolat mahsulotlari, Niderlandiyaning «Dutch Poultry Technology» hamda Litvaning «Kauno Grudai» kompaniyalari parrandachilik mahsulotlari va parrandachilikda qo‘llaniladigan uskunalarni ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, Turkiyaning «Alpler Ziraat Aletleri» kompaniyasi tuproqni qayta ishlash texnikalarini namoyish etmoqda. Shri-Lanka Choy kengashi ekspozitsiyasi ham ko‘rgazma ishtirokchilarining e’tiborini tortmoqda.

– Kompaniyamiz chorva mollari va parrandalar uchun mo‘ljallangan turli xildagi premikslar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, – deydi «Agrobalt Treyd» kompaniyalar guruhining parrandachilik bo‘yicha mutaxassisi Aleksandr Shevsov (Rossiya). – Mazkur xalqaro ko‘rgazmalarda birinchi marta ishtirok etishimizga qaramay, mamlakatingizda mahsulotlarimizning ko‘plab xaridorlari mavjudligidan, ular bilan savdo aloqalarimiz izchil rivojlanayotganidan xursandmiz. O‘zbekistonda biznes yuritish uchun katta imkoniyatlar yaratilgan. Ko‘rgazmalar doirasida mamlakatingiz firma va kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatishni maqsad qilganmiz.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fermerlari kengashi ko‘magida Fermerlar kuni o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar fermerlar bilan ochiq muloqot qilish, tajriba almashish, fermerlikni rivojlantirishga oid loyihalar, sohaga doir yangi texnika va texnologiyalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Ushbu ko‘rgazmalar mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari xizmatlarini xalqaro bozorlarga taklif etish, xorijiy davlatlar ishbilarmonlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirish, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish, investitsiyalar jalb etish, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladi.

UzA