Asosiy menu

Har gektardan 100 sentnerdan hosil olindi


G‘alla – 2019

Farg‘ona viloyatida ham g‘alla o‘rim-yig‘imi qizg‘in va uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Zahmatli mehnat evaziga yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib olish esa muhim vazifa sanaladi. Mavsumni qisqa fursatlarda, sifatli o‘tkazish uchun otryadlar tuzilib, har bir guruhga tegishli sohalar mutaxassislari jalb etilgan.

Joriy yil viloyatda 107 ming 700 gektar maydonda g‘alla yetishtirildi. O‘rim-yig‘imda 318 ta kombayn, 1700 dan ziyod tashuv texnikasi, 365 ta ko‘chma ta’mirlash ustaxonasi, 176 ta yonilg‘i-moylash materiallari yetkazib beruvchi transport vositalaridan samarali foydalanib, ularning bir maromda ishlashi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Shuningdek, ishchi-mexanizatorlarning vaqtida dam olishi va ovqatlanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Yozyovon tumanida g‘alla o‘rimi uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Tumanda g‘alla maydoni 6 ming 947 gektar bo‘lib, o‘rim-yig‘im ishlariga 18 ta zamonaviy kombayn jalb etilgan. Kuniga 1000 tonnadan don yig‘ib olinmoqda. Ayni kunlarda ilg‘or xo‘jaliklar rejani ortig‘i bilan uddaladi.
Tumandagi «Zulfizar» fermer xo‘jaligining 64 gektarlik g‘alla dalasidan 220 tonna don yig‘ib olinib, shartnoma rejasi ortig‘i bilan bajarildi. Hosildorlik oshib, har bir gektaridan 100 sentnerni tashkil qildi.

– Yerga mehr berib ishlagan uning rohatini ham ko‘radi, -deydi Maxsudjon Yoqubov. –Ilgarilari shu yerlardan 30 sentnerdan hosil olardik xolos. Qilingan agrotexnik tadbirlar o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatdi. Hali o‘rilmagan g‘alla maydonimiz ham bor, ortiqcha donni 20 nafar ishchimizga bo‘lib berishni mo‘ljallab turibmiz. Mo‘l hosil yetishtirishda ularning mehnati katta bo‘ldi. Xirmon donga to‘lib, yuzimiz yorug‘ bo‘lganidan xursandmiz.


O‘zA