Asosiy menu

Surxondaryo gʻallakorlarining gʻalabasi

Surxondaryo viloyati gʻallakorlari mamlakatimizda birinchi boʻlib davlatga gʻalla topshirish rejasini bajardi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Viloyatning davlatga don sotish rejasi 266,2 ming tonnani tashkil etib, amalda 100 foizdan oshirib bajarildi. Xususan, Angor tumani 142, Jarqoʻrgʻon, Muzrobod, Termiz va Sariosiyo tumanlari – 107-110 foiz, Boysun, Qiziriq va Sherobod tumanlari – 101-103 foizlik koʻrsatkichga erishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-sentyabrdagi «2019-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va boshoqli don yetishtirishning prognoz hajmlari toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida hududda joriy yil hosili uchun 93 ming gektar sugʻoriladigan va 4,2 ming gektar lalmi maydonlarda kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish ishlari amalga oshirildi. Sugʻoriladigan maydonlarda tizimli ravishda «zang» kasalligi, zararkunandalar va begona oʻtlarga qarshi profilaktik kimyoviy ishlovlar oʻtkazildi. Bunday ishlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishda omilkor dehqon va fermerlar katta jonbozlik koʻrsatdi.

Ayni paytda viloyatdagi gʻalla dalalarida oʻrim ishlari qizgʻin davom etmoqda.


OʻzA