Asosiy menu

Qishloq xoʻjaligi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i


Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish mamlakat aholisining 60 foizidan ortiq qismi yashayotgan qishloqlarning farovonlik darajasini yuksaltirishda muhim omil boʻlmoqda.

Shu munosabat bilan soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini boshqarish tizimida institutsional islohotlar amalga oshirildi, paxta xom ashyosi va boshoqli don mahsulotlarining davlat tomonidan kafolatlangan xarid narxlarini sezilarli darajada koʻpaytirish hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy barqarorligi oshirildi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster modeli keng joriy etilmoqda, natijada oxirgi yillarda paxta-toʻqimachilik klasterlariga ajratilgan yer maydonlari hajmi mazkur ekin turi uchun ajratilgan qishloq xoʻjaligi yerlarining 52 foizini tashkil etdi.

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashda samarali bozor mexanizmlarining mavjud emasligi tarmoqning raqobatbardoshligini oshirish imkonini bermayapti.

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan boshqarishning yaxlit tizimini shakllantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini davlat tomonidan xarid qilishning bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:

birinchi navbatda qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, qishloq xoʻjaligi subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarda bozor tamoyillarini joriy etish, ilgʻor tajriba va fan yutuqlarini, zamonaviy resurs tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotishda zamonaviy kooperatsiya munosabatlarini kengaytirish orqali qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining qoʻshilgan qiymati zanjiri yaratilishini ragʻbatlantirish;

agrobiznesning klaster modelini keng joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish, klasterlash jarayonining tashkiliy-huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida klasterlarni tashkil etish va rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;

agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida moliyalashtirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining moliyaviy barqarorligi, hosildorligi past yerlar unumdorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini oshirishga koʻmaklashadiganqishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish;

keng koʻlamli zamonaviy moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish va sifatli qishloq xoʻjaligi texnikasidan foydalanish imkoniyatini oshirish orqali qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni ragʻbatlantirish;

qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlarini tayyorlash, foydalanish va eksport qilishning zamonaviy tizimini shakllantirish, mahalliy va xorijiy seleksiya navlari, shu jumladan, biotexnologik navlarning birlamchi urugʻchiligini tashkil etish va rivojlantirish;

oʻsimliklarni himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, zararkunandalar va begona oʻtlarga qarshi kurashish, agrokimyoviy xizmat koʻrsatish va tuproqni muhofaza qilish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

taʼlim, fan va qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishning tizimli asosda uzviy integratsiyalashuvini, qishloq xoʻjaligi tarmoqlarining yuqori malakali soha mutaxassislariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holdakadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlash.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi va uning ilmiy-tadqiqot muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi etib qayta tashkil etilgan holda;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash davlat markazi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi etib qayta tashkil etilgan holda;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi va uning boʻlinmalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etilgan holda;

Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallari amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda Vazirlik ixtiyoriga oʻtkazilsin.

3. Belgilansinki:

Vazirlik tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarining bio va nanotexnologiyalar, qishloq xoʻjaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish va joriy etish boʻyicha faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi;

qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi sohasida mehnat va moddiy-texnik resurslar sarfi meʼyorlarini ishlab chiqish va yangilash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.

4. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va «Oʻzagrokimyohimoya» AJ bilan birgalikda bir oy muddatda qishloq xoʻjaligiga agrokimyoviy xizmat koʻrsatish va oʻsimliklar himoyasini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin, bunda Vazirlik huzurida quyidagi vazifalarni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan xizmat tashkil etilishi nazarda tutilsin:

qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy va biologik vositalar bilan taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha profilaktik va integratsiyalashtirilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida tashkil etish;

mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, ekin maydonlarida, tomorqa yerlarda, issiqxona xoʻjaliklarida fitosanitariya holati ustidan doimiy kuzatuv va nazorat olib borish, qishloq xoʻjaligi ekinlari zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlar rivojlanishi va tarqalishini prognoz qilish;

oʻsimliklarni himoya qilish kimyoviy vositalarini tashish, saqlash, sotish va qoʻllash, qishloq xoʻjaligi uchun mineral oʻgʻitlarni agrokimyo xaritanomalari asosida tuproqning ozuqa moddalari bilan taʼminlanganligini hisobga olib, tabaqalashtirilgan holda yetkazib berish boʻyicha belgilangan qoidalarga rioya etilishi ustidan nazorat qilish.

5. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda uch oy muddatda ishlab chiqilayotgan «Aqlli qishloq xoʻjaligi» konsepsiyasi doirasida qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish sohasini moliyalashtirish loyihalari va manbalari boʻyicha takliflar kiritsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki:

Vazirlik ixtiyoriga oʻtkaziladigan tashkilotlar tegishli tashkilotlarning huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalar boʻyicha huquqiy vorislari hisoblanadi;

limon va grek yongʻogʻi ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar, kartoshka ishlab chiqaruvchilar uyushmalari rahbarlari taʼsischilar umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri taqdimnomasiga koʻra Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan, vaqtincha boʻsh turgan byudjetdan tashqari mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan, xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qishloq xoʻjaligi boshqarmalari va tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xoʻjaligi boʻlimlari faoliyatini moliyalashtirish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish (ish haqi, mukofot pullari, ustamalar va boshqa pul mukofotlarini toʻlash) manbalari hisoblanadi.

7. Vazirlik, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda uch oy muddatda don mahsulotlari narxlarini tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflarni;

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda xalqaro (xorijiy) moliya institutlari va maslahatchilarni jalb etgan holda bir oy muddatda xorijiy tajriba va joylardagi haqiqiy ahvolni chuqur tahlil qilish asosida aniq moliyaviy manbalarni va mexanizmlarni koʻrsatgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019-2021 yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun foydalanilmayotgan yer maydonlarini oʻzlashtirish konsepsiyasi loyihasini kiritsin:

zamonaviy irrigatsiya va melioratsiya texnologiyalari hamda yerlarni sugʻorish usullarini keng joriy etish;

toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida faol jalb etish;

Konsepsiyani amalga oshirishda ishtirok etuvchi tadbirkorlik subyektlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash.

8. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi «Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–5418-son Farmonining 2- va 8-bandlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 apreldagi «Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ–3671-son qarorining 1- va 2-bandlari.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini takomillashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini tashkil etish;

Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Urugʻchilikni rivojlantirish markazi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini kiritsin.

10. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                                                             Sh.MIRZIYOYEV


Toshkent shahri,

2019 yil 17 aprel


O'zA