Asosiy menu

Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikka oid “yoʻl xarita”lari ijrosi koʻrib chiqildi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni Germaniya, Fransiya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, qabul qilingan «yoʻl xarita»larini soʻzsiz ijro etish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.

Investitsiya – iqtisodiy taraqqiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Shu bois bu masala davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. 2019 yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb eʼlon qilindi. Bu sohadagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi.

Yigʻilishda mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etib, ular asosida biznesni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilayotgani, lekin bular hali yetarli emasligi taʼkidlandi. 


– Investitsiya bilan shugʻullanuvchi kadrlar yetishmaydi. Investorlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, mavjud infratuzilmani rivojlantirish zarur. Shu bois bu soha boʻyicha hali yana koʻp ishlashimiz, izlanishimiz kerak. Tashqaridan investitsiya kirmasa, mamlakat rivojlanmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Keyingi yillarda Oʻzbekistonning yetakchi xorijiy davlatlar bilan aloqalari jadal rivojlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Siyosiy muloqotlar va delegatsiyalar almashuvi faollashyapti. 

Davlatimiz rahbarining xorijiy mamlakatlarga tashriflari davomida oʻzaro hamkorlik va sheriklik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilgani, Oʻzbekiston bilan Germaniya, Fransiya, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida umumiy qiymati 14 milliard AQSH dollardan ortiq boʻlgan manfaatli shartnoma va kelishuvlar imzolangani qayd etildi.

Jumladan, Fransiya va Germaniya kabi nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki jahonning yetakchi davlatlari Oʻzbekistonning ishonchli va istiqbolli sheriklaridan boʻlib, tashriflar oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. 

Ushbu mamlakatlardan avvalo, zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar, ilgʻor tajriba va boshqaruv menejmentini yurtimizga jalb etish eng ustuvor vazifadir.

Investitsiyaviy loyihalar boʻyicha bitim va kelishuvlarning bajarish muddati, masʼul idoralar va shaxslar «yoʻl xarita»larida aniq koʻrsatilgan.

Davlatimiz rahbari xalqimiz farovonligiga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarni oʻz vaqtida va toʻliq bajarish zarurligini taʼkidladi. 

Shu maqsadda Germaniya bilan tuzilgan Investitsiya va texnologiyalar boʻyicha qoʻshma qoʻmitaning ishchi guruhi «Yoʻl xaritasi»dagi loyihalar monitoringi va soʻzsiz amalga oshirilishiga javob beradi. Shunday tizimli ishni boshqa davlatlar bilan ham tatbiq qilish kerakligi qayd etildi. 

Prezidentimiz oʻtgan yili oktyabr oyida Nyu-Dehlida va shu yil yanvar oyida Gujaratda Hindiston Bosh vaziri Modi bilan uchrashib, ushbu tashriflar natijasida salkam 3,5 milliard dollarga teng investitsiyaviy loyihalar va savdo bitimlarini amalga oshirishga kelishib olingan edi. Ushbu bitimlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, innovatsiya, qishloq xoʻjaligi, agroklasterlar, taʼlim kabi sohalarga tegishlidir. 

Andijonda farmatsevtika sohasi boʻyicha birinchi qoʻshma erkin iqtisodiy zonasi va Sharda universiteti, Toshkentda texnopark va Amiti universitetining ochilishi, zamonaviy tibbiyot klinikalari qurilishi va shu kabi qator loyihalar toʻliq ijro etilishi zarurligi qayd etildi. 

Arab-musulmon dunyosida katta nufuzga va ulkan salohiyatga ega Birlashgan Arab Amirliklari bilan ham ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni davlatlarimiz imkoniyatlariga mos darajaga koʻtarish yoʻlida izchil qadamlar tashlanmoqda. Keyingi paytlarda ushbu mamlakat bilan delegatsiyalar almashuvi faollashib, loyihalar boʻyicha jadal tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Yigʻilishda BAAning moliyalashtirish imkoniyatlari va investitsiyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish xususida ham soʻz yuritildi. 

«Yoʻl xarita»laridagi har bir loyiha sifatli va oʻz muddatida bajarilishiga erishish, muammoli loyihalar boʻyicha yangi hamkorlarni izlab topishga asosiy eʼtibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Yigʻilishda xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirishga qaratilgan bu kabi qatʼiy saʼy-harakatlar mamlakatimizning barqaror taraqqiyotiga va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Xorijiy investitsiyalar boʻyicha erishilgan kelishuvlarning ijrosi yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi. 

UzA