Asosiy menu

Ekologik xayriya hashari boshlandi

Bugun, 26 yanvar kuni erta tongdan kompaniya va tizim korxonalarida umumxalq ekologik xayriya hashari boshlandi.

Hashardan tushgan mablag‘lar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya o‘rmonlari tashkil etish, mintaqada ekologik holatni va aholining yashash sharoitini yaxshilash, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish ishlariga sarflanadi.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish e’tiborimiz markazida turishi zarurligi xususida alohida to‘xtalib o‘tgan edi.

Yurtimiz bo‘ylab boshlangan umumxalq ekologik xayriya hashari Orolbo‘yidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslar va sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash, mintaqadagi ekoholatni va aholining yashash sharoitlarni yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Mazkur ekologik xayriya hashari «Yurtimizni yanada obod qilaylik!» shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Respublikamiz don korxonalarining faol ishtirok etayotgan umumxalq xayriya hashari davomida don saqlash omborlari va hududlari, elevator va tegirmonlar, omixta yem sexlari, bino va inshoatlar atrof-muhitini tozalash, sanitarik holatlarini yaxshilash, chiqindilarni olib chiqish, korxonalar hududidagi ariqlar, ko‘cha va yo‘laklarni hamda maydonlarni tartibga keltirish bo‘yicha ekologik aksiyalar tashkil etilgan.

Azal-azaldan ezgu va go‘zal qadriyatlarini, orzu intilishlarini o‘zida mujassam etgan hasharlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xalqimizning ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirish, ularni ona tabiat va uning ne’matlariga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga keng jamoatchilikni jalb qilish, ozodalik va obodlik kabi milliy an’analarimizni xalqimiz ongiga singdirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, uzluksiz ekologik ta’lim-tarbiya tizimiga ko‘maklashish, qolaversa, yurtimiz ozodaligi va obodligiga hissa qo‘shishdan iborat.

Tizim korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni ekologik madaniyatini yuksaltirish, har bir insonda tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish lozimligiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.